“Rog’un loyihasi – O’rta Osiyoning Sunamisi”, deyiladi “Pravda Vostoka” (www.pv.uz) gazetasida shu sarlavha ostida bosilgan maqolada.
Maqolaga ko’ra, Rog’un to’g’oni qurilishi rejalanayotgan hududda yaqin 10 yil ichida kuchli zilzilalar kuzatilishi mumkin.
Tojikiston Bosh vaziri Oqil Oqilov Rog'un bo’yicha O’zbekiston hukumatiga yo’llagan javobida mazkur hududda 6 balldan yuqori zilzila ehtimoli yo’q deya eslatgan.
“Pravda Vostoka” qayd etishicha, Tojikiston Seysmologiya instituti direktori Sabit Negmatullayev matbuotga bergan intervyusida (ITAR-TASS, 15 mart 2011 yil) Yaponiyadagi kabi 9 balli zilzilalar haqida gapirgan.
“Negmatullayev yaqin 10 yil ichida Pomir-Hinduqush tog' tizmalari bo’ylab kuchli zilzilalar kutilishi mumkinligini ta’kidlamoqda”, - deb yozadi maqola muallifi “Gidroloyiha” tashkiloti rahbari S. Jigarev.
Uning fikricha Tojikiston bosh vaziri bayonotidan ko’ra o’z sohasining mutaxassisi Negmatullayevning mulohazalari diqqatga sazovor.
Yozilishicha, 335 metr balandlikdagi to’g’on kuchli zilzila oqibatidagi bosimga bardosh berolmaydi va Yaponiyada kuzatilganidan ko’ra bir necha barobar baland sunamiga sabab bo’lishi mumkin.
Muallif tahlilicha, toshqin dastlab 100 metr balandlikda bo’lib, soatiga 468 kilometr tezlikda Tojikiston, Turkmaniston va O’zbekiston hududlaridagi katta talofatlarga sabab bo’ladi.
Gazeta Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti delegatsiyasining O’zbekistondagi uchrashuvlari haqida ham xabar beradi.
Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining milliy ozchilik bo’yicha oliy komissari Knut Volebek boshchiligidagi delegatsiya Ombudsman Sayyora Rashidova bilan muloqot qilgan.
Shuningdek, delegatsiya O’zbekiston Tashqi ishlar, Oliy va Xalq ta’limi vazirliklarida muzokaralar o’tkazgan.
Yaqindan beri Amerikadagi o’zbeklar tomonidan chop etila boshlagan “Vatandosh” gazetasining internet sahifasi www.vatandosh.com ga O'zbekistondan hozircha kira olmaysiz.
Sayt adresini tersangiz yoki "Yandeks" singari tizimlardan gazeta nomini yozib qidirsangiz, sizni uning sahifasiga emas, boshqa manzilga olib boradi.
Tahririyat bu muammoni tan oladi. "Vatandosh"ning "Facebook" ommabop tizimidagi sahifasida qayd etishicha, bu domain (manzil) oldin boshqalar tomonidan ishlatilgan.
Gazetaning dastlabki soni 5000 nusxada tarqatildi. "Vatandosh" asosan ijtimoiy mavzularni yoritishni maqsad qilgan. Masalan o'zining ilk sonida Amerikada noqonuniy muhojirlikda yashayotgan o’zbekistonlik sobiq talabalar taqdiriga nazar tashlaydi.