Breaking News

Prezidentlik sayloviga start berildi, siyosiy maydonda o’zgarish yo'q


O’zbekiston prezidentligi uchun saylov kampaniyasi boshlanganini e’lon qilgan Markaziy saylov komissiyasi prezidentlikka nomzod ko'rsatish huquqiga ega beshta siyosiy partiyani taqdim etgan.

Bular O’zbekiston Liberal-demokratik partiyasi, Xalq demokratik partiyasi, “Adolat”, “Milliy tiklanish” va Ekologik partiya.

Bu taqdim O’zbekistondagi siyosiy maydon va siyosiy kuchlar maqomi chorak asrdan buyon biror o’zgarishsiz kelayotgani, keyingi besh yillikda ham katta ehtimol bilan shu tartibda davom etishini ko’rsatadi.

Prezidentlikka nomzodlar hozircha rasman noma’lum. Saylovda qatnashish vakolatiga ega siyosiy partiyalar Markaziy saylov e’lonidan so’ng harakatga tushishlari kutilmoqda.

Saylov 24-oktabrda bo’lib o’tadi. Nomzodlar saylovgacha ikki oy muhlatda ko’rsatilishi, 35 kun qolguncha Markaziy saylov komissiyasida ro’yxatdan o’tkazilishi kerak.

Siyosiy partiyalar o’z nomzodlari ro’yxatga olinganidan so’ng saylovchilardan imzo yig’ishga kirishadi.

“Amerika Ovozi” bilan gaplashgan sharhlovchilar 24-oktabrda kutilayotgan O’zbekiston prezidenti saylovlari xalqqa saylash, siyosiy tanlov imkoniyatini taqdim etmasligini avvaldan ta’kidlab kelishayotgan edi.

Buni saylov kampaniyasiga start berilganini e’lon qilgan Markaziy saylov komissiyasi ham tasdiqladi deyish mumkin. Har holda komissiya tomonidan nomzod surish vakolati berilgan siyosiy partiyalarning birortasi amaldagi hukumatga muxoliflikka, muqobillikka da’vogar emas.

Jamoatchilik orasida qiymati 300 milliard so’mga tushayotgan, taqdiri allaqachon hal qilingan bunday saylovlarni o’tkazishdan qanday naf borligi haqida munozaralar ham boshlangan.

O’zbekiston prezidenti uchun kimlar nomzod bo’lishi mavhum bo’lib turgan bir manzarada yuritilayotgan bu munozaralar aholida kutilayotgan saylovga nisbatan aniq xulosalar shakllanib ulgurganidan ham darak beradi.

Bu Karimov o’limidan so’ng o’tkazilayotgan ikkinchi prezidentlik saylovi bo’ladi.

2016-yilda prezidentlik saylovi muddatidan avval o’tkazildi, unda ham amaldagi beshta partiyadan nomzodlar ishtirok etgan. O’zbekiston Liberal-demokratik partiyasi tomonidan ko’rsatilgan Shavkat Mirziyoyev katta ustunlik bilan g’alaba qozongan edi.

Mirziyoyev g’alabasi ortidan keng ko’lamli islohotlarga tutilgan “Yangi O’zbekiston” g’oyasini taqdim etdi.

“Yangi O’zbekiston”da inson huquqlari oliy qadriyatga aylanayotgani, ochiq demokratik jamiyat bunyod etilayotgani, so’z va e’tiqod erkinligi ta’minlanayotgani ta’kidlab kelindi.

Mirziyoyevning islohotlar shiori ostida o’tgan besh yillik boshqaruvi yakunlanar ekan, siyosiy-ijtimoiy muhit, islohotlar va’dasiga qaramasdan, mamlakatdagi vaziyatda jiddiy o’zgarishlar bo’lmaganidan darak bera boshladi.

Ayniqsa, siyosiy erkinliklar, iqtisodiy rivojlanish, korrupsiyaga qarshi kurash masalasida siljish kuzatilmadi, boshqaruv usuli avtoritarligicha qoldi.

Prezidentlik saylovlari yaqinlashar ekan, hukumat jurnalistlar, blogerlar, faollarga nisbatan ta’qiblarni kuchaytirdi, bir nechta blogerlar hibsga olindi, siyosiy maydonga kirishga uringan faollar jiddiy bosimga olindi.

O’zbekistonda siyosiy harakat boshlashga uringan faollarga ko’ra, Prezident Mirziyoyevning islohotlar haqidagi chaqiriqlari cho‘pchak, Karimov davrida mustaqil, muxolif siyosiy faoliyatga qo’yilgan taqiqlar o’z kuchida qolmoqda. Mirziyoyev ham siyosiy maydonni ochish, raqobatga kirishish niyatida emas.

Mustaqil O’zbekiston tarixidagi ikkinchi Prezident Shavkat Mirziyoyev hozircha o’z nomzodini prezidentlikka surish qarorini bildirmagan. Ammo prezidentning matbuotda berilayotgan bayonotlari, hukumat rahbari darajasida rejalashtirilayotgan uchrashuvlar, uzoq muddatli strategik dasturlar qabul qilinayotganidan kelib chiqilsa, Mirziyoyev “Yangi O’zbekiston”ga ancha yillar yetakchilik qilish niyatida ekanligi ko’rinadi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG