Breaking News

AQShda ayrim konservativ guruhlar o'z shtatiga ega bo'lmoqchi



AQShda ayrim konservativ guruhlar o’z shtatiga ega bo’lmoqchi/Shohruh Hamro
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:12 0:00
Yuklab oling

AQShdek bepoyon o’lka bugun qizil va ko’k shtatlarga bo’linib qolgan, ya’ni respublikachilar va demokratlar. Saylovlar chog’ida buning ahamiyati katta.

Har ikki partiya tarafdorlaridan iborat shunday shtatlar borki, siyosiy qarashlar to’qnashuvi sabab aholining bir qismi undan ajralib chiqishni istaydi.

Merilend g’arbida joylashgan besh okrug aholisi odatda respublikachilarga ovoz beradi. Ular yaqinda G’arbiy Merilend Tashabbusi nomli bir harakat ostida birlashib, shtatdan ajralib chiqish rejasini e’lon qildi.

Merilendni demokrat gubernator boshqaradi, qonunchilik organida ham shu partiya a’zolari hukmron. Konservativ guruhlar bu liberal shtatda bizga joy yo’q deya shikoyat qilmoqda. Kolorado, Michigan va Kaliforniyada ham ana shunday manzaraga guvoh bo’lasiz.

Merilend bo’lginchilar harakati rahbari Skott Stirelvikning aytishicha, shtatda soliqlar oshib borayapti, atrof-muhit muhofazasiga doir cheklovlar qattiq, shuningdek, qurolga egalik qilish oson bo’lmay qoldi. Liberal ma’muriyat biz bilan hisoblashmay bilganini qilayapti, deydi u.

“Bizdek konservatorlar manfaatini kim himoya qiladi? Alohida shtat bo’lib ajralib chiqsak, biz uchun xizmat qiladigan bir hukumat tuzgan bo’lardik. Yagona yo’l shu”, - deydi Stirelvik.

Shahar va qishloqlari siyosiy jihatdan qutblashgan Kolorado shtatida ham xuddi shunday e’tirozlar quloqqa chalinadi. Konservativ faol va fermer Bob Bopray kuyinib deydiki, bugungi siyosatda kompromiss degan narsa qolmadi va ozchilikdagi guruhlar boshqalardan ajralibgina o’z huquqini ta’minlashi mumkin.

“Mafkuraviy bahslar shu zayl davom etaversa va biz istagan boshqaruv sistemasiga olib kelmasa, o’z yo’limizdan borganimiz ma’qul. Shtat aravasini o’zi tortsin, biz o’zimiznikini tortamiz”, - deydi fermer.

Bu tashabbuslar biror natija bermagan taqdirda ham, konservativ harakatga yangi energiya bag’ishlayapti, deydi Bopray. Koloradoda saylovchilar yaqinda ikki demokrat qonunchini lavozimdan chetlatdi. Ular qurol nazoratini kuchaytirishga chaqirgan edi.

AQSh konstitutsiyasi yangi shtatlar tuzishni taqiqlamaydi, lekin mahalliy qonunchilar va Kongressning ruxsati kerak. 1863-yilda G’arbiy Virjiniya Virjiniyadan ajralib chiqqan.

1959-yilda Gavayi va Alyaska ittifoqqa qo’shilganidan buyon AQSh xaritasi o’zgarmagan. Skott Stirelvik ta’biricha bugun mamlakat kartasini tubdan yangilab, yuzlab kichikroq shtatlar barpo etish vaqti yetgan.

“Har kim o’ziga hamfikr odamlar bilan ahil yashasa, aka-ukalar, qo’shnilar, birodarlar hozirgidek bir-biri bilan talashib yurmagan bo’lardi. Tashabbusni boshlaganimdan maqsad ham shu, hukumat bizni tinch qo’ysin”, - deydi bo’lginchi ruhdagi guruh rahbari.

Ekspertlar fikricha Kongress yangi shtatlar tuzishga ijozat berishi amri mahol, chunki siyosiy muvozanat buziladi.

“Adashgan Shtatlar” nomli kitob muallifi Maykl Trinklayn konservativ guruhlarga tarixdan saboq olishni maslahat beradi. Masalan, Puerto Rikoda 51-shtat bo’lamiz deb uzoq yillardan beri harakat qilib yurgan guruhlar bor, o’shalar bilan hamkorlik qilish kerak, deydi olim.

1950-yillarda liberal hudud hisoblangan Alyaska konservativ Gavayi bilan til biriktirib, har ikkalasi shtat maqomiga erishgan. Ittifoqda siyosiy muvozanat buzilmagan.

“Alyaska va Gavayi birgalikda harakat qilmaganida, na unisi va na bunisi maqsadga erishgan bo’lardi. Amerika siyosatida sizga doimo sherik kerak, azaldan shunday”, - deydi bu borada tadqiqotlar olib borgan Maykl Trinklayn.

O’tmishda yangi shtatlarni tuzishga urinishlar aksar hollarda mag’lubiyat bilan tugagan.

Merilenddan Skott Stirelvik bu deyarli amalga oshmaydigan vazifa ekanini bilaman deydi. Lekin unga o’xshagan chekka joylarda yashovchi konservatorlar bundan boshqa yo’l yo’q deb hisoblaydi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG