Paxta terimi noyabrga borib tugasa ajabmas. O'zbekistonda bu yilgi mavsum, hukumat tilida "hashar" deya nomlanadigan yig'im-terim ishlari qanday ketayotganini tashqi dunyo, xususan, G'arb sergaklik bilan kuzatmoqda. Qo'shma Shtatlar va Yevropa Ittifoqi, O'zbekiston bilan rishtalarni mustahkamlashga harakat qilar ekan, Toshkentdan ijobiy o'zgarish kutmoqda.
AQShda asoslangan "Paxta kampaniyasi" (Cotton Campaign) mahalliy hamkorlari yordamida yig'ilgan ma'lumotlarni jamlab, terimning birinchi oyi haqida o'z tahlilnomasini (Review of the first month of the 2013 Cotton Harvest in Uzbekistan) chiqardi.
Hisobot huquq himoyachilari, mustaqil jurnalistlar va oddiy fuqarolar, terimchilar va paxtakorlardan olingan informatsiyaga asoslangan holda yozildi, deya bildiradi tashkilot.
Xo'sh, xulosa nima?
Birinchidan, O'zbekistonda oq oltin hamon asosan majburiy mehnat evaziga terilmoqda.
Ikkinchidan, paxta hali ham tamoman hukumat nazoratida, u majburan ektiriladi va sohada islohotlar ko'zga tashlanmaydi.
Uchinchidan, bolalar mehnati qonunan man etilganiga qaramay, paxtazorda o'quvchilar mehnatidan foydalanish davom etmoqda.
Hukumat majburiy mehnatni "hashar", ya'ni ixtiyoriy yordam, ko'ngilli ish sifatida ko'rsatishga urinib, davlat sektorida ishlaydiganlarni dalaga chiqishga qonunan ko'ndiradigan tizim ishlab chiqqan. Paxtazorga haydalayotgan fuqaro terimga o'z xohishim bilan chiqayapman, degan qog'ozga imzo chekadi. Bu hujjat mehnat shartnomasining bir qismi. Kollej talabalaridan ham shunday kontrakt talab qilinadi. Terimga chiqishni istamasangiz, "hashar" yo'lida pul to'laysiz. (Matn tagiga qarang)
Bu yil ilk bor BMT qoshidagi Xalqaro Mehnat Tashkilotiga vaziyatni kuzatish uchun ruxsat berildi. Lekin jarayon butkul hukumat nazorati ostida kechdi, ya'ni Milliy xavfsizlik xizmati ko'zi ostida. Terimchilarga chet ellik mutaxassislar bilan gaplashganida, paxtaga o'z istagi bilan chiqqanini aytish uqtirildi.
Terimga olib chiqilganlarning aksariyati 15-18 yosh orasidagilar bo'lib, kunlik norma 50-75 kiloni tashkil etgan. Talab bajarilgan taqdirdagina uning uchun haq to'langan.
Terimdan bosh tortganlar majburiyatdan 150 mingdan 800 ming so'mgacha pul berib qutulgan.
Terimchilar turar joy xarob ekani, sanitariya talabiga javob bermasligi va boshqa qator muammolardan noligan.
Xususiy sektor ham keng miqyosda terimga olib chiqilgan, aks holda 1,5 million so'mgacha pul to'lagan.
"Paxta kampaniyasi" to'plagan ma'lumotlarga ko'ra, mayda tadbirkorlar va kichik bizneslar 200-500 dollar orasida pul to'lash evaziga dalaga chiqmagan. Ko'plab firmalar haq to'lanmagan taqdirda soliq inspeksiyasi keladi deya ogohlantirilgan.
Terim paytida besh kishi halok bo'lgan, jumladan, Qarshida 17 yoshli Muxlisa Rajabova va Buxoroda 6 yoshli Amirbek Rahmatov. Qoraqalpog'istonda bir talaba qiz o'zini osgan, Qarshida bir talaba alamdan to'rt sinfdoshiga pichoq bilan tashlanib, birini o'ldirgan. Samarqandda esa 30 yoshli muallima paxtadan oilasini ko'rishga ketayotib, yo'l halokatida o'lgan.
Xorazmda jurnalist Sergey Naumov hibsga olingan, Buxoroda Bobomurod Razzoqov to'rt yillik qamoq jazosiga mahkum etilgan, Jizzaxda esa huquqbon O'ktam Pardayev uy qamog'ida saqlangan. Naumov bir ayolga tegajog'lik qilganlikda, Razzoqov esa inson savdosiga aloqadorlikda aybdor deb topilgan. Lekin ularning himoyachilari nazarida bu insonlar aslida paxta terimi yuzasidan ma'lumot to'plagani, tuzumni savolga tutgani va paxtakor manfaatlari uchun kurashgani sabab nishonga olingan. Pardayev o'tgan yili ham tazyiqqa olingan edi.
Tahlilnomada "Paxta kampaniyasi" O'zbekiston hukumatini repressiv siyosatda qoralab, mamlakat qonunchiligi va xalqaro qonunlarga zid ravishda ish tutayotganlikda tanqid qiladi. Yiliga paxtadan 1 milliard dollardan oshiq miqdorda daromad oladigan hukumat, deyiladi hisobotda, kvota tizimi va paxta sohasini tamoman o'z nazoratida saqlash yo'lidan qaytmoqchi emas.
Karimov ma'muriyati bu boradagi har qanday tanqidni inkor etib, paxta O'zbekiston xalqi boyligi va uni azaldan boqib kelmoqda, deya javob beradi. Ushbu hisobotga hali munosabat bildirmagan, lekin Xalqaro Mehnat Tashkilotini kiritish uchun kechgan muzokaralarda oq oltin bo'yicha siyosat, uni qanday terish va sotish ichki masala ekani eslatilib, xalqaro hamjamiyat, xususan, G'arbdagi tanqidchilar respublika madaniyati, qishloq xo'jaligi va sharoitini tushunmaydi, deya da'vo qilingan. Bolalar mehnatiga chek qo'yilgan, deya qayd etilgan.
Kuni kecha O'zbekiston Bosh vaziri Shavkat Mirziyoyev Toshkentdagi traktor zavodida gapirar ekan, 2016-yilga borib, paxtaning 80-90 foizi mashinada teriladi deb va'da bergan. 2014-yilda 3000 dona yangi vosita ishga solinishi rejalangan, deydi rasmiy. Biroq bu bayonotlarga jamoatchilik orasida ishonch past.
"Paxta kampaniyasi" 50 dan ortiq mahalliy va xalqaro tashkilot va guruhlar hamda bizneslarni birlashtirgan harakat bo'lib, uning asosiy maqsadi O'zbekiston paxta dalalarida majburiy mehnatga chek qo'yish. U O'zbekiston-Germaniya Inson huquqlari forumi bilan yaqindan ishlaydi.