Breaking News

O'zbekistonda adabiyot ahli prezident nazariga tushdimi?


O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev

Adabiy jamoatchilik O'zbekistondagi ijtimoiy-siyosiy jarayonda muhim o'rin tutib kelgan. Islom Karimov davrida shakllangan 27 yillik avtoritar tuzumning ashaddiy tanqidchilari ham, uni ko'klarga ko'targanlar ham shu jamoa vakillaridir. Prezident Shavkat Mirziyoyevning shoir va yozuvchilar bilan uchrashishi ortidan adiblarning yana davlat rahbarini madh etuvchi qatlamga aylanish ehtimoli baland.

Uchrashuvda, asosan, hukumatga, Yozuvchilar uyushmasi rahbariyatiga yaqin odamlar qatnashgan. “She'riyatga oshno ko'ngillar kam bo'lmasligini” ta'kidlagan prezident shoirlar xiyobonida adabiy uchrashuvlarga mo'ljallangan majmua yaratish lozimligini aytgan.

Bu Mirziyoyevning yozuvchilar bilan ilk uchrashuvidir. Kengaytirilgan tartibda yana bir muloqot o'tkazish rejalangan.

Karimov davrida adiblar tarqoqlashgan: maddohlar va tuzum tanqidchilari. Matbuotda va ijtimoiy tarmoqlarda yangi prezidentni ulug'lovchi madhiyalar avjiga chiqmoqda. Tanqidchilar esa turg'unlikda va erkinlik istab keladi.

Adabiyotshunos Baxtiyor Isabek - Karimov tuzumining tanqidchilaridan biri. U Mirziyoyev adiblar bilan uchrashganini biladi.

“Hamma soha vakillariga, shu jumladan, yozuvchi-shoirlarga ham birinchi navbatda erkinlik, demokratiya kerak. Men buni dastlabki muammo sifatida ko'tarardim, matbuot erkinligi, ayni paytda so'z va fikr erkinligi. Agar muammolar haqida so'raladigan bo'lsa, muammoni ochiq aytganlik, uning yechimini taklif etganlik uchun odamlarni ayblashni to'xtatish kerak. Hozir yaxshi gaplar bo'layapti, lekin bu va'dalarni bajaradigan tizim bo'lishi kerak. Mirziyoyevning bir o'zi, devoni bilan har yoqqa yugurgani bilan ish bitmaydi. Matbuotni ochib qo'ysin, hukumatni tanqid qilgani uchun qamoqqa tashlamasa, tazyiqqa olmasa, uning bir o'zi har tomonga yugurishiga ham hojat qolmaydi”, - deydi Baxtiyor Isabek.

Siyosiy muhojirlikda yashayotgan yozuvchi Safar Bekjon esa Karimov ham hokimiyatining dastlabki yillarida yozuvchilar bilan muloqot qilgan, keyinchalik esa bu muloqot to'xtab, tuzum tanqidchilari tazyiqqa olingan, olqishlaganlar esa siylangan.

“Mirziyoyev hammasidan xabardor, jamiyat boshi berk ko'chaga kirib qolganini yaxshi biladi. Bu haqda o'zi gapirayapti, bularni ochiq hal qilish uchun salohiyat kerak. Shuning uchun ham bu uchrashuv Karimov davrini eslatayapti. Hali hech narsa o'zgarmadi, siyosiy mahbuslar qamoqda, muxolif fikrlovchi ijodkorlarga erkinlik, istagan joyda o'z yig`ilishlarini o'tkazishiga imkoniyat berilgani yo'q. Hatto mustaqil fikrlovchi, Mirziyoyevni qo'llab turgan ijodkorlarga ham ruxsat yo'q. Ruxsat faqat Prezident devoni, Yozuvchilar uyushmasi rahbariyatiga yaqin 5-10 ta yozuvchi uchun. Bu guruh esa yozuvchilarning muqobil bir guruhi paydo bo`lishi, Mirziyoyev bunga qarshilik ko'rsatmasligi mumkinligidan tahlikada”, - deydi Safar Bekjon.

O'zbek adabiy jamoatchiligi jamiyatdagi o'rnini yo'qotgan. Ijtimoiy hayotda nafaqat muammolarga befarqlik kuchaygan, balki adabiyotga qiziqish pasaygan.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG