Breaking News

Johar Sarnayev o'limga hukm qilinishi mumkin


Johar Sarnayev o'limga hukm qilinishi mumkin
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:04 0:00

Boston shahrida hakamlar hay'ati Johar Sarnayevni 2013-yilgi marafon paytida terror xuruji qilganlikda aybdor deb topdi. Endi hakamlar unga umrbod qamoq jazosi yoki o'lim hukmini berish ustida bir qarorga kelishi kerak. 21 yoshli sudlanuvchiga 30 ta ayblov qo'yilgan, jumladan, qotillik va ommaviy qirg'in qurolidan foydalanganlik.

Sarnayevning aybdor deb topilishiga hech kim shubha qilmagan edi. Chunki uning advokati ham buni inkor qilmadi, deydi huquqshunos professor Stefan Soltzberg.

"Aslida bu ikkinchi bosqichga tayyorgarlik edi. O'lim jazosi berilishi kerakmi yoki yo'qmi, shu masalaga", - deydi u.

Massachusets shtatida o'lim jazosi bekor qilingan. Ammo federal sud ishlarida bu mumkin va hatto shunday bo'lishi ehtimoli yuqori.

"Agar bir guruh odamlar jinoyatni o'lim jazosiga loyiq deb topsa, shunday bo'ladi. Qasddan imkon qadar ko'proq odamni, begunoh insonlarni o'ldirishga va mayib-majruh qilishga qaratilgan harakat edi bu. Jinoyatchilarga qidiruv e'lon qilinganda, ularning Nyu-Yorkka borib, yana shunday ishlarni qilishga urinishi haqida xabarlar tarqaldi", - deydi professor Soltzberg.

Agar o'lim jazosi berilsa, Sarnayev hukm ustidan yuqori sudlarga, shuningdek, Oliy sudgacha shikoyat qilishi mumkin, ammo Soltzbergning aytishicha, hukmning o'zgarishiga umid juda kam.

"Bu ishda odatda uchraydigan omillarni ko'rmayapmiz. U o'zini ruhan nosog'lom yoki layoqatsiz ko'rsatib, o'limdan qolishga urinmayapti. Shuning uchun, agar o'lim jazosi berilsa, uni bekor qilish juda qiyin bo'ladi", - deydi huquqshunos.

Johar Sarnayevni himoya qilayotgan huquqshunos Judi Klark mamlakatning jinoyat huquqi bo'yicha eng yaxshi advokatlaridan. U vahshiy jinoyatlarga qo'l urgan ko'plab shaxslarni, jumladan, seriyali qotilliklarni amalga oshirgan Teodor Kachinskiy va Atlantadagi Olimpiya parkini portlatgan Erik Rudolfni o'limdan saqlab qola olgan. Klark Sarnayevning yoshini va akasi ta'siri ostida bo'lganini hisobga olib, hakamlardan uning hayotini saqlab qolishni so'ramoqchi. Agar u muvaffaqiyat qozonsa, mijozi bir umrga qamalishi mumkin.

"JInoyat ko'lamini hisobga oladigan bo'lsak, u o'ta qattiq nazorat qilinadigan qamoqqa tashlanishi mumkin. U yerda 23 soat bir o'zingiz qamoqda yotasiz va bir soat tashqariga yolg'iz chiqishingiz mumkin", - deydi Soltzberg.

Ayrim amerikaliklar nazarida, jinoyat qanchalik og'ir bo'lmasin, bunday jazo haddan tashqari shafqatsizlik. Ko'plab mahkumlar bunday qamoqxonalarda aqldan ozishi aytiladi.

Sarnayevlar xurujidan aziyat chekkanlar adolat istaydi, garchi ayrimlari adolatning nimadan iborat bo'lishi haqida aniq tushunchaga ega bo'lmasa ham.

"Adolat qanday bo'lishini bilmayman. Uning qo'lga olinganiga shukr qilyapman. Butun dunyoga bunday odamlar va ishlarga toqat qilinmasligini ko'rsatganimizdan mamnunman. Biz bunday bo'lmasligimiz kerak", - deydi marafondagi portlashda jarohat olgan bir fuqaro.

Qanday jazo belgilash bo'yicha muhokama oylab cho'zilishi mumkin. Agar advokatlar Sarnayevning qilgan ishidan pushaymon ekanini ko'rsatib bera olsa, hakamlar uning hayotini saqlab qolishi mumkin. Ammo buning uchun 12 kishilik hay'atning barchasi shunga rozi bo'lishi kerak.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG