Xitoylik taniqli rassom va dissident Ay Veyvey qochqinlar inqirozi haqida hujjatli filmni suratga olmoqda. So’nggi hisoblarga qaraganda, bugun dunyoda mojaro va tabiiy ofatlar sabab 41 million odam boshpanasiz. Ay Veyvey Yevropa va Yaqin Sharqda tadbirlar uyushtirib, qochqinlar taqdiriga e’tibor qaratmoqda.
Filmning bir qismi G’azo sektorida olinadi. Ay Veyvey falastinliklar bilan suhbatlar o’tkazyapti.
“Bilamizki, jahondagi eng yirik qochqinlar guruhi bu - falastinliklar. Eng uzoq davom etayogan mojaro ham shu. G’azodagi bugungi ahvol bizni tashvishga solmay qo’ymaydi. Filmda albatta bularni ko’rsatish kerak”, - deydi faol.
Ay Veyvey 2014-yilda Isroil aviatsiyasi tomonidan bombardimon qilingan va haligacha xaroba bo’lib yotgan hududlarni ko’zdan kechirdi. Shuningdek, G’azoni Misr bilan bog’laydigan Rafa chegara punktida bo’ldi. Chegara ko’pincha yopiq.
“Bu yerda sharoit nihoyatda achinarli. G’azo sektorini har tomondan yakkalab, qamal ostida saqlashmoqda. Aholi erkin harakatlana olmaydi, huquqlari cheklangan. Haqiqiy fojia bu”, - deydi xitoylik suratkash.
Ay Veyvey 2008-yilgi Olimpiya o’yinlari uchun Pekinda qurilgan “Qush uyasi” stadionini loyihalash ishlarida qatnashgan. Hukumatni tanqid qilgani uchun 2015-yilgacha uy qamog’ida saqlandi. Mana bir necha oydan buyon san’atkor Yevropada migrantlar huquqini targ’ib qiladi.
“Yevropa bir yoqadan bosh chiqarib, bu muhtoj odamlarga yordam bera olgani yo’q, hamdardlik ko’rsata olgani yo’q. Bu inqiroz insoniylik uchun sinov, inson huquqlari uchun sinov”, - deydi Veyvey.
Yanvar oyida rassom Daniyada muhokama qilingan qonun loyihasini qoralab chiqqan edi. Qonundan maqsad qochqinlardan pulini va qimmatbaho buyumlarini musodara qilish bo’lgan. O’tgan oy esa Veyvey Gretsiya-Makedoniya chegarasida turib qolgan minglab qochqinlar musiqadan bahramand bo’lsin deb, ularga oq pianino yetkazib berdi.
Shu kungacha Ay Veyvey boshchiligidagi kinoijodkorlar migrantlar, siyosatchilar, ruhoniylar va nohukumat tashkilotlar bilan 600 soatdan ko’proq suhbatlarni tasvirga oldi. Hujjatli film kelasi yili ommaga havola etiladi.