EksonMobil kompaniyasi rahbari Reks Tillersonning Donald Tramp tomonidan davlat kotibi lavozimiga tavsiya etilgani turlicha qabul qilinmoqda. Tillersonning Rossiya bilan yaqin aloqalari xavotirlarga sabab bo'lmoqda.
Tramp neft kompaniyasi boshqaruvchisini davlat kotibi bo'lish uchun "eng yaxshi tanlov" deb atadi. Boy tajribasi va geosiyosatni chuqur tushunishi bilan u bu lavozimga loyiq, dedi bo'lajak prezident.
"Ajoyib boshqaruvchilik tajribasiga ega. Bu foydali, lekin unda siyosatga oid tajriba yo'q", - deydi sobiq diplomat Barbara Bodin.
Neft ishlab chiqaruvchi 13 mamlakatni birlashtirgan OPEK tashkiloti rahbari Muhammad Barkindo Trampning tanlovini olqishladi.
"Neft, geosiyosat va diplomatiya bir-biriga bog'liq", - dedi u.
Senat qarshiligiga duch kelganda, nomzod masalaning shu jihatlariga e'tibor qaratishi mumkin.
"Tillersonning Putin va Rossiya bilan uzoq muddat yaqin bo'lgani hamda Amerika manfaatlarini himoya qilish bo'yicha diplomatik talablarni olg'a surish o'rtasida ziddiyat mavjudligi haqida nomzodni savolga tutayotgan respublikachilar va demokratlar ko'p. Neft va gaz kompaniyasini boshqarishda olinadigan tajribada manfaat va maqsadlar farqli bo'ladi", - deydi senator Kris Kuns.
Tillerson Rossiyaga qo'yilgan sanksiyalarni tanqid qilgan.
"Tillerson Rossiyaga jazo choralarini yengillatishga urinadi", - deydi tadqiqotchi Jeyms Goldgeyer.
Rossiyaning AQShdagi prezident saylovlariga aralashgani haqida ayblovlar yangramoqda. Qonunchilar, shuningdek, Moskvaning Ukraina va Suriyadagi harbiy amaliyotlarda qatnashayotganidan xavotirda.
"Rossiya bilan aloqalar iliqlashsa va bu shaxsiy manfaatlarga asoslangan degan gap-so'z chiqsa, AQSh uchun muammolar tug'iladi",- deydi Goldgeyer.
Davlat departamentidagi diplomatlar rahbariyat o'zgarsa ham hozirgi ish o'rinlarini boy berish niyatida emas.
"Yangi davlat kotibi ularni professionallar sifatida ko'rib, ularning tajribasiga tayanishini xohlashadi. Hech kim kemani tark etishni istamayapti", - deydi Bodin.
Amaldagi Davlat kotibi Jon Kerri Tillersonni nomzodi ko'rsatilgani bilan tabriklab, Davlat departamentida rahbar alamshinuviga to'liq yordam berishini aytgan.