Breaking News

Ayol askarlar erkaklar bilan yonma-yon jang qilmoqda


Jangchi ayollar/Women in combat
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:05 0:00

Jangchi ayollar/Women in combat

Yaqinda Pentagon xotin-qizlarni frontga jo’natish borasidagi cheklovlarni bekor qildi, lekin bu ramziy qadam bo’ldi, xolos. Chunki Iroq va Afg’onistonda ayollar allaqachon eng og’ir janglarda xizmat qilib kelayotgan edi. “Amerika Ovozi” Virjiniya shtatidagi Yustis fortida bo’lib, ayol askarlar bilan suhbatlashdi.

Serjant Kassandra Parti front nimaligini yaxshi biladi. Sakkiz yil oldin ilk bor urushning taftini his etib ko’rgan edi. O’shanda Kassandrani Iroqqa jo’natishgan.

“Ko’chalarni nazorat qilardik, uylarni tekshirib, reydlar o’tkazar edik”.

Iroqqa ikkinchi marta borishida Kassandra Parti yaralandi.

“Qo’lbola bomba portlaganida jarohatlanganman”.

Shrapneldan ayolning yuzi, orqasi qattiq lat yedi.

Jang maydonini tark etganidan keyin u saraton kasalligidan davolandi, ikki farzandli bo’ldi.

Hozir ayol yosh askarlar uchun mashqlar o’tkazadi, malakasini oshiradi. Iroqdagi xizmatini eslar ekan, u:

“Ayollar buni qilolmaydi, uni qilolmaydi, qabilidagi gaplar bo’lmasdi. Dushmanga qarata o’q uzish talab qilinsa, qo’lga qurol olardik. Ikkilanish yo’q edi”.

Leon Panettaning qarorini eshitgan Parti hech taajjublanmadi. Mudofaa vaziri lavozimidan ketishdan oldin Panetta xotin-qizlarga jangda qo’yilgan cheklovlarni bekor qildi.

“Ular xizmatni o’tayapti. Yaralanayapti, urushda jon berayapti. Buni e’tirof etish vaqti keldi,” - dedi Panetta.

“Shunday ishlarni bajarganmiz urushlarda. Boshdan oxirigacha xizmat qildik. Menga hech kim “yo’q, sen ayolsan, bu ishni bajara olmaysan” demagan. Aksincha “bizga askar kerak. Tur, mana buni qil”, deyishardi”.

Lekin erkaklar orasida ayollarning urushda qatnashishini noto’g’ri deb hisoblaydiganlar ham yo’q emas. Holbuki, aksariyati ochiqchasiga e’tiroz bildirmaydi.

Kassandra Partining hamkasblaridan biri, serjant Shon Yirbi Panetta qarorini eshitib hayron qoldi:

“Eshitganimda “Ayollar frontga yuborilarkanmi?” dedim. Keyin o’ylab ko’rsam, bari aslida ayol askarga bog’liq. Jang qilishning uddasidan chiqsa, nur ustiga a’lo nur”.

Serjant Parti armiyadagi xizmat muhim, lekin undan ham muhimroq vazifam bor, deydi:

“Birinchi navbatda onaman. Lekin ayni vaqtda askarman ham. Muvozanatni saqlashga harakat qilyapman”.

Ayollar uchun barcha cheklovlar olib tashlansa-da, jang maydonda ularning soni keskin ko’payishi gumon. Chunki armiya askarga qo’yiladigan jismoniy talab va mashqlarda o’zgarish qilmadi.

Ammo bu e’tirof ayol askarlar uchun katta gap va jiddiy islohotlarga yetaklashi mumkin.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG