Breaking News

Mirziyoyev oldidagi asosiy to'siq nima?


O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev

O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning navbatdagi videoselektor yig‘ilishi ham jamoatchilikda katta qiziqish bilan kutib olindi. Keskin tanqid, hayfsan va nihoyat xalqning sabr-toqatiga bosh egish lozimligi bilan kuzatilgan bu chiqish Mirziyoyev yetakchiligidagi islohotlarning o‘ta qiyin kechayotganidan darak sifatida qabul qilinmoqda.

Prezident amaldagi kadrlar faoliyatidan, eskicha ishlash usulidan norozi, hukumatga yoshlarni jalb qilmoqchi. Ammo Mirziyoyev hokimiyatda to‘liq nazorat o‘rnatishi uchun yillar talab qilinishi aytilmoqda.

Mirziyoyevning kadrlar siyosati
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:05:40 0:00

Mirziyoyev 9-avgust kuni Toshkent shahrida o‘tgan navbatdagi yig‘ilishda Qoraqalpog'iston Jo'qorg'i kengesi rahbari Muso Erniyozovni, Toshkent viloyati hokimi Shukrullo Boboyevni keskin tanqid qildi, majlisbozlik ko‘payib ketgani haqida gapirdi. Joylardagi rahbarlar faoliyatidan, shuningdek, ijtimoiy ahvoldan qoniqmagan prezident behuda majlisbozlikni to‘xtatishga, ishlashga chaqirdi.

Mirziyoyevning jamoatchilikda iliq qarshilangan fikrlaridan biri oddiy aholi, aniqrog‘i, odamlarning dard va hasratlaridan uzilib qolgan rahbarlarga chidab kelgan xalqning sabr-bardoshiga bosh egish lozimligi haqida bo‘ldi.

“Haliyam biz barchamiz o‘z xalqimiz uchun bosh egib, sajda qilishimiz kerak, bardosh bergani, chidagani uchun. Mana nima uchun biz bu yig‘ilishda to‘plandik. Biz ishimizni mutlaqo yangi tizim asosida tashkil etmoqchimiz”, - dedi amaldorlar faoliyatidan qoniqmayotgan Mirziyoyev.

Prezident ishlashni xohlamayotgan rahbarlardan o‘z o‘rnini bo`shatib qo‘yishni, lozim taqdirda yoshlarni vazirlik amaliga olib kelishga tayyorligini eslatdi. Yaqin ikki yil ichida prezident, asosan, yoshlardan iborat jamoa to‘plashga va’da berdi.

“Ishlamaganlar ketadi. Ikki yil chidanglar, ikki yil o‘zlaringni qiynanglar. Ikki yildan keyin bari joyiga tushadi. Ikki yildan keyin yosh yigitlar keladi. Zabardast fidoyi, muhimi vatanni sevadigan bolalar. Mana, hozir yoshlar kelyapti. 25 yosh bo‘lsayam vazir qilaman! Vatanni sevsa, bo‘ldi! O‘rgataman ularni. Sizlar esa shuncha selektordan keyin ham o‘rganmayapsizlar”, - dedi prezident.

Shavkat Mirziyoyev hozirgacha yuzlab kadrlarni almashtirdi, amaldorlardan yangicha ishlashni talab qilib, yoshlarni ham hukumatga jalb qilmoqda.

Ayniqsa, 23 yoshli Alisher Sa’dullayevni Xalq ta’limi vaziri o‘rinbosari, 25 yoshli Olim To‘ychiyevni Fan va texnologiyalar agentligi rahbariga o‘rinbosar qilib tayinlashi jamoatchilikda ancha munozara qo‘zg‘adi. Bu yosh kadrlar faoliyatidan Mirziyoyevning qanchalik qoniqayotgani haqida ma’lumot yo‘q, ammo hukumatga yoshlarni ko‘proq jalb etishda davom etmoqchi.

Haqiqatda esa bugungi vaziyatda ham Karimov davrida shakllangan hukumat tarkibida keskin o‘zgarishlar bo‘ldi deyish qiyin. 13 yil bosh vazirlik qilgan Mirziyoyev prezidentlikka kelishidan so‘ng hukumatga chaqirayotgan kadrlarining aksariyati Karimov davrining sobiq amaldorlari.

Siyosatshunoslar hokimiyatga kelganiga yaqinda bir yil to‘lishi kutilayotgan Mirziyoyevning vaziyatni to‘liq qo‘lga olishi uchun uzoq vaqt kerakligini aytishmoqda.

Siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov ham shunday fikrda.

“O‘zbekiston davlatchiligini mutlaq nazorat qilayotgan davlat organlari va ularning qudratli shaxslari to‘laligicha hokimiyatda turishibdi. Bugungi kunda yosh prezident, ya'ni yangi prezident Mirziyoyevning vaziyatni to‘liq qo‘lga olishiga uzoq vaqt kerak. Karimov davridan kelayotgan bu qudratli shaxslar o‘zlarining veto berish huquqini saqlab qolmoqda. Agar ular prezidentning fikriga qo‘shilmasa, bu haqda ohista yo‘llar bilan signallar berish qudratiga ega va beryapti ham. Xullas, Mirziyoyev hokimiyatni to‘liq qo‘lga olishi uchun hali yillar bor”, - deydi Rabbimov.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG