Prezident Shavkat Mirziyoyev hozirgacha Qozog‘iston va Turkmanistonga tashrif buyurdi, bu qo‘shnilar bilan hamkorlikning yangi davri boshlangani e’lon qilindi.
Ekspertlar nazarida O‘zbekistonda yangi rahbariyat Markaziy Osiyoda integratsiyani quvvatlar ekan, bu masala yanada dolzarblashgan.
Mirziyoyevning navbatdagi tashrifi Qirg‘izistonga kutilar ekan, Bishkekda Prezident Almazbek Atambayev bu lavozimni bo'shatish taraddudida. O‘zbekiston rahbari u yerda kelasi hafta bo'ladi. Prezident saylovlari esa Qirg'izistonda 15-oktabrda o'tadi. Kampaniya avjida.
Yaqinda O'zbekiston Bosh vaziri Abulla Oripov Qirg'izistonga borib, Atambayev va prezidentlik saylovidagi nomzodlardan biri, Bosh vazir Soronboy Jeenbekov bilan muzokaralar o‘tkazgan edi. .
Prezidentlar ko'rib chiqadigan asosiy masala - chegaralarni aniqlashtirish, bordi-keldidagi to‘siqlarni bartaraf etish va serqirra munosabatlarni rivojlantirish.
Mirziyoyev hokimiyatga kelishidan so‘ng Toshkent mintaqaning barcha davlatlari bilan ochiq munosabatlar qurib, hamkorlikni kengaytirishni istashini e'lon qildi.
Mintaqa bugun o‘zaro hamkorlikka intilmoqda. Toshkentning bu boradagi tashabbuslari turtki bo'ldi, deydi sharhlovchilar.
Avgust oyida Toshkentda o‘tgan xalqaro konferensiyada mintaqa rasmiylari xalqaro tashkilotlar ishtirokida hamkorlik istiqbolini muhokama qildi.
Anjumanda uzoq yillar unutilgan mavzu - mintaqaviy integratsiya masalasi ham kun tartibiga chiqdi.
“Markaziy Osiyoda o‘zaro hamkorlik masalasi yana dolzarblashmoqda. So‘nggi bir necha oy mobaynida mintaqaviy integratsiyaga nisbatan ehtiyoj yuzaga chiqayotgani kuzatiladi, bu juda ijobiy holat. Bu borada O‘zbekiston muhim o‘rin tutadi. Yangi rahbariyat qo‘shni davlatlar bilan munosabatlarni ustuvor yo‘nalish sifatida e’lon qildi, bu aniq sezilyapti. O‘zbekiston mintaqani hamma davlatlar bilan chegaradoshligi uchun ham bu borada muhim o‘rinni band etadi. BMT O‘zbekistonning bu tashabbusini qo‘llab-quvvatlaydi”, - deydi mazkur konferensiyada qatnashgan BMT Bosh kotibining maxsus vakili Petro Draganov.
Yana bir qatnashchi, Qozog‘iston prezidenti huzuridagi strategik tadqiqotlar instituti vakili Irina Chernix:
“Biz hozir (mintaqaviy intergratsiya masalasida) yangi turtkiga guvoh bo‘lyapmiz, chunki O‘zbekiston ochilyapti, islohotlar o‘tkazilmoqda. Mintaqa biznesiga imkoniyat berilmoqda, shu bilan bir qatorda ichki imkoniyatlari ham juda yuqori. Men ishonaman, hozir biz mintaqaning xalqaro siyosiy maydondagi real subyektga aylanishi arafasida turibmiz”.
Mintaqada suv taqsimoti bilan bog'liq ziddiyatni hal etishda BMT vositachilik qiladi, degan umid bor. Ammo bu pozitsiya mintaqa davlatlari tomonidan birdek quvvatlanishiga umid kam.
Tojikistonning Toshkentdagi elchisi Sodiq Imomi deydiki, suvdan foydalanish masalasini tomonlarning o‘zlari hal etishlari lozim.
“Kun tartibida turgan muammolar yechimi haqida gapiradigan bo‘lsak, ya’ni men suv energetika masalasini ham nazarda tutayapman, ishonamanki, bizning davlatlarimiz tashqi kuzatuvchilar ishtirokisiz, ta’sirisiz ham bu masalada o‘zaro manfaatli bo‘lgan yechim topish imkoniyatiga ega”, - deydi Tojikiston elchisi.
Mirziyoyev Qirg‘izistonga borganida bu mavzu ko'tarilsa ajabmas.
Facebook Forum