Qo'shma Shtatlar Rossiya bilan Yevropada oddiy qurollanishga doir ma'lumot ulashishni to'xtatdi. AQSh rasmiylari Rossiya bu to'g'risidagi bitim shartlariga amal qilmayotganini sabab qilib ko'rsatmoqda.
Rossiya to'rt yil avval oddiy qurollari joylashuvi haqidagi ma'lumotni AQSh bilan o'rtoqlashishni to'xtatgach, Qo'shma Shtatlar ham bitim shartlarini bajarishni ortiq o'ziga ep ko'rmayapti. Ya'ni shu haftadan boshlab, AQSh Yevropadagi qurollari joylashuviga doir ma'lumotni Rossiyaga uzatishni hamda bu davlat inspektorlarini o'z bazalariga kiritishni bas qiladi.
Ammo, deydi Amerika rasmiylari, qurollar miqdori bitimda ko'rsatilganidan oshirilmaydi. Rossiyaning Sovuq urush davrida qabul qilingan shartnomani yangilashiga va unga rioya qilishga kirishishiga umid qilamiz, deydi ular.
1990-yilda imzolangan hujjat NATO va sobiq Varshava Shartnomasiga a'zo davlatlarning Ural tog'laridan g'arbiy tomoniga tank, samolyot va boshqa yadroviy bo'lmagan vositalarni joylashtirishini cheklaydi.
Imzo chekkan 30 mamlakat 1999-yilda shartnomani yangilagan.
Ammo NATOga a'zo davlatlar Rossiya Gruziyaning Abxaziya va Janubiy Osetiya respublikalari hamda Moldovaning Pridnestrovye mintaqasidan qo'shinlarini olib chiqmaguncha uni ratifikatsiya qilmoqchi emas.
2007-yil oxiriga borib Rossiya inspektorlarni o'z bazalariga qo'yishni va qurollarga doir axborot uzatishni to'xtatdi.
AQSh Davlat departamenti matbuot kotibi Viktoriya Nulendning aytishicha, shu bois Qo'shma Shtatlar javob chorasini ko'rishga majbur bo'ldi.
"Rossiyani muzokara stoliga qaytarishga ko'p urindik. Chunki bu bitimni muhim deb bilamiz. Barchani qo'shimcha xavfsizlik bilan ta'minlaydi. Ammo harakatlarimiz zoye ketganini ko'rib, Rossiya bilan ortiq ma'lumot almashinmaslikka qaror qildik", - deydi Nulend.
Uning aytishicha, NATOga a'zo davlatlar ham AQSh kabi Moskva bilan hamkorlikka chek qo'yishi mumkin. Bitimni imzolagan boshqa mamlakatlar bilan bu amaliyot to'xtatilmaydi, deydi Davlat departamenti rasmiysi.
Vashingtondagi Xeritij jamg'armasi tahlil markazida Rossiya bo'yicha ekspert Ariel Koenning aytishicha, Obama ma'muriyati 2009-yilda Rossiya bilan aloqalar yangilandi, deya bong urganiga qaramay tomonlar qator masalalar bo'yicha kelisha olmayapti.
Davlat departamenti vakili Viktoriya Nulend ikki tomonlama munosabatlarga darz ketgan degan gaplarga qo'shilmaydi. Muammolarning hammasini ham hal etib bo'lmaydi, deydi u.
"2009-yildan beri ayrim qiyin masalalar bo'yicha kelishishga muvaffaq bo'ldik. Masalan, Strategik qurollarni qisqartirish haqidagi bitim yangilandi, Afg'oniston bo'yicha hamkorlik kuchaydi, Eron masalasida ham olg'a siljish bor. Bundan tashqari, ikki davlat ochiqroq, samimiyroq muloqot qilish imkoniga ega bo'ldi. Qator qiyinchiliklar va kelishmovchiliklarga qaramay", - deydi rasmiy.
Viktoriya Nulend Davlat departamentida matbuot kotibi lavozimiga tayinlanmasidan oldin Yevropada oddiy qurollanishga doir bitim bo'yicha muzokaralarda faol ishtirok etgan. Uning aytishicha, Qo'shma Shtatlar 2007-yildan beri rasmiy Moskvani ikki bor bitimga qaytarishga harakat qildi, biroq, deydi u, hozir ham kech emas va Rossiya javob qadamini qo'yishi kerak.