Breaking News

Erdog'an Obama bilan uchrashdi, tansoqchilari esa faollar bilan to'qnashdi


Vashingtonda yadroviy xavfsizlik bo'yicha o'tayotgan xalqaro anjuman doirasida Barak Obama Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog'an bilan yuzma-yuz muloqot qildi.

Turkiya xavfsizligi AQSh uchun muhim, dedi Obama. Kuni-kecha kattagina kurd aholiga ega Diyorbakir shahridagi hujumda yetti politsiyachi o'lgan va 27 kishi jarohatlangan.

Ikki rahbar "Islomiy davlat" terror guruhiga qarshi kurash hamda Yevropadagi qochqinlar masalasini ham muhokama qilgan.

Bu kurashda Qo'shma Shtatlar peshmerga deb atalmish kurd qurolli kuchlarini qo'llayotganidan Anqara chuqur norozi. Suriya shimolida peshmerga jangchilari "Islomiy davlat"ga qarshi janglarda qator yutuqlarga erishgan va AQShdan harbiy ko'mak oladi.

Turkiyaning da'vo qilishicha esa peshmerga Kurdiston ishchilar partiyasiga aloqador. Bu guruh avtonomiya talab qilib, Turkiya armiyasi bilan yillardan buyon olishib keladi.

Prezident Erdog'an Vashingtondagi Brukings tadqiqot markazida ma'ruza qilgan. Uning nutqini yoritish uchun kelgan jurnalistlar va faollar Erdog'anning tansoqchilari tomonidan hujumga uchragani, haqoratlangani xabar qilinmoqda.

Prezidentning xavfsizlik xizmati markaz tashqarisidagi namoyishchilar qo'lida plakatlarni tortib olgan, ayrim muxbirlarni tadbirdan haydab chiqarishga uringan.

Vashington markazida ro'y bergan bu voqea Turkiyada so'z erkinligi bilan bog'liq vaziyatni aks ettiradi, deydi faollar. Mamlakatda 50 dan ziyod jurnalist terrorchilik va boshqa jinoyatlarda ayblanib, sudga tortilmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG