Moskvaga qarshi jazo choralarini davom ettirish haqida Yevropa ittifoqining o’tgan hafta qabul qilgan qarori Rossiyada norozilik bilan kutib olindi. Prezident matbuot kotibi Dmitriy Peskov bu choraning halokatli bo’lishi haqida ogohlantirdi. Unga ko’ra, Rossiya milliy manfaatlaridan kelib chiqqan holda bunga o’z javobini beradi.
Rossiya Prezidenti Vladimir Putin xavfsizlik bo’yicha yetakchi hukumat rasmiylari bilan o’tkazgan uchrashuvida G’arbni buzg’unchilikda ayblab, Rossiya yanada kuchli bo’lishi kerak, dedi.
“Vaziyat yaxshilanadi, - dedi Putin Federal Xavfsizlik Xizmati rasmiylariga qarata. – Bu bizning bo’yin egishimiz yoki ularning shartlariga ko’nishimiz orqali emas, balki yanada kuchliroq bo’lishimiz natijasida amalga oshadi”.
Putinga ko’ra, Rossiyaning mustaqil siyosati, Ukrainadagi yordamga muhtoj aholiga ko’mak ko’rsatgani G’arbga yoqmagan va shuning uchun ular Rossiyaga bosim o'tkazishga urinmoqda.
Rossiya Qrimni egallab olgandan beri Moskvaning G’arb bilan aloqalari keskin yomonlashgan.
Kuni kecha AQSh Senatining Tashqi aloqalar qo’mitasida o’tgan yig’inda ham shu haqda so’z bordi.
Senator Jeyms Rish Rossiya bosqinini qaytarish uchun AQSh Ukraina hukumatini harbiy qurollar bilan ta’minlashi kerak, degan fikrda.
AQSh Ukrainaga beradigan qurollar sifati va sonini oshirish isyonchilar yoki Rossiya bilan olib boriladigan muzokaralarda Kiyevning ko’proq ta’sir kuchiga ega bo’lishiga hissa qo’shadi, deydi senator Rish “Amerika ovozi” bilan suhbatda.
“Ukrainaliklar Rossiyani harbiy yo’l bilan yenga olmaydi, - deydi u. – Bunga shak-shubha yo’q”.
Respublikachi senatorga ko’ra, Ukrainada mojaro barham topishining uch yo’li bor: Birinchisi, harbiy jihatdan bir tomonnning mag’lub bo’lishi; ikkinchisi, Rossiyaning mojarodan ko’ngli qolib, sharqiy Ukrainani tark etishi; uchinchisi esa, kelishuvga erishish orqali. Rishning aytishicha, dastlabki ikki yo’lning amalga oshishi dargumon bo’lib, uchinchi variantga e’tibor qaratish kerak.
“Ukraina xalqi mustaqil bo’lishni, o’z erkinligini saqlab qolishni istaydi, - deydi senator Rish. – Biz amerikaliklar doim ozodlik istagan odamlarga yordam berib kelganmiz. Ukrainaga qurol berishda shu tamoyil asosida harakat qilish kerak”.
Moskvaning agressiv siyosatini to’xtatish uchun esa iqtisodiy jazo choralari eng yaxshi yo’l, deydi u.
“Rossiyaning iqtisodiyoti katta. Farovon hayot kechirishni istovchi rossiyaliklarga bu sanksiyalarning ta’siri bo’ladi, - deydi aydaholik senator. – Rossiya ham, AQSh ham harbiy to’qnashuv bo’lishidan manfaatdor emas. Buning yaxshi emasligini, oqibati yomon bo’lishini hammamiz yaxshi bilamiz”.