Breaking News

Senat energetik islohotlar bo'yicha qonun loyihasini ko'rib chiqadi


Senatning Energiya va tabiiy resurslar qo'mitasi raisi Liza Murkovski
Senatning Energiya va tabiiy resurslar qo'mitasi raisi Liza Murkovski

Amerika energetika sektorini isloh qilish va zamonaviylashtirishga qaratilgan qonun loyihasi Senatda ko’riladi. Neft eksportiga qo’yilgan taqiqning bekor qilinishi ortidan tabiiy gaz va strategik ahamiyatga ega mineral xom-ashyoni ham chet elga sotishga ruxsat berilishi mumkin.

Senatning Energetika qo’mitasi raisi Liza Murkovski yangi qonunni o’tkazishga urinmoqda.

“Hujjat Amerikaga ko’proq energiya ishlab chiqarishiga yordam beradi. Natijada yoqilg’i arzonlashadi. Iqtisodiyotni kuchaytirish va hamkorlarimiz xavfsizligini ta’minlash uchun suyultirilgan gazni eksport qilishga ham kelishib oldik. Toza energiya manbalarini ham targ’ib qilamiz”, - deydi senator Murkovski.

Qonun neft va gaz sanoati manfaatlarini ham hisobga oladi.

“Kelajakda dunyoda neft va gazni kim ishlab chiqaradi, degan global kurashda o’ralashib qoldik. Bu OPEKmi, Rossiya yoki Venesuelami? Yoki biz bo’lamizmi?” - deb so’raydi senator Jon Xoven.

Ayrim senatorlarning iqlim o’zgarishiga doir xavotirlari ham hisobga olingan.

“2015-yil yer yuzida eng issiq yil bo’ldi. Bu fakt. So’nggisi ham emas”, - deydi demokrat senator Sheldon Vaytxaus.

“Neft importini 60 foizga qisqartirdik. Zararli gazlarni kamaytirish bo’yicha jahonda eng ko’p ishni biz bajardik. Bir litr benzin 50 sentdan kamroq, yomonmas”, - deydi Prezident Barak Obama.

Iqlim o’zgarishiga doir global kelishuvga qo’shilgan Amerikaning kelajagi toza energiya bilan bog’liq, deydi prezident.

“Ish o’rinlari yaratamiz. Pul tejab, sayyoramizni ham asraymiz. Farzand va nabiralarimiz shunday kelajakka arziydi va buni uddalay olamiz”, - deydi u.

“Prezident Obama mamlakatning energetika siyosatini bir o’zi hal qilishga urinib, Kongress olib borayotgan ishlarni pisand qilmadi. U joriy qilgan nazorat qoidalari energiyani qimmatlashtirib, ta’minot tizimiga salbiy ta’sir ko’rsatadi”, - deydi senator Liza Murkovski.

Amerika energetika sanoatining kelajagi qanday bo’lishi haqida bahslar davom etmoqda. Shunday ekan, yangi qonunning siyosiy ma’noda tarqoq Kongressdan o’tib, Obama qo’ligacha yetib borishi savol osida.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG