Breaking News

Karimov Yevropaga chiqishning yangi yo'llarini sinab ko'rmoqda


Toshkent so’nggi paytda Rossiya yo’nalishiga muqobil yo’llar topish harakatini kuchaytirgan. Islom Karimovning yaqinda Turkmaniston va Ozarbayjonga safari shu bilan bog’liq ko’rilmoqda.

Qurbonguli Berdimuhammedov bilan Ashgabatdagi uchrashuvda ikkisi mintaqani Kavkaz orqali Turkiya bilan bog’lovchi temir yo’l haqida bayonot berdi. Ozarbayjonda Karimov Yevropaga chiqish uchun Boku-Tbilisi-Kars temir yo’lidan, shuningdek, Boku portlaridan foydalanish haqida gaplashdi.

Rasmiy Toshkent hukumatlar imzolagan 2013-2015-yillardagi iqtisodiy hamkorlik shartnomasini bu boradagi muhim hujjat sifatida e’tirof etadi.

Shu yil oxirida birinchi bosqichi ishga tushishi kutilayotgan bu temir yo’l loyihasi Navoiy-Turkmanboshi-Boku-Tbilisi-Kars yo’nalishi bo’yicha bog’lanishi ko’zda tutilgan.

Ozarbayjonlik jurnalist Topdiq Farxodo’g’li so’zlariga ko’ra, tez sur’atlarda qurilayotgan proyektga Markaziy Osiyoda qiziqish katta.

“Qadim Ipak yo’li o’rnini bosuvchi loyiha sifatida ko’rilmoqda. Agar ishga tushsa, qadimgi yo’l qayta tiklanadi deb aytish mumkin. Bu yo’l mintaqa davlatlariga real imkoniyat beradi. Yaqinda Qozog’iston tomoni ham bu yo’nalishga qo’shilishini bildirdi. Kavkaz mintaqa davlatlari energetik bozorlarini kengaytirish uchun ham qulay. Qozog’iston bu borada aniq loyihalarga qo’shilgan. Turkmaniston va O’zbekiston Nabukko loyihasiga qo’shilishi mumkinligi haqida gaplar bor, biroq hozircha buning amalga oshishi juda cho’ziladiganga o’xshaydi”, - deydi Farxodo’g’li.

Rasmiy Toshkent Yevropa bozorlariga chiqishda Rossiyani aylanib o’tuvchi muqobil yo’nalishlarga Kreml bilan munosabatlar sovuqlashgach zo’r bera boshladi.

Rossiya prezidenti Vladimir Putinning Qirg’iziston va Tojikistonga safari davomida mintaqadagi yirik GES qurilishlariga mablag’ ajratishga qaror qilingan, bu esa rasmiy Toshkentga yoqmagan.

Ayni paytda Toshkent va Moskva o’rtasidagi aloqalar ziddiyatli davrni boshdan kechirayotgani ta’kidlanmoqda.

Tahlilchilar so’zlariga ko’ra, ixtilof O’zbekistonni Markaziy Osiyoda Rossiya ta’siriga qarshi asosiy davlatga aylantirgan. Karimovning tashriflari aynan Kreml siquviga turib bera oladigan ittifoqni shakllantirishga urinish sifatida ham baholanadi.

Farxodo’g’li deydiki, Markaziy Osiyoda bu tashabbusni qo’llovchilar bo’lishi mumkin, lekin Ozarbayjonda emas.

“Ozarbayjon hukumatining Rossiyaga munosabati, Ozarbayjon xalqidan farqli, ancha yumshoq. Agar Karimov Rossiya ta’siriga qarshi qandaydir tashabbus bilan chiqsa ham, aytish mumkin, Boku uni qo’llab-quvvatlamaydi”, - deydi jurnalist.

Karimov Yevropaga chiqishning Rossiyadan boshqa yo'llarini qidirishga zo'r berdi/Maliik Mansur
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:56 0:00
Yuklab oling


Siyosatshunos Farxod Tolipov so’zlariga ko’ra, Rossiya harbiy ishtirokni oshirish bilan birga mintaqada o’ta muhim sanalgan suv masalasida ham nazoratga intilayotgani ziddiyatni kuchaytirmoqda.

“Rossiyaning Qirg’izistonda GES qurilishida ishtirok etishi, Tojikistondagi loyihalarga sarmoya ajratishi vaziyatni yanada chigallashtirdi. Bu bilan O’zbekiston manfaatlarini hisobga olmasligini ko’rsatdi. Loyihalarni shoshilinch ravishda ishga tushirishga hozirlik ko’rayotgandek. Lekin bu nazarimda juda erta qabul qilingan qaror”, - dedyi Tolipov.

Rossiya mintaqa davlatlarining an’anaviy strategik hamkori sanaladi. Markaziy Osiyoni Yevropa bilan bog’lovchi yo’llar Rossiya orqali o’tadi, mintaqa energo-resurslarining asosiy xaridori ham Moskva. O’zbekistonning iqtisodiy aloqalar bo’yicha ko’rsatkichida ham Rossiya birinchi o’rinda.
  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG