O’zbekistonda bahaybat dinozavr ajdodining qoldiqlari topildi. Tiranozavrning ajdodi. Temurlang Euotica (yu-o-tika) deya nom olgan bu maxluq jahonda shov-shuv ko’tardi, fanda yangilik deya ta’riflandi. O’zbekiston, Amerika, Yevropa, Kanada va Rossiya olimlarining hamkorlik mahsuli bu.
Amerika Fanlar akademiyasi nashrida (Proceedings of the National Academy of Science) oy boshida shunday xabar tarqaldi: O’zbekiston dashtliklarida bahaybat dinozavr, keng ommaga Gollivud filmlari orqali tanish tiranozavrning ilgari o’tgan nasli topilibdi. 90 million yil oldin yashagan bu maxluq kattaligi jihatidan tulporday keladi.
“Holbuki, shu paytgacha fanga tiranozavrning faqat 100 million yil oldingi kuchukday va 80 million yil oldingi ikki qavatli uyday keladigan ajdodlari ma’lum edi”, - deydi professor Xans Diter Syus (Hans-Dieter Sues).
U Amerikadagi Smitson muzeyi (Smithsonian) xodimi, O’zbekistondagi qazishmalar qatnashchisi. Yangi kashfiyot orada bo’sh qolayotgan 20 million yilga aniqlik kiritdi, maxluq evolyutsiyasi, ya’ni u qanday qilib bu qadar kattashib ketganini izohladi, deydi u.
“Avval boshdan tiranozavr miyasi yaxshi rivojlangan va qulog’i, hidni sezish qobiliyati juda o’tkir bo’lib, chopqir o’tgan. Shu bois ham qolgan dinozavrlardan uzoqroq yashagan va kattalashgan”, - deydi olim.
Doktor Syus O’zbekiston, Amerika va Rossiya fanlar akademiyalarining qo’llovi bilan tuzilgan yirik izlanishda qatnashdi. Navoiy viloyati, Qizilqumda amalga oshirilgan bu loyihada O’zbekiston, Amerika, Britaniya, Rossiya va Kanada olimlari ishtirok etdi. Tadqiqotlar, asosan, Jaraquduq degan hududda o’tdi.
“Yigirmanchi asr boshi va o’rtalarida rus geologlari Qizilqumda dinozavrlarning suyaklarini topgan. Men o’sha izlanishlar, qo’llanmalarga ko’zim tushdi-yu, hududda yana ko’plab javohirot bo’lishi kerak, deya taxmin qildim. O’zbekiston mustaqil bo’lganidan so’ng biz yosh davlat olimlari bilan bevosita bog’landik va 1997-yilda Jaraquduqda izlanishlar boshlashga ruxsat oldik”, - deydi professor.
1997-yildan tortib 2004-yilga qadar O’zbekistonda qazilmalar olib borildi. E’tiborlisi shundaki, deydi doktor Syus, O’zbekiston 90 million yil avvalgi hayvonot va o’simlik dunyosi alomatlari aynan quruqlikda, toshlarda saqlanib qolgan sanoqli mintaqalardan. Masalan, Qo’shma Shtatlarda u davrlarga oid qazilmalar okean ostida yashiringan va ularni topish juda mushkul.
“Xullas, O’zbekistondan juda katta kolleksiyamiz bor hozir, ko’p buyumlar Sankt-Peterburgda, ayrimlari O’zbekiston va Amerikada. Ana shulardan birini sizga ko’rsatmoqchiman. Mana bu Jaraquduqdan topilgan dinozavr bosh suyagining nusxasi, mana bunisi haqiqiy tish suyagi”, - deydi u.
Jonivorni Temurlangia deya atashdi, mintaqaning tarixiy hukmdori Amir Temur sharafiga. Temurlangia Euotica. Euotica qulog’i juda o’tkir degani. Uzoqdagi o’ljani eshita olgani va uni birinchi bo’lib quvib tuta olgani uchun ham bu nasl millionlab yillar osha tirik qolgan.
Nima uchun topilmalar O’zbekistonning o’zidagi muzeylarda qolmadi, nima uchun ba’zilari Rossiya, Amerikadagi muzeylarga olib ketildi?
“Bunday izlanishlarni olib borish juda katta moliya talab qiladi. Aksariyat davlatlar katta-katta tadqiqotlarni birga olib borib, qazilmalarni so’ng o’zaro bo’lishib oladi. Bu gal ham izlanishni O’zbekiston, Amerika, G’arb, Kanada va Rossiya birga olib borgani uchun, shunday qilindi”, - deydi professor.
Olimlar mazkur izlanish xulosalarini e’lon qilishiga o’n yildan ko’p vaqt ketdi. Nima uchun?
“Biz bir paytning o’zida boshqa loyihalar ustida ham ishlaymiz. Ular ham vaqt, mehnat talab qiladi. Ikkinchidan, suyaklar topilgan paytda ularni tozalash nihoyatda mushkul, chunki millionlab yillik tosh, tuproq yopishgan bo’ladi. Tozalash, tayyorlash, tahlil qilib xulosa chiqarish uchun ba’zida yillar kerak”, - deydi olim.
Uning aytishicha, O’zbekistonda Jaraquduq atrofi qadim tarixiy qazilmalarga shu qadar boyki, uning o’zi kelgusida katta bir ochiq muzeyga aylanishi hech gapmas. Professor Syus O’zbekiston hukumati buning uchun jonbozlik ko’rsatadi, degan umidda. Qadim shaharlari bilan mashhur bir yurt O’zbekiston. Dinozavrlar uchun ham bir muzey ochilsa, qani, deya niyat qiladi professor Xans Diter Syus.
Professor O’zbekistondagi hamkasblari, xususan, Toshkentdagi Zoologiya instituti bilan hanuz aloqada. Ular hamkorlik davom etadi, yangidan yangi loyihalar amalga oshadi degan umidda.