Moskvada to’rt yashar go’dakning kallasini olganlikda gumon qilinib qamoqqa olingan o’zbekistonlik enaga Gulchehra Boboqulova ikki oy muddatga hibsda o’tiradi. Sudda o’z aybiga iqror bo’lgan Boboqulova ruhiy tekshiruvdan o’tkaziladi. Moskvani larzaga keltirgan bu qotillik ortidan mehnat muhojirlariga munosabat yomonlashgan, hozirdanoq bir nechta o’zbekistonlik enagalar o’z ishidan bo’shatilgan, ayrimlari kaltaklab ketilgan. (VIDEO quyida)
Bu dahshatli jinoyat motivlari haqida hozircha hech narsa ma’lum emas. Boboqulovani bu jinoyatga tashviq etgan deb ko’rilayotgan uchunchi bir shaxs, tojikistonlik fuqaroga qidiruv e’lon qilingan.
Politsiyaning bildirishicha, Gulchehra Boboqulova Moskvadagi metro yaqinida to’rt yashar go’dakning kesilgan boshini ko’tarib, odamlarga baqirayotgan paytda ushlangan.
Boboqulova ancha yillardan beri ruhiy xastalikdan aziyat chekkani, Samarqanddagi ruhiy kasallar shifoxonasida ro’yxatda turgani haqida ma’lumotlar bor.
Moskvadan o’zbekistonlik jurnalist Sohiba Hayitboyeva:
“Bu voqea boshlanishi bilan hamma shuni taxmin qilayotgani edi, shunday bo’ldi. Mana ikki kunning ichida biz bilganimiz: Moskvaning o’zida sakkizta o’zbekistonlik enaga ishdan bo’shatildi. O’zbekistonlik, tojikistonlik ayollar ko’proq enagalik bilan shug’ullanishadi. Bu ishni topish, joylashishning o’zi bo’lmaydi. Bu voqea ortidan aynan o’zbekistonlik enagalarni ishdan ketkazilishini kutish mumkin. Ishdan ketganlarning bittasiga ochiq aytishgan, men rus enaga olmoqchiman deb. Bugun ertalab esa metro yaqinida ikki o’zbekistonlik muhojir faqat o’zbek tilida gaplashishgani uchun kaltaklab ketishibdi”.
Rossiyada markaziy telekanallar bu qotillik haqida sukut saqlashga qaror qilgani munozara uyg’otgan.
Yevropadagi muhojirlarning har qanday qilmishini dahshatli jinoyatlar tarzida taqdim etib kelgan kanallar Moskvada muhojirlar tomonidan amalga oshirilgan bu qotillik haqida hech narsa demayotgani g’alati, deydi tanqidchilar.
Sohiba Hayitboyev deydiki, Moskvada muhojirlarga munosabat shundoq ham salbiy ekan, bu voqeani televideniyelar orqali yoritish vaziyatni yanada qaltislashtirishi mumkin. Jurnalist qarorni ma’qullaydi.
“Moskvada, Rossiyadagi vaziyat shundayki, millatchilikni avj olishi uchun kichik bir turtkining o’zi yetarli. Hozir odamlar qotil ruhiy nosog’lom ekan, degani bilan buning vaziyatga ta’siri yo’q”, - deydi Hayitboyeva.
Qotillikka iqror bo’lgan O’zbekiston fuqarosiga doir ochiqlangan ma’lumotlarga ko’ra, Samarqanddagi ruhiy kasallar shifoxonasida ro’yxatda turgan Boboqulova uch farzandning onasi. Bolalari O’zbekistondagi yaqinlari qo’lida qolgan. Boboqulova ikkinchi eri bilan ajrashib, Moskvada noqonuniy ishlab kelgan.
Qotillikdan bir oy avval u passport almashtirish uchun O’zbekistonga borib kelgan.
Moskvada ishlayotgan huquq himoyachisi Bahrom Hamroyevga ko’ra, bu dahshatli jinoyatning tafsilotlari, sabablari aniq bo’lgunicha biror narsa deyish mushkul. Ayniqsa tergov qo’mitasining dastlaki xulosasida bu ishga islom ekstremistlari aralashgan, deb aytilishi bu jinoyatdan manfaatdor tomonlar ko’pligini ko’rsatadi, deydi u.
“Bundan Rossiya hukumati ham, hukumatda norozi bo’lgan yuz minglab fuqarolarini mamlakatga qaytarish choralarini qidirayotgan O’zbekiston tomoni ham manfaatdor”, - deydi Bahrom Hamroyev.
38 yoshli Gulchehra Boboqulova Moskvada o’zi enagalik qilgan oilaning to’rt yoshli farzandini o’ldirib, so’ngra bu xondonga o’t qo’yganlikda ayblanmoqda.