Breaking News

AQSh-Turkiya aloqalari Isroil-G'azo ixtilofi tufayli sovishi mumkin


Turkiya Bosh vaziri Rajab Toyyib Erdog'an Yevropa va Osiyo musulmon yetakchilari anjumanida nutq so'zlamoqda, Istanbul, 19-noyabr, 2012-yil.
Turkiya Bosh vaziri Rajab Toyyib Erdog'an Yevropa va Osiyo musulmon yetakchilari anjumanida nutq so'zlamoqda, Istanbul, 19-noyabr, 2012-yil.
Isroil-Falastin ixtilofi yettinchi kun davom etar ekan, AQSh Davlat kotibasi Xillari Klinton Quddus, Ramalloh va Qohiraga yo’l olmoqda. Mahalliy rahbarlar bilan mojaroga barham berish yo’llarini muhokama qilmoqchi. Bu o’rtada Turkiya Qo’shma Shtatlardan eng yaqin ittifoqchisi Isroilni tinchitishni so’ramoqda. Turkiya Bosh vaziri Rajab Toyyib Erdog’an yahudiy davlatini terrorchi deya tamg’aladi.

Xillari Klinton shu bugunoq Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu bilan uchrashib, so’ng Falastin va Misrga uchadi. Hududdagi qonli to’qnashuvni to’xtatishda diplomatiya hozircha ish bermayapti. BMT Xavfsizlik Kengashining kechagi favqulodda majlisidan ham foyda bo’lmadi.

Isroil-Falastin ixtilofi AQSh-Turkiya aloqalariga ta'sir qiladimi?
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:31 0:00
Yuklab oling


Yahudiy davlati G’azo Sektorida XAMAS manzillariga havodan zarba berishda davom etmoqda. Falastinlik jangarilarning raketa hujumlarida dastlabki kunlarda Isroil janubida uch odam o’lgan bo’lsa, arablarning talofatlari kun-sayin ko’paymoqda. Bir haftada 100 dan ziyod odam o’lgan. Isroil hujumlarida bugun G’azo shahridagi Islomiy milliy bank ham vayron bo’lgan.

BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun tomonlarni sulhga chaqirmoqda. Kecha u Qohirada muzokara olib borgan. Misr vositachilik qilmoqda. Isroil ham, XAMAS ham mojaroning diplomatik yo’l bilan hal etilishiga qarshi emas, ammo muzokarlar ish bermasa, qurolni tashlagilari yo’q.

Ixtilof AQSh-Turkiya munosabatlariga ham salbiy ta’sir ko’rsatmoqda. Anqara Vashingtondan yahudiy ittifoqchisini jilovlashni so’ramoqda. Turkiya Bosh vaziri Rajab Toyyib Erdog’an dushanba kuni Istanbuldagi anjumanda so’z olib, Isroilning G’azodagi harbiy amaliyotlarini keskin tanqid qildi.

"Islomni terrorizm bilan tenglashtirayotganlar musulmonlarga qarshi ommaviy qatliomga ko’z yummoqda. Aslida Isroil terrorchi davlat va har bir harakati terrordan iborat", - dedi Erdog’an.

Turkiya bosh vaziri shu mazmundagi bayonotni o’tgan hafta Qohirada ham qilgan. AQSh prezidenti va qonunchilari Isroil o’zini himoya qilishga haqli, deb uning tarafini oldi.

Teskari qarashlar, ayrim tahlilchilar nazarida Anqara-Vashington aloqalariga putur yetkazishi mumkin.

Istanbullik ekspert Sinan Ulgenning aytishicha, Erdog’an fursatdan foydalanib, Isroilga yana bir hamla qildi.

"Ammo shuni unutmaslik kerakki, ayni paytda Anqara Misr, Qatar va XAMAS rahbariyati bilan mojaroga chek qo’yish yo’llari xususida gaplashmoqda", - deydi tahlilchi.

So’nggi paytda AQSh va Turkiya rahbarlari o’rtasida munosabatlar ancha kuchayib, ikki davlat Suriya prezidenti Bashar al-Assadga qarshi ittifoqda edi. Biroq Erdog’an Isroil siyosatini qoralab, AQSh va Yevropa Ittifoqini ham yahudiy davlatini jilovlay olmaganlikda tanqid qilib o’tdi.

Turkiyada chiqadigan “Milliyet” gazetasi muxbiri Semix Idizning aytishicha, Obamaning Isroil-Falastin mojarosida tutgan bir tomonlama pozitsiyasi Anqarani ranjitdi.

"Obamadan betaraflik kutilgan edi. Ammo uning Isroilga yon bosishi AQSh tashqi siyosati Vashingtonda emas, balki Quddus va Tel-Avivda shakllanadi, degan azaliy da’volarni yanada kuchaytirdi. Qo’shma Shtatlar va Turkiya Suriya masalasida hamkor ekan, Isroil-Falastin mojarosining bu hamkorlikka zarar yetkazishini istamaydi", - deydi jurnalist.

Bugun Turkiya Tashqi ishlar vaziri Ahmat Dovuto’g’li G’azoda bo’lib, sulh xususida gaplashadi. Dovuto’g’li Isroil rasmiylari bilan ham aloqada ekani ma’lum. Arab Ligasiga a’zo davlatlar tashqi ishlar vazirlaridan 10 nafari Falastin xalqi bilan birdam ekanini namoyish etish uchun liga Bosh kotibi Nabil al-Arabiy bilan birga G’azoga borgan.

Misr prezidenti Muhammad Mursiy Isroil shu bugunoq hujumlarini bas qiladi, degan fikrda. Klintonning harakatlari ham hozirda shunga qaratilgan.

Oy oxirida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Falastinning a’zolik arizasi bo’yicha qaror chiqarishi kutilmoqda. Isroilga bunga qarshi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG