Missuri universitetida boshlangan irqiy ziddiyatlar boshqa oliygohlarda anchadan beri mavjud muammolarni yanada dolzarblashtirdi.
Irqiy ozchiliklarga mansub talabalar huquqlarimiz toptalishi hech gap emas, deb, tenglik talab qilmoqda.
Professor va o’qituvchilar
Ayrimlar professor va o’qituvchilar ham turli irqiy guruhlarga mansub bo’lishi kerak, stipendiya va grantlat ham teng ajratilsin, deydi.
O’tgan hafta boshida Missurining Kolumbiya shahridagi universitetda qora tanli talabalar xaqoratomuz so’zlarga o’qituvchilar qarshilik ko’rsatmayotganidan, aybdorlarni jazolamayotganidan shikoyat qildi. Hafta o’rtasida universitet rahbariyati iste’foga chiqdi, bir talaba esa qora tanli yoshlarga do’q-po’pisa qilgani uchun hibsga olindi.
"Boshqacha yondashilsin"
Missuridagi namoyishlardan beri talabalar qattiqroq yondashuv talab qilmoqda.
Michigan universitetining qora tanli talabalari barcha talabalarning 4 foizini tashkil etadi. Ular oliygoh rahbariyatidan turli irq, din va elatlarga mansub yoshlarni o’qishga qabul qilishni talab qildi.
"Agar rahbariyat tegishli chora ko’rmasa, biz Missuri talabalari kabi namoyishga chiqamiz. Biz hech narsadan qo’rqmaymiz”, - dedi Kaprinara Kendall ismli talaba qiz.
Boshqa o’quv dargohlarida ham yigit-qizlar Missuri universiteti talabalari bilan birdamlik tariqasida ko’chalarga chiqdi.
Nufuzli Yel universitetida o’tgan hafta 1000 dan ziyod talaba namoyish uyushtirdi.
Viskonsin universitetining Medison shahridagi kampusida yuzlab odamlar yig’ildi.
Kaliforniyadagi qator universitetlar ham tadbirlarga qo’shildi.
Afro-amerikaliklarga munosabat
Namoyishlar shu yil boshida oq tanli politsiyachilarning qora tanli yigitlarni otib o’ldirishi haqidagi xabarlar tarqaganidan keyin boshlanib ketdi. “Qanday qilib darslarga qatnash mumkin, axir bizni hech kim qadrlamasa?”, - deydi Los-Anjelesdagi Kaliforniya universiteti (UCLA) talabasi Kamil Oshundara.
Qora tanli professor va o’qituvchilar
Professor Piter Hadson qora tanli o’qituvchi va professorlar ham tazyiqlarga uchraydi, deydi. UCLA universitetida o’qituvchilarning bor-yo’g’i 3 foizi – qora tanli.
UCLA rahbariyati namoyishchilar bilan uchrashib, talablarini muhokama qilishga rozi bo’ldi.
Illinoys davlat universitetida o’tgan payshanba kuni 150 odam yig’ildi va oz sonli guruhlar vakillariga nisbatan diskriminatsiyadan xavotirda ekanini bildirdi.
Namoyishchilarga ko’ra, qora tanlilar talabalar jamoalaridan doim ajratib qo’yiladi. Ayrim dinlar vakillari hamda gomoseksuallarga ham munosabat salbiy, deydi ular.
“Har bir kampus”
“Har bir kampus Missuriga aylandi”, - deydi Sietldagi namoyishni uyushtirgan Palka Shibale. - “Qora tanli talabalar doim qo’rquvda. Tizim esa bizni himoya qilmaydi”.
Chikagodagi Loyola universiteti kampusida payshanba kuni bir necha yuz talaba yig’ildi.
Merilend, Nyu-York, Nyu-Jersi shtatlaridagi universitetlarning talabalari ham barcha irq, elat va din vakillariga munosabat teng bo’lsin, deya talab qilmoqda.