Breaking News

Partiya tarqoq, yagona lider kerak, deydi respublikachilar


AQShda noyabr oyida bo’lib o’tgan saylovlarda prezident Barak Obama ikkinchi muddatga saylangani raqib respublikachilar partiyasi uchun katta zarba bo’ldi. Partiya a’zolari 2016-yilgi saylovlarda kimni prezidentlikka nomzod etib ko’rsatish haqida o’ylanmoqda.

Ayrim respublikachilar fikricha, AQShning keyingi prezidenti Bushlar oilasining uchinchi a’zosi bo’lishi mumkin.

Gap Florida shtatining sobiq gubernatori Jeb Bush haqida ketmoqda. U otasi va akasining prezidentlik davrini ko’rgan, yaxshi siyosiy tajribaga ega, deydi undan 2008 va 2012-yillarda prezidentlik poygasida qatnashishni so’ragan partiyadoshlari. O’shanda bunday iltimoslarga rad javobini bergan Bush endi bu haqda o’ylab ko’rishni va’da bermoqda.

Yaqinda u immigratsiya sohasidagi islohotlarga bag’ishlangan kitob chiqardi.

Jeb Bush
Jeb Bush
“Immigratsiya muhim masala. Osiyolik amerikaliklar yoki ispan tilida so’zlaydiganlar uchun birlamchi emasdir, lekin muhimligi aniq. Agar ularning manfaatlarini o’ylamasangiz, ular sizni qo’llab-quvvatlamaydi,” – dedi yaqinda televideniyega bergan intervyusida Jeb Bush.

Agar u 2016-yilda prezidentlik uchun saylovlarda qatnashsa, avvalo, bir qator safdoshlari bilan bellashishiga to’g’ri keladi. Floridadan yosh senator Marko Rubio, Viskonsindan kongressmen Pol Rayan, Nyu-Jersi shtati gubernatori Kris Kristi va Luizinadan Bobbi Jindal Oq Uy sohibligiga ko’z tikayotgan taniqli respublikachilardan. Ular safiga Kentuki shtatidan senator Rend Pol va Texasdan senator Ted Kruz ham qo’shilishi mumkin.

Marko Rubio
Marko Rubio
Prezidentlikka kim da’vo qilmasin, eng asosiy muammo tarafdorlar sonini oshirish bo’ladi. Respublikachilarni qo’llab-quvvatlovchi saylovchilar toifasini, asosan, oq tanli, erkak va badavlat odamlar tashkil qiladi. Amerika aholisining ijtimoiy qatlami rang-baranglashib borar ekan, bunday toifadagi saylovchilar soni kamayib bormoqda.

O’tgan yilgi saylovlarda Obamaga imkoniyatni boy bergan Mitt Romni saylovchilarni o’ziga og’dirish masalasida muvaffaqiyatsiz ishlaganini tan oladi.

“Biz ozchilik ijtimoiy guruhlarga mansub odamlarni o’zimizga og’dirish masalasida yaxshiroq ishlashimiz lozim. Partiyamiz ular hayotini yaxshilashga xizmat qiladigan g’oyalarga ega ekanini tushuntirishimiz kerak”, - deydi Romni.

Respublikachilar tahlilchisi Skot Folkner partiya hozir yetakchi liderga ega emasligini aytadi. Demak, yoshroq siyosatchilar ham omadini sinab ko’rsa bo’ladi, deydi u.

“Respublikachilar partiyasi hozirda juda tarqoq. Yagona lider yo’q ekan, bir nechta nomzodning g’oyalarini ko’rib chiqib, eng yaxshisini tanlash imkoni bor”, - deydi tahlilchi.

Kris Kristi
Kris Kristi
O’ta konservativ a’zolar bilan mo’tadil fikrlaydiganlar orasida tafovutlar kuchli. Tarqoqlik partiya oldidagi eng katta muammo sanaladi. Agar yaqin orada bu muammo hal etilmasa, 2016-yilda ham respublikachilar yutqazadi, deydi Amerika tadbirkorlik instituti tadqiqotchisi Norm Ornsteyn:

“Partiya a’zolari orasida ichki tarqoqlik yanada chuqurlashmoqda, degan xavotirlar mavjud. Bu holda 2016-yilgi saylov ham boy berilishi hech gapmas”, - deydi u.

Kvinnipiak universiteti tadqiqotchisi Piter Braun esa respublikachilar imijini o’zgartirishi kerak deydi.

“Saylovchilarning 70 foizi respublikachilardan nozori. Demokratlardan norozilar esa 60 foiz. Har ikki partiya uchun bu tashvishlanarli ko’rsatkich. Lekin demokratlar ahvoli biroz yaxshiroq”, - deydi u.

Kuzatuvchilar fikricha, prezidentlikka da’vogar respublikachilar bu haqdagi so’nggi qarorni 2014-yilgi Kongress saylovlari bo’lib o’tgandan keyin e’lon qiladi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG