AQShda prezidentlikka da'vogar shaxs vitse-prezidentlik uchun ham nomzod tanlashi kerak. Bu borada odatda saylovdan 3-4 oy oldin e'lon qilinadi.
Massachussetts shtati sobiq gubernatori, multi-millioner tadbirkor, uzoq yillardan beri siyosiy sahnadan tushmay kelayotgan Mitt Romni, respublikachi nomzod, vitse-prezidentlikka Viskonsin shtatidan kongressmen, 42 yoshli konservator Pol Rayanni ma’qul topdi.
Birgalikda ular amaldagi prezident Barak Obama va vitse-prezident Jo Baydenni yengmoqchi.
Amerikada vitse-prezidentlik o’tgan 20 yil ichida ancha kuchli lavozimga aylandi. Davlat rahbari biror sabab bilan vakolatini bajara olmasa, hokimiyat vitse-prezidentga o’tadi. U, shuningdek, Senatda prezidentlik qiladi, ovozlarni muvozanatlab turadi.
Vashingtonda ko’zga ko’ringan siyosatshunos Robert Dadli deydiki, saylovda bu figura prezidentlikka nomzodning suyangan tog’i.
“Ular juda muhim… Nomzodga kuch beradi, uning nufuzini oshiradi, ko’proq ovoz olishi uchun har jihatdan hissa qo’shadi”.
Saylangach esa vise-prezident davlat rahbarining bosh maslahatchisi. Ammo u har doim ham katta rol o’ynamasligi mumkin. Gap malaka va zehnda. Bu arbob qancha ko’p siyosiy tajribaga ega bo’lsa, shuncha yaxshi.
1980-yilda Ronald Reygan vitse-prezidentlik uchun Jorj Xerbert Bushni tanlagan. Bush sobiq elchi va kongressmen edi, shuningdek, Markaziy Razvedka Boshqarmasi direktori.
1992-yilda Bill Klinton yetakchi senator Al Gorni muovinlikka loyiq ko’rgan.
Oradan sakkiz yil o’tib, Jorj Bush prezidentlikka intilganida, unga sobiq mudofaa vaziri Dik Cheyni sherik bo’ldi.
2008-yilda yosh senator Barak Obama Oq Uy uchun kurash boshlab, yoniga keksa siyosatchi, senator Jo Baydenni oldi. Bu yilgi saylovda ham Bayden unga hamroh. Obama vitse-prezidentdan rozi.
Vashingtonga yangicha fikrlaydigan arboblar kerak deya uncha tanilmagan shaxsni sheriklikka tanlagan nomzodlar odatda boy beradi, deydi tahlilchilar. Masalan, 1988-yilda Oq Uyga qayta saylanish uchun Jorj Bush yosh senator Den Kueylni vitse-prezidentlikka ma’qul ko’radi. Lekin Klinton va Gor, har ikkisi yosh, ammo taniqli siyosatchilar saylovda g’olib chiqadi.
1984-yilda Reygan bilan prezidentlik uchun bellashgan Volter Mondeyl muovin sifatida Jeraldin Ferraroni tanishtiradi, AQShda vitse-prezidentlikka loyiq ko’rilgan birinchi ayol.
2008-yilda Jon Makkeyn bu lavozimga Alyaska gubernatori Sara Peylinni
ko’rsatdi va yutqazdi.
Ko’plab amerikaliklar prezidentga ovoz berayotganida vitse-prezident kim bo’lishi uncha muhim emas, deydi. Lekin boshqalar nazarida bu mansabda kim bo’lishi katta ahamiyatga ega.
Chunki biror ko’rgulik bo’lib, prezident kursisi bo’shab qolsa, uni darhol vitse-prezident egallaydi.