Breaking News

Norvegiya o’zbekistonlik faolni vataniga deportatsiya qilishi mumkin


Norvegiya sudi O’zbekistonda qiynoqlar keng tarqalganini shubha ostida olayotgani, ayniqsa, huquq himoyachilarining e’troziga sabab bo’lmoqda.
Norvegiya sudi O’zbekistonda qiynoqlar keng tarqalganini shubha ostida olayotgani, ayniqsa, huquq himoyachilarining e’troziga sabab bo’lmoqda.
Norvegiyada yashayotgan o’zbek faollaridan biri shu kunlarda O’zbekistonga jo’natilishi mumkin. Avvalroq siyosiy boshpana so’rab, ariza topshirgan va rad javobi olgan bu shaxsning ismi hozircha oshkor etilmayapti.

Parijda joylashgan “O’tyuraklar” klubi rahbari Mo’tabar Tojiboyeva fikricha, sud qo’shimcha dalillarni ko’rib chiqib, deportatsiya muddati orqaga surilsa, ajabmas.

O’zbekistonlik faol qiynoqlar bilan yuzlashishi mumkin ekani matbuotda ancha munozaraga sabab bo’ldi.

“Hozircha advokatlar, Norvegiyadagi nodavlat tashkilotlar, markazi Fransiyada bo’lgan Inson huquqlari xalqaro federatsiyasi, O’zbekistondan huquq himoyachisi Tolib Yoqubov turli bayonot va xatlar bilan chiqishdi. Bugun advokatdan eshitishimga qaraganda, bu yigitga yana to’rt hafta Osloda qolib, o’zini himoya qilishga muhlat berilishi mumkin”, - deydi Tojiboyeva.

26 yoshli yigit O’zbekistonda bolalar majburiy mehnati yuzasidan monitoring olib borgan. O’zi yashagan viloyatda inson huquqlari tashkiloti tuzishda tashabbus ko’rsatgan.

2006-yilda hibs xavfi bilan to’qnash kelgach, O’zbekistondan chiqib ketgan. Bir muddat Rossiyada bo’lgan, 2009-yilda Norvegiyaga o’tishga muvaffaq bo’lgan va siyosiy boshpana so’ragan.


Tojiboyevaning aytishicha, faolning panoh so’rab taqdim etgan murojaati yuzasidan sudda u ishtirok eta olmagan.

“Norvegiyada avval o’tgan sudda men telefon orqali guvoh sifatida ko’rsatma berishga tayyorligimni aytgan edim. Xuddi shunday, O’zbekistondagi repressiv rejim haqida gapirishga tayyormiz, deya Chegara bilmas muxbirlar tashkiloti ham chiqqan. Biroq Norvegiya sudi qaroriga ko’ra, O’zbekistonga qaytishi mumkin bo’lgan qochqinlarning hayoti xavf ostida emas, shuningdek, ular boshpana so’rayotgan faol men bilan hamkorlik qilganiga ham to’liq ishonmayapti”, - deydi huquq himoyachisi.

Tojiboyeva deydiki, bu yigit O’zbekistonga qaytishi bilanoq hibsga olinadi va qiynoqqa solinadi. Xalqaro jamoatchilik o’zbekistonlik faol taqdiriga befarq qolmasligi kerak, deydi u.

“Bular o’z viloyatlarida tuzgan tashkilotlar bolalar mehnatini monitoring qilgan, yoshlar huquqlarini himoya qilgan. Shu orqali keyinchalik mahalliy organlar ta’qibiga uchragan. Keyin tashkilotning lideri hibsga olingan, hozir boshpana so’rayotgan yigit bu tashkilotda programmist sifatida ishlagan. Uni so’roqqa chaqirishgan, qiynoqqa tutishgan, keyinchalik mamlakatdan chiqib ketishga majbur bo’lgan”, - deydi Tojiboyeva.

Sud uni deportatsiya qilish qaroridan voz kechmagan. Faqat ish yuzasidan yangi ma’lumot taqdim etilishini kutib, jarayon uzaytirilgan.

Norvegiya sudi O’zbekistonda qiynoqlar keng tarqalganini shubha ostida olayotgani, ayniqsa, huquq himoyachilarining e’troziga sabab bo’lmoqda.

Avvalroq vatanda diniy ta’qiblar bois Norvegiyadan boshpana so’ragan o’zbekistonlik ayol Zarifa Yusupova deportatsiya qilingan edi. Vataniga qaytarilgach, u aeroportdayoq so’roqqa tutilgan, keyin esa hibsga olingani haqida ma’lumotlar bor.
  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG