Breaking News

AQShdagi yuzlab o’zbekistonliklar charter reyslarda vatanga qaytmoqda


Nyu-Yorkdan Toshkentga charter reyslar
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:09:13 0:00

26-iyun kuni koronavirus o’chog’i bo’lib turgan Nyu-Yorkdan Toshkentga ilk charter reys amalga oshirildi. Dastlabki ikki charter reys bilan O’zbekiston hukumati AQShda qolib ketgan 480 fuqaroni olib ketishni mo’ljallagan. Pandemiyagacha O’zbekiston va AQSh orasida haftasiga kamida uch marotaba aviaqatnov mavjud edi.

Navbatdagi reys 28-iyun kuniga belgilangan. Rasmiylar yaqin orada yana bir maxsus reys kutilayotganini ta’kidlashmoqda, ammo aniq sanasi hali ochiqlanmagan. Toshkent-Nyu-York-Toshkent yo’nalishida muntazam samolyotlar qachon tiklanishi ham mavhum qolmoqda. Tafsilotlar bilan Nyu-Yorkdan Soleh Yahyoev.

Nyu-Yorkning Jon Kennedi aeropotidan O’zbekiston poytaxti Toshkentga uchayotgan samolyotga yo’lovchilar ro’yxatga olinmoqda. Bu koronavirus pandemiyasi davrida AQShdan O’zbekistonga amalga oshirilayotgan ilk charter reys. Uni ummonning bu tomonidagi o’zbekistonliklar uzoq kutishdi.

“Men O’zbekistondanman, Surxondaryo viloyati Uzun tumanidan, Shukurov Xoliqul. Men nabiralarimni ko’rgani kelgandim. Koronavirus tufayli qolib ketdim. 29-martda qaytib uchib ketishim kerak edi, qolib ketdim. Sog’lig’imni mazasi yo’qligi sababli ob-havo almashtiraman hamda nabiralarimni ko’raman deb kelgandim. 29-martdan beri shu charter reysni kutyapmiz”, - deydi Xoliqul ota.

65 yashar Xoliqul ota o’z ayoli bilan birga Pensilvaniya shtati, Pistburg shahrida yashayotgan farzand va nabiralarini ko’rishga kelgan. Pandemiya tufayli ularning bu mamlakatga safari uzoqroqqa cho’zildi.

Charter reys tashkil qilinganidan xursandligini yashirmaydi otaxon.

“Uyda o’tirib, deraza va eshiklarni ochmay qiynaldik. Qiynalmagan inson yo’q. Hammayam qiynaldi. Ishqilib ortda qolgani rost bo’lsin! Juda ham xursandmiz, 10 kiloga semirdim, ukajon”, - deya xursand bo’lganidan ko’ylagiga sig’mayotganini uqtirmoqchi otaxon.

Ketayotganlarning orasida asosan o’qishini yakunlab uyiga qaytayotgan talabalar, amaliyotga kelganlar, kasal fuqarolarimiz, surunkali kasalligi bor fuqarolarimiz...

Koronavirus tarqalishini oldini olish chora-tadbirlari sifatida O’zbekiston 2020-yilning 16-martidan barcha xalqaro aviaqatnovlarni to’xtatgan. 30-martdan esa mamlakatdagi barcha aeroportlar yopildi. Buning ortidan ichki va tashqi aviaqatnovlar, shu jumladan, mamlakat fuqarolarini xorijiy davlatlardan ortga qaytarish uchun yo’lga qo’yilgan charter reyslar ham to’xtagan edi.

O’zbekistonliklarni pandemiya davrida maxsus reyslar tashkil etib, xorijdan vatanga qaytarish ishlari may oyida qayta tiklangan. Ammo shu kungacha AQSh O’zbekiston tomonidan charter qatnovlar uyushtirilishi ko’zda tutilgan davlatlar sirasiga kirmay turgandi.

26-iyun kuni ilk reys amalga oshirildi. Shu kuni AQShda qolib ketayotgan o’zbekistonliklarning 240 dan ortig’i Toshkentga qaytarildi.

“Uch oy talab etildi bu reysni tashkil etish uchun. 16-martdan 23-iyungacha ro’yxatga yozilgan fuqarolarimizni yuborishga muvaffaq bo’lyapmiz bugun”, - deya tushuntiradi O’zbekistonning Nyu-Yorkdagi konsuli Qahramon Dalimov.

2020-yilning mart oyidan buyon O’zbekistonning Vashingtondagi elchixonasi va Nyu-Yorkdagi bosh konsulligiga vatanga qaytish masalasida murojaat qilgan 622 nafar fuqaroning ro’yxati tuzilgan.

Respublika maxsus komissiyasi tasdiqlagan va “O’zbekiston havo yo’llari” milliy aviakompaniyasi tomonidan 26-28 iyun kunlari amalga oshirilayotgan charter reyslarda AQShdan kimlar uchib ketayotgani borasida Qahramon Dalimovdan so’radik.

“Ketayotganlarning orasida asosan o’qishini yakunlab uyiga qaytayotgan talabalar, amaliyotga kelganlar, kasal fuqarolarimiz, surunkali kasalligi bor fuqarolarimiz va ularga hamrohlik qilayotgan shaxslar, keksa yoshdagi fuqarolarimiz, bu yerga qarindoshlarini ko’rishga mehmonga kelganlar, shuningdek, qiynalib qolgan aholi qatlami. Bundan tashqari migratsion vizalar bilan yashayotgan fuqarolarimiz ham bor, lekin ular ozchilikni tashkil qiladi”, - deya tushuntiradi konsul.

Chiptasi bo’lmagan yoki qaysidir sabablarga ko’ra uni topshirgan va bu reyslarga qaytadan chipta oladiganlarga kelsak, tabiiyki, ularga chiptalar sistemadagi mavjud bo’lgan eng yuqori narxlarda sotildi.

AQShdan O’zbekistonga qaytganlar kamida 14 kun davomida maxsus tashkil etilgan hududlarda karantinda saqlanadi. Ayrimlar bu kabi tartib ularni ortga qaytishdan cho’chitayotganini aytishadi. Boshqalarga esa charter reysga aviakompaniya tomonidan belgilangan narx qimmatlik qilgan. Shu bois reys ro’yxatini shakllantirish qiyin kechayotganini ta’kidlaydi konsul Dalimov.

“100 dan ortiq odam avvaldan ro’yxatga yozilib qo’yganiga qaramasdan bu reys orqali O’zbekistonga borishdan bosh tortdi. Shu odamlarning o’rniga yaqin orada murojaat qilganlarni ro’yxatga kiritib, ularni mana hozir jo’natayapmiz”, - deya vaziyatni izohlaydi suhbatdosh.

“O’zbekiston havo yo’llari” aviakompaniyasining Nyu-Yorkdagi vakili Shuhrat Mirsaidovdan kompaniyaning charter reyslar bo’yicha narx belgilash siyosati bilan qiziqdik.

“Narx-navo qayerdan kelib chiqadi... Birinchi navbatda bugun uchayotgan reysimizda 90 foiz passajirlarimizning chiptalari oldindan olingan. Chiptalarida uchish sanasi qaysi kunga belgilanganidan qat’i nazar bugungi kunga ushbu parvoz hammalariga bepul o’tkazildi. Chiptasi bo’lmagan yoki qaysidir sabablarga ko’ra uni topshirgan va bu reyslarga qaytadan chipta oladiganlarga kelsak, tabiiyki, ularga chiptalar sistemadagi mavjud bo’lgan eng yuqori narxlarda sotildi. Sababi - oz bo’lsa-da ortiqcha xarajatlarni qoplash. Xabaringiz bor, charter reyslar uchun yer xizmatlari, umuman yoqilg’i, aeroportning ro’yxatga olish narxlari oddiy reyslarga nisbatan 20 foiz qimmatroq hisoblanadi. Chunki bu muntazam reyslar emas. Bundan tashqari, uni amalga oshirish uchun qo’shimcha kuchlar jalb qilinadi. Hozirgi pandemiya sharoitida samolyotimizda ortiqcha ekipaj ham kelyapti. Oddiy reyslarimizda ekipajda 17 kishi kelsa, bugun 32 kishi kelyapti. Bularning hammasi xarajatni tannarxiga kirib ketadi. Shu sababli bizning markazimizdan berilgan buyruqqa asosan ekonom-klassdagi chiptalar eng qimmat narxda sotilyapti”, - deydi aviakompaniya vakili.

Shunga qaramasdan bu narxlar xorijiy aviakompaniyalarnikiga nisbatan ancha arzonligini tushuntiradi Shuhrat Mirsaidov.

Muntazam reyslarga to’xtaladigan bo’lsak, bu yerdagi epidemiologik vaziyat yaxshilangandan keyingina bu narsa to’g’risida o’ylash mumkin.

“Lekin shuni ham qo’shib qo’ymoqchimanki, bizning Nyu-York-Toshkent yo’nalishida chiptalarimizning narxlari o’rtacha ming dollar deyilgan bo’lsa ham, boshqa aviakompaniyalarga solishtirsak arzonroq. Yoki Toshkent-Nyu-York yo’nalishida boshqa kompaniyalar tomonidan fuqarolarni olib chiqib borishyapti, masalan “Turk havo yo’llari” bor, yoki Koreya orqali kelayotgan fuqarolarimiz bor. Bizlarning chiptalar narxi bilan solishtirganimizda, uch barobarga qimmatga aylanadi ularning chiptalarini narxi”, - deya tushuntirmoqda Shuhrat Mirsaidov.

Asli namanganlik Azizbek Kamalov Los-Anjelesdan Nyu-Yorkka kelib, so’ngra Toshkentga uchyapti. U charter reyslar uyushtirilayotganligidan mamnun. Lekin suhbatdoshimizdan chipta narxi qimmatligi qatorida to’lov uslubi ham noqulay ekanligini eshitdik.

“Men 1008 dollar to’ladim. Zelle programmasi orqali o’tkazib ber deyishdi.

Kredit karta bilan to’lashning imkoni bormidi? Men so’radim, yo’q biz faqat Zelle orqali qabul qilamiz deyishdi. Ochig’i, bekitish yo’q. Shu tizim orqali to’ladim”, - deya taassufini bildiradi Azizbek.

Ko’zlangan charter reyslar hozircha faqat Nyu-Yorkdan amalga oshiriladi. Uni tashkil etish jarayonida turli muammolar ko’zga tashlanar ekan, tashkilotchilar hamda konsullik xodimlari ularni bartaraf etish ustida izlanayotganini yashirishmaydi.

Muntazam reyslar esa qachon qayta yo’lga qo’yilishi borasida aniq ma’lumot yo’qligini bildirdi “O’zbekiston havo yo’llari” aviakompaniyasi vakili Shuhrat Mirsaidov.

O’zbekistonda maxsus komissiya qaroriga asosan kuchaytirilgan sanitariya-gigiyena nazorati 1-avgustga qadar saqlanib qolishi belgilangan. Demak, ungacha respublika maxsus komissiyasi tomonidan tasdiqlangan parvozlar jadvaliga muvofiq charter reyslar amalga oshiriladi. Bunday imkoniyatdan foydalanish uchun esa elchixona va konsullikda ro’yxatga turish talab etiladi.

“Muntazam reyslarga to’xtaladigan bo’lsak, bu yerdagi epidemiologik vaziyat yaxshilangandan keyingina bu narsa to’g’risida o’ylash mumkin. Keyingi charter reyslar to’grisida gapiradigan bo’lsak, agarda odamlardan murojaatlar kelib tushsa, kasallar, bemorlar bo’lsa, albatta, tashkillashtiriladi, ehtiyojdan kelib chiqqan holda”, - deya tushuntirmoqda konsul Dalimov.

“Asosiy, ketishi majbur bo’lgan kategoriyalarning juda ham ko’p soni, foizda aytolmayman, murojaat qilganlarning hammasi ketyapti. Murojaat qilgan kunidan qat’i nazar, buyog’iga faqat grin kartalilar qolyapti. Ularning ehtiyoji bo’lsa, ketadigan bo’lsa, samolyot to’ladigan darajada odam yig’ilsa ularga albatta tashkillashtirib beriladi”, - deya aniqlik kiritdi Qahramon Dalimov.

28-iyun kuni ikkinchi reys bilan yana 240 o’zbekistonlik Nyu-Yorkdagi Kennedi xalqaro aeroportidan O’zbekistonga qaytadi.

Har ikki reys yordamida O’zbekistondan Qo’shma Shtatlarga kelolmay turgan o’zbekistonliklar ham foydalanganlar. O’zbekistondan farqli o’laroq AQShda ular karantinga olinmagan.

26-iyun kuni Kennedi aeroportidan "Facebook Live":

Nyu-Yorkdan Toshkentga parvozlar
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:27:34 0:00

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG