Sochida bo’lib o’tadigan qishki olimpiya o’yinlari xavfsizligini ta’minlash yuzasidan AQSh Rossiyaga yordam taklif qilmoqda. Sport musobaqasi doirasidagi bu hamkorlik ikki mamlakat o’rtasidagi munosabatlarning iliqlashuviga hissa qo’shishi mumkin.
Oq uy so’zlovchisi Jey Karnining aytishicha, prezident Obama Rossiya davlat rahbari Vladimir Putin bilan Olimpiadani xavfsiz o’tkazish masalasida fikr almashgan.
Oq uy so’zlovchisi Jey Karnining aytishicha, prezident Obama Rossiya davlat rahbari Vladimir Putin bilan Olimpiadani xavfsiz o’tkazish masalasida fikr almashgan.
“Rossiya bilan muloqot olib boryapmiz. Agar Rossiya xohish bildirsa, biz qo’limizdan kelgan barcha yordamni ko’rsatishga tayyormiz va ular bilan bu masalada birga ishlashda davom etamiz”, - dedi Oq uy rasmiysi.
Qora dengiz bo’yida joylashgan Sochi shahrida xavfsizlik choralarini kuchaytirish maqsadida Pentagon havo va dengiz orqali ko’mak ko’rsatishga tayyor. Ikki davlat rahbari telefonda suhbatlashgan.
Amerika universiteti professori Jeyms Goldgeyer deydiki, o’rtada tafovutlar bo’lishiga qaramay, Obama va Putin zarur hollarda til topisha oladi.
“Prezident Obama va prezident Putin o’rtasidagi munosabatni mustahkam deb bo’lmaydi. Ammo bu ishlash lozim bo’lganda, ular hamkorlik qila olmaydi, degani emas. Umumiy manfaatlar haqida gap ketganda, ular birga ishlashga tayyor”, - deydi tahlilchi.
Sochida kamida uchta ehtimoliy ayol xudkushchi qidirilmoqda. Ulardan biri Volgogradda sodir etilgan portlashlar uchun mas’uliyatni bo’yniga olgan islomiy jangari guruh a’zosi ekani aytilmoqda.
AQSh Davlat departamenti Sochi olimpiadasiga borayotgan amerikaliklarni ehtiyot bo’lishga chaqiruvchi ogohlantirish e’lon qildi.
Jey Karnining bildirishicha, AQSh ko’rayotgan ehtiyot choralari bunday katta tadbir uchun favqulodda holat emas.
“Bunday tadbir oldidan unga aloqador xavflar aniqlangani haqida ma’lumotlar bor. Shu bois zarur ehtiyot choralarini ko’ryapmiz. Ammo bu g’ayrioddiy holat emas”, - dedi u.
AQSh harbiy kemalarining Qora dengizga kelishi Rossiya tomonidan xush qabul qilinmasa ham, qishki o’yinlarda terror xurujlari sodir etilishining oldini olishdan Vashington ham manfaatdor ekanini ko’rsatadi, deydi Jeyms Goldgeyer.
“Bu ish ziddiyat keltirib chiqaradimi y’oqmi, aytish qiyin. AQShda xavflarni Rossiya bir o’zi bartaraf eta olmaydi, degan xavotir bo’lishi mumkin. Shuning uchun Vashington o’z odamlarining xavfsizligini ta’minlash maqsadida qo’lidan kelgan barcha choralarni ko’radi”, - deydi tahlilchi.
Suriya mojarosi hamda AQSh maxfiy hujjatlarini ommaga oshor qilgan Edvard Snouden taqdiri yuzasidan ikki davlat kelisha olmasa ham, ko’pchilik Olimpiada aloqalarni iliqlashtiradi, degan umidda.