Breaking News

Amerikada bolalar aniq fanlardan orqada


Amerika bolalari aniq fanlardan orqada
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:48 0:00

Amerika bolalari aniq fanlardan orqada

Oq uyning xavotir bildirishicha, agar ko’proq amerikalik o’quvchilar matematika va aniq fanlarni o’rganmasa, AQSh Xitoy, Hindiston kabi davlatlar bilan bellasha olmaydi. Shu maqsadda AQSh ma’muriyati maktab o’quvchilarini aniq fanlar, texnologiya, muhandislik va matematikaga jalb qilish bo’yicha besh yillik maxsus reja ishlab chiqdi.

Siri Beket Kolumbiya okrugi universitetida elektr muhandisligi bo’yicha tahsil oladi.

“Bu sohani tanlaganimning boisi oilamiz qadriyatlariga mos ekani, ilm olishning eng qulay usuli va bilimlarim zamonga mos ekanidan”, - deydi u.

Beketning tengqurlarida STEM, ya’ni aniq fanlar, texnologiya, muhandislik va matematika bo’yicha o’qish ishtiyoqi yo’q.

“Forbes” jurnaliga ko’ra, AQSh universitetlaridagi STEM dasturlari bo’yicha tahsil olayotganlarning aksariyati xorijliklar. Ekspertlar amerikaliklarning kamligidan xavotirda.

Amerika universitetidagi O’qituvchilar ta’limi dasturi rahbari Karolin Parkerning aytishicha, matematika yoki aniq fanlarga qiziqqanlarga tengdoshlari g’alati qarashadi. Ayni balog’at yoshi, o’tish davrini boshdan kechirayotgan o’smirlarga bu munosabatning salbiy ta’siri bor.

“Aniq fanlar, matematikaga qiziqqanlar chetlanayotganini his qilish bu sohalarni o’rganishdan qaytaradi. Hozirgi o’smirlar nazarida bu sohaga qiziqqanlar ortda qolganlar hisoblanadi”, - deydi Karolin Parker.

STEM dasturlariga ko’proq amerikaliklarni jalb qilish Oq uy rejasida. Loyihalangan besh yillik dastur aynan jamiyat qarashlari va moliyaviy muammolarni bartaraf etishni ko’zlaydi.

Kolumbiya okrugi universitetining Muhandislik maktabi dekani Devdas Shetti fikricha, o’quvchilar STEM dasturidan yaxshiroq sohalar bor deb hisoblashadi.

“O’quvchilarning ko’ziga tashlanadigani - sport, falsafa, tarix, yoki san’at. Televizorda chiqadiganlarga taqlid qilishadi, ularning ta’siri katta”, - deydi u.

Karolin Parkerning aytishicha, Xitoy va Hindiston bilan bellashish uchun STEM dasturlarini bolalikdan boshlash kerak.

“Boshlang’ich ta’lim davridan tortib to maktabni bitirguncha, hatto kollej, universitetda ham, ish joylarida ham aniq fanlar va matematikaga e’tibor qaratilishi lozim. Xitoy va Hindiston kabi davlatlar bilan bellashish uchun aniq fanlardan kuchli va ijobiy ko’nikmaga ega bo’lish kerak”,- deydi u.

Bolalarni matematika, aniq fanlarga yo’naltirishda, ularning qiziqishini uyg’otishda oila, ota-onaning ham o’rni katta, deydi mutaxassislar.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG