Prezident Islom Karimovning O’zbekiston mustaqilligining 20 yilligini nishonlashga tayyorgarlik ko’rish va uni o’tkazish haqidagi qarori bu hafta matbuotda asosiy o’rinni egalladi.
6 aprel kuni imzolangan qarorda “Buyuk va muqaddassan, mustaqil Vatan!” shiori ostida hozirlik ko’rish, turli tadbirlar uyushtirish, zarur inshootlarni bayramga tayyorlash masalalariga alohida e’tibor qaratiladi.
Qarorda mazkur tadbirlarni “ta'sirchan shaklda, rasmiyatchilik va balandparvozlikdan” xoli tarzda o’tkazish kerakligi uqtiriladi.
Axborot vositalarida keng yoritilgan yana bir mavzu – Amir Temur tavallud kuni 9 aprel bilan bog’liq. Markaziy nashrlarning har birida Amir Temurning faoliyati haqida katta maqolalar chiqdi.
Shuningdek, 7 aprel kuni Toshkentda o’tgan “Yevropa Ittifoqi - Markaziy Osiyo” doirasidagi uchrashuvlar ham matbuot sahifalarida.
“Xalq so’zi” gazetasi bergan xabarga ko’ra, diplomatik muloqotlarda sadvo va iqtisodiy aloqalar, xavfsizlik, energetika, atrof-muhit va suv masalalari muhokama qilingan. Tomonlar sheriklik va hamkorlik to’g’risidagi bitimga o’zgartirishlar kiritayotgani xususida protokol imzolangan. Lekin bu tuzatishlar nimalardan iborat ekani izohlanmaydi.
“Hurriyat” bu haftadagi sonida kinorejissyor Zulfiqor Musoqov bilan suhbatlashgan.
O’zbekiston kinosidagi bugungi vaziyat haqida mulohaza yuritgan rejissyor bu san’atda saviya tushib borayotganini aytadi.
“Televideniyeda kinoga bag’ishlangan beshta ko’rsatuv bor. “Kinoteatr”, “Kinomaniya”, “Kinotaqdim”, “Afisha”, “Kinokuryer”. Sizni studiyaga taklif qilishadi-yu, fikrlaringizning 90 foizini kesib tashlashadi”, - deydi Zulfuqor Musoqov “Hurriyat”ga bergan intervyusida.
Bu hafta “Zerkalo XXI” (www.zerkalo21.uz) gazetasi iqlimdagi o’zgarishlarning O’zbekistonga ta’siri haqida qiziq bir maqola chop etdi.
Ob-havoni o’rganish markazida o’tgan tadbirdan yozilgan materialda qayd etilishicha, o’lkada so’nggi 100 yilda harorat 1,2 darajada ko’tarilgan. 2004 yil ob-havo eng iliqlashgan davr bo’lgani aytiladi.
O’zbekiston tekisliklaridagi qorli kunlar davomiyligida ham o’zgarish kuzatilgan. Bunday kunlar qisqarib borayotgani aniqlangan. Iqlim o’zgarishining O’zbekistonga ta’siri haqidagi hisobotga ko’ra, 2030 yilga borib, havo 1-1,8 gacha iliqlashishi, 2050 yilda esa 2,6 gacha yetishi mumkin. Shu yilga kelib Amudaryoda suv zaxirasi 15 foizgacha, Sirdaryoda esa 5 foizgacha kamayishi taxmin qilinadi.
Maqolada iqlim isishi odamlar salomatligiga ham ta’sir ko’rsatishi, harorat bilan bo’gliq turli kasalliklar yuzaga chiqishi, tabiiy halokatlar ortishi haqida gap boradi.
Ekspertlar O’zbekistonda iqlim o’zgarishiga moslashish uchun milliy dastur ishlab chiqish zarur degan takliflar kiritgan.