Breaking News

Vashingtonda quyosh batareyalari ko’paymoqda


Quyoshdan quvvat olayotgan xonadonlar
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:24 0:00

Quyoshdan quvvat olayotgan xonadonlar

Poytaxt Vashingtonda quyosh batareyalari ko’paymoqda. Ilgari zamonaviy texnologiyaning bu turiga faqat badavlat xonadonlarning qurbi yetgan bo’lsa, bugunda kam daromadi oilalar ham undan tekinga foydalanishi mumkin. Shahar rahbariyati shunday loyihani amalga oshirmoqda.

Vashington janubi-sharqidagi bu mahallada asosan kambag’al oilalar yashaydi. Endi esa bu yer ahli yangi texnologiyadan foydalana oladi – uylarga quyosh batareyalari o’rnatilmoqda. Bu innovatsiya oilalar uchun byudjet masalasini ancha osonlashtirdi.

"Juda xursandman. Elektr toki uchun to’lovlar ancha kamaydi. Hozir oyiga 40 dollar chiqyapti. Ilgari 200 dollar to’lardik”, - deydi Tila Felder.

Shahar merligi qaroriga ko’ra, uch kishilik oilaning yillik daromadi 50 500 dollardan oshmasa, quyosh batareyalarini uyiga tekinga o’rnatishi mumkin. To’rt kishilik oila uchun esa yillik daromad 60 ming dollardan oshmasligi kerak.

“Joriy yilda 135 xonadonni quyosh batareyalari bilan ta’minlaymiz. Kelasi yilgi mo’ljal – 200 ta uy. So’nggi to’rt yilda rejalarimizni bajarib kelyapmiz. Kelasi yil uchun mablag’ bor. Balki 250 ta uyda batareya o’rnatarmiz”, - deydi shahar hokimiyatidan Ted Trabyu.

Loyiha ilk bosqichda. Shunga qaramay, deydi quyosh batareyalarini o’rnatadigan mutaxassis Atta Kiarash, Vashington bo’ylab joriy yilda 1200 ta batareya ishga tushadi. Albatta, bu serquyosh Kaliforniyaga qaraganda kamroq. Ammo kelasi yili bu ko’rsatikich ikki baravarga oshishi mumkin, deydi rasmiylar.

“Aksariyat mijozlarimiz biz haqimizda batareya o’rnatgan tanishlaridan yoki hamkasblaridan eshitadi. Shunda ular biz bilan bog’lanadi. Biz oila daromadini tekshirib chiqamiz, uyini borib ko’ramiz. Agar talablarga javob bersa, batareyalar o’rnatish jadvaliga kiritamiz va ishni boshlaymiz”, - deydi mutaxassis.

Loyiha uchun mablag’ni zavod va fabrikalar ajratgan - havoga zararli gazlarni chiqarish evaziga to’langan tovon puli. Hukumat rasmiylari quyosh batareyalari ommaviylashsa, millionlab dollar tejalishini aytadi. Kambag’al oilalar elektr toki uchun to’laydigan pul ancha kamayadi, yangi ish joylari yaratiladi, innovatsiya rag’batlantiriladi.

Vashingtonda yashovchi Edvin Emeyker tomidagi 16 ta quyosh batareyasi bilan oilasining kelajagi porloq ekanini aytadi.

“Menga elektr toki uchun to’lovlar 30-40 foizga kamayadi, deyishdi. Bu juda muhim. Chunki bugun energiya juda qimmat. Menga bu ma’qul keldi, albatta. To’lovlar qancha kam bo’lsa, oilamga shuncha ko’p qoladi”, - deydi u.

Vashington mutasaddilari kelasi yilga kichik va o’rta biznes uchun shunga o’xshash loyiha boshlash niyatida. Undan so’ng davlatga qarashli binolarda ham quyosh batareyalari o’rnatiladi. Qarabsizki, poytaxt Vashington ekologik jihatdan toza shaharga aylanadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG