Breaking News

O’zbekistonning katta qismi qishni gaz va elektr tokisiz kutib olmoqda


O'tgan yili O'zbekistonda qish qattiq kelib o'nlab insonlarning hayotiga zomin bo'lgan
O'tgan yili O'zbekistonda qish qattiq kelib o'nlab insonlarning hayotiga zomin bo'lgan
O’zbekistonda qish arafasida viloyatlarda va hatto poytaxt Toshkentda ham tabiiy gaz va elektr yetishmovchiligidan shikoyatlar ko’paygan.
O’zbekistonning katta qismi qishni gaz va elektr tokisiz kutib olmoqda/Malik Mansur
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:59 0:00
Yuklab oling

Hukumatning so’nggi yillarda yuritgan energetik siyosati qishloq aholisini tabiiy gazdan umid qilmaslikka ko’niktirgan, biroq hozir elektr ta’minoti ham izdan chiqib bormoqda.

Qish fasli tabiiy gaz va elektr chirog’i taminotidan mahrum qolayotgan o’zbekistonliklar sabrini yana bir bor sinaydi. Aholi hali qahraton boshlanmasidanoq gaz va chiroq muammosi bilan to’qnash turibdi. Yoz kunlarida o’rni bilinmagan bu taqchillik sovuq boshlanishi bilan aholini sarosimaga sola boshlagan.

“Gaz bo’lmaganidan keyin odamlar elektr plitada uylarni isitishadi, ovqat qilishadi. Oqibatda nagruzka kuchayib podstansiyalar portlab ketadi. Bu yilgi uzilishlar cho’qqiga chiqdi. Agar kelasi yildan 24 soat davomida chiroqni uzadigan bo’lsa, demak biz sham, fonuslar topib, shunga ko’nikib yashashga majburmiz. Biz majburmiz shu sharoitga ko’nikib yashashga, bo’lmasa qirilib ketamiz”, - deydi O’zbekiston Inson huquqlari tashabbus guruhining Fag’onadagi faoli Bahodir Eliboyev.

O’zbekiston tabiiy gaz va elektr quvvatini eksport qiluvchi davlat bo’lsa-da, bu mahsulotlar ichki ehtiyojni qondira olmasligi dolzarb ijtimoiy muammolardan. Har qanday fuqarolk harakati keskin ta’qibda bo’lgan mamlakatda qayd etilgan norozilik chiqishlarining aksariyati ham gaz va chiroq muammosi bilan bog’liq.

Hukumat so’nggi yillarda energetik siyosatni eksport hajmini oshirib, ichki ehtiyojni qisqartirishga qaratdi. O’n yillar avval milliardlab mablag’ sarflangan va ovoza qilingan qishloq joylarini tabiiy gaz bilan ta’minlash loyihasi inqirozga uchradi. Aholi puli evaziga tortilgan gaz quvurlari iste’moldan chiqarildi, keyinchalik markaziy yo’nalishga tutashtirilgan bu quvurlar mutlaqo kesib tashlandi.

Bu siyosat gaz ta’minotini ba’zida norozilik aksiyalari shaklida talab qilib kelayotgan qishloq aholisida zangori olov umidini mutlaqo so’ndirdi. Ammo energetik taqchillikning shaharlarga ham ko’cha boshlagani norozilikni yanada kuchaytirgan.

Yaqinda Samarqandning Sartepa mahallasidagi ayollar gaz va chiroq ta’minotini talab qilib katta yo’lni to’sib qo’yishdi. Shahar hokimyati bilan o’tgan muzokaralar natijasida chiroq va gaz ta’minoti tiklangani xabar qilinadi.

So’nggi vaziyatga ko’ra elektr chirog’i uzulishi Toshkentda ham kuzatilmoqda.

“Ertalabdan peshingacha o’chadi, yoki peshinda o’chib kechqurun yonadi. Biz elektr ta’minotiga telefon qilamiz, hech kim bo’lmaydi yoki doim band bo’ladi. U joyda bu narsa portlab ketibdi, shuni qilayapmiz deyishadi. Qishloqlardagi vaziyatni-ku gapirmasa ham bo’ladi, sutkasiga bir soat chiroq beriladi. Yaqinda bizdagi sharoit ham shunga borib qoladi”, - deydi poytaxtliklardan biri.

Bahodir Eliboyevga ko’ra, gaz va elektr ta’minotidagi uzilishlar, birmuncha avval boshlangan yonilg’i krizisi davom etayotgani mamlakatda tarang bir vaziyatni yuzaga keltirgan.

“Hozir odamlarni hukumat tepasida ketayotgan jiddiy o’yinlar unchalik qiziqtirmaydi, chunki ularning asosiy dardi uyi issiq va yorug’ bo’lsin. Hozir to’rtta odam bir joyda to’plansa, chiroqdan va gazdan gap boradi. Hukumat turli kuchlarga bo’linayapti, qaysidir biri odamlarni ham bunga aralashtirmoqchi, boshqa bir guruhi esa buni xohlamaydi. Hukumatdagi tartibsizliklarni xalqni ichiga tushirishmoqchi, bunaqa bo’layotgani uchun gaz kamayib ketdi yoki aksincha qabilasidagi gaplar bilan. Buning hammasi o’yin, aslida esa hech narsa o’zgarmaydi”, - deydi Eliboyev.

Yaqinda hukumat qaroriga ko’ra aholini gaz bilan ta’minlashda mas’ul hisoblangan idora “O’ztransgaz” kompaniyasi direktori ishdan bo’shatildi.

2010-yildan “O’ztransgaz”ga rahbarlik qilib kelgan To’lagan Jo’rayevning nima sababdan ishdan olingani noma’lum, kompaniya rahbarligi birinchi muovin vazifasida ishlab kelgan Bahodir Eshmurotovga yuklatilgan.

Ayrimlar bu o’zgarishni mamlakatda kechayotgan energetik taqchillikni yumshatish uchun tashlangan qadam sifatida baholashmoqda. Boshqa firklarga ko’ra kadrlar almashishi mavjud energetik siyosatni o’zgartirmaydi.
  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG