Breaking News

Amerika Olimpiada xavfsizligini ta’minlashda Rossiyaga yordamini taklif qilmoqda


AQSh Qora dengizga ikkita kema jo'natadi
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:24 0:00
Agar Sochi Olimpiadasida terror xuruji kabi favqulodda holatlar yuz bersa, AQSh o’z fuqarolarini tezda evakuatsiya qilishga tayyor, deydi AQSh Mudofaa vaziri Chak Xeygl. Pentagon, shuningdek, bunday falokatning oldini olishda Rossiyaga o’z yordamini taklif etgan.

Kreml Vashington taklifiga hali munosabat bildirgani yo’q. AQSh dengiz kuchlari ehtimoliy holatlar uchun Qora dengizga ikki harbiy kemasini jo’natishga shaylanmoqda.
Rossiyada yuz bergan so’nggi portlashlar Sochi Olimpiadasining xavflardan holi emasligini ko’rsatdi.

Pentagon Qora dengizga ikki kemasini jo’natish orqali Kremlga o’z yordamini taklif etdi. Ayni paytda portlovchi moslamalarni aniqlash va zararsizlantirishda o’z texnologiyasini baham ko’rmoqchi.

Rossiyaning bu takliflarni qabul qilish-qilmasligi hozircha ma’lum emas.

AQSh harbiylari terror xuruji yuz bergan holda minglab amerikaliklarni shahardan olib chiqishni rejalamoqda. Pentagon so’zlovchisi Jon Kirbi bu ma’lumotni tasdiqladi.

“Biz Qora dengizga jo’natmoqchi bo’lgan kemalar boshqa ko’plab kemalarimiz kabi turli imkoniyatlarga ega. Ularda vertolyotlar uchun uchib-qo’nish maydoni va tibbiy muolaja ko’rsatish markazi bor”, - deydi u.

Volgograddagi portlashlar va Sochida xudkushchi ayolning qidirilayotgani haqidagi xabarlar Vashingtonda xavfsizlikka oid muhokamani kuchaytirdi.

Strategik va xalqaro tadqiqotlar markazi tahlilchisi Xuan Zarate tahdid ko’lami jiddiy ekanini aytadi.

“Bular AQSh ko’p yuzlashadigan shunchaki quruq tahdidlar emas. Musobaqada ishtirok etadigan AQSh fuqarolari, homiylar va sportchilar nishonga olinayotgan haqiqiy terror xavfi bu”, - deydi u.

Rossiya xavflarni bir o’zi bartaraf eta olishini aytgan. Shu bois AQSh hukumati o’z harakatlari bilan Kremlni norozi qilmaslikka urinmoqda. Ammo tahlilchilar fikricha, Rossiyaning ilgari Olimpiada mezboni bo’lgan boshqa davlatlar bilan olib borilgan hamkorlik darajasida ishlashni istamayotgani Vashingtonni bezovta qilmoqda.

“Rossiyaning tahdid va xavfsizlik yuzasidan xavotirlari oshib boryapti. Shuning uchun u AQSh va boshqa xavfsizlik xizmatlarining mamlakatga oyoq qo’yishini istamayapti”, - deydi Zarate.

AQSh rasmiylari o’z xavotirlarini oshkora e’lon qildi va ehtimoliy fojea uchun tayyorgarlikni boshlab yubordi.

Rejaga ko’ra, terror xuruji sodir bo’lsa, yaralangan sportchilar va boshqa AQSh fuqarolarini evakuatsiya qilish uchun Sochiga yaqin hududga maxsus kemalar va samolyotlar joylashtiriladi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG