Breaking News

AQSh-Rossiya ziddiyati Suriya urushini murakkablashtiryapti


Amerika bosh diplomati Jon Kerri Kremlda Prezident Vladimir Putin, Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bilan muzokarada. 24-mart, 2016-yil.
Amerika bosh diplomati Jon Kerri Kremlda Prezident Vladimir Putin, Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bilan muzokarada. 24-mart, 2016-yil.

Rossiya qo'llab-quvvatlagan Suriya qo'shinlari Palmira shahrini ozod etganidan bir oy o'tib Rossiyaning mashhur orkestri shaharda konsert berdi. Mariinskiy simfonik orkestri "Islomiy davlat" odamlarni qatl etgan joyda Prokofyev va Bax musiqasini ijro etdi.

Suriya urushi naqadar murakkab ekanini shundan ko'rsa bo'ladi. Rossiya ham, AQSh ham "Islomiy davlat"ga qarshi kurashmoqda. Ammo Moskva Suriya hukumatini qo'llaydi, Vashington esa hukumat hamda jihodchilarga qarshi kurashayotgan isyonchilarni.

Amerika uchun Palmiradagi konsert dushman - "Islomiy davlat" ustidan g'alabani nishonlash edi. Bu konsert, shuningdek, isyonchilar uchun ham g'alaba edi. Suriyada dushmanning dushmani har doim ham do'st bo'lavermaydi.

Mariinskiy teatri Palmirada konsert bermoqda
Mariinskiy teatri Palmirada konsert bermoqda

Boz ustiga, Vashington Saudiya Arabistoni bilan hamkorlik qilmoqda. Rossiya esa saudiyaliklar dushmani Eron bilan yakdil.

AQSh va Rossiya oldida mushtarak dushman bor - "Islomiy davlat", ammo hamkorlari bir-biriga qarshi. Ikki davlat havo makonidan birgalikda foydalanmoqda. Har ikki tarafda qat'iyroq harakatlarga da'vat etayotgan mutaxassis va siyosatchilar bor.

O'tgan hafta, Rossiya Amerika qo'llab-quvvatlagan isyonchilarga xavfli bombalar tashladi. Vashington darhol norozilik bildirdi. Bunga javoban Moskva AQSh isyonchilar hamda jihodchilar qaysi hududlarda joylashganiga oid aniq ma'lumot bermaganidan shikoyat qildi.

Taraflar qudratini oshirishga harakat qilar ekan, bir-biri bilan jangga kirishga shoshilmayapti. Amerika Prezidenti Barak Obama Assadga qarshi bevosita urishish jiddiy salbiy oqibatlarga olib keladi, deb bundan bosh tortgan.

"Oq uyning Suriya armiyasiga qarshi bevosita harbiy harakat olib bormaslik qarori ortida qator sabablar bor. Shu jumladan Rossiyaning javobi", - deydi mintaqashunos Jorjio Kafyero.

Rossiya Suriyada bosqinchidek, ammo haqiqiy jang qilish o'rniga qudratini namoyish qilishga shoshiladi, deydi Londondagi Kings kollejidan Andreas Krig.

"Rossiya hech qachon AQSh va umuman G'arb bilan bevosita ziddiyatga bormaydi", - deydi mutaxassis.

Dushmaning do'stlari

Misrlik jurnalist Xalifa Gaballaning aytishicha, Yaqin Sharqda sovuq urush davridagi atamalar yana eski ma'nosiga qaytyapti: AQSh siyosatidan norozi davlatlar Rossiya tarafiga og'moqda, yoki teskarisi.

Rossiya Eron bilan hamkorlikda mintaqa siyosatiga ko'proq aralashmoqda. Saudiya Arabistonining ittifoqchisi Amerika esa Yaqin Sharqdagi siyosiy jarayonlarga aralashmaslikni istaydi.

"Xalqaro o'zgarishlarni kuzatib turibmiz", - deydi Gaballa.

Rossiya habriy uchoqlari Suriyaning Hmeymim aviabazasida
Rossiya habriy uchoqlari Suriyaning Hmeymim aviabazasida

Ayni vaqtda AQShning Eron bilan yadroviy shartnoma imzolanganidan keyin boshlangan yangi aloqalari Saudiya Arabistonini xavotirga solmoqda. Riyod va Vashington Assad rejimiga qarshi, ammo Eron bilan rishtalar uzilmasligi uchun Vashington Assadga qarshi chiqolmaydi.

"Obama ma'muriyati va Saudiya rahbariyati o'rtasida Suriya inqirozi borasida jiddiy kelishmovchilik bor", - deydi Kafyero.

Maxfiy ma'lumotning tarqalishi

O'tgan hafta Davlat departamentining 51 xodimi imzolagan maktub matbuotga ma'lum bo'ldi.

Unda Obama ma'muriyati Assadga qarshi bevosita harbiy harakat boshlashga, "Islomiy davlat"ga qarshi amaliyotlarni cheklamaslikka da'vat etiladi.

Bundan xulosa qilish mumkinki, AQSh diplomatlari orasida Rossiyaga qarshi chiqishdan qo'rqmaslik kerak, deganlar ko'p.

​Ammo Berlindagi MOSECON xavfsizlik firmasidan Yan San-Pyer bu diolomatik o'yin bo'lishi mumkin, degan fikrda. Agar u yoki bu taraf Suriya urushi tinchlik muzokaralari bilan tugasin, desa murosaga bormay iloj yo'q, deydi mutaxassis.

Kongs kollejidan Krig esa Suriya urushi, hatto BMT vositachiligidagi tinchlik muzokaralari qayta boshlansa ham, yaqin orada tugamaydi, deydi.

"Mamlakat ichida milliy dialog yo'q. Davlat qurilishi, millat birdamligi haqida gapirmasa ham bo'ladi. Demak, hozirda faqat muammoni harbiy yo'l bilan hal qilish haqida gapirish mumkin", - deydi u.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG