Dunyoda ko'pchilik amerikaliklar deganda ko'z oldiga kovboylarni keltiradi. Aslida kovboylar mamlakatning faqat g'arbiy chekka hududlarida yashaydi va ularning soni juda kam.
Ammo bu hudud va kovboy madaniyatining jozibasi shu mavzudagi kitoblar va filmlar orqali butun dunyoga tanish. "Longmayr" teleseriali ana shunday asarlardan. "Amerika Ovozi" asar muallifi Kreg Jonson bilan suhbatlashdi.
Sherif Uolt Longmayr haqidagi film va kitoblarning muxlislari uning to'qima obraz ekaniga ishongisi kelmaydi.
Vayoming shtatidagi ranchoda yashovchi muallif Kreg Jonson voqealarni, ko'pincha, mahalliy gazetalardan oladi.
"Qahramonimning g'arbiy shtatlardagi sheriflarga xos narsalar bilan band bo'lishini xohlayman. Bu haqda gazetalar ko'p yozadi, ular kitob uchun tayyor manba", - deydi u.
Jonsonning qahramoni kovboylarga oid mavjud stereotiplarga mos tushmaydi.
"U ortiqcha vaznga ega, yoshi ham katta, tushkun bir odam. Lekin har kuni ertalabdan kundalik yumushlarini bajaradi. Men uchun haqiqiy qahramonlik shu", - deydi Jonson.
"Longmayr" haqidagi 15 ta kitob ikki xil janr bo'yicha muxlislarga ega: vestern va detektiv.
"Kitobni o'qishingiz bilan o'ziga rom qiladi", - deydi muxlislardan biri.
"Ko'plab yaxshi qahramonlar bor. Ular Longmayrga yordam beradi. U yaxshi odam", - deydi bir bolakay.
Xyustonlik Kris Kreb ranchoda ulg'aygan va kitobdagi shaharchani o'ziga yaqin oladi.
"Bolaligimni esga soladi u. Hamma bir-birini tanirdi, do'stona munosabatda bo'lardi. Shu narsani sog'inaman", - deydi u.
Jonson "Longmayr" asarini 2004-yilda boshlagan. 2012-yil "Netflix" kompaniyasi shu haqda teleserial boshlagach, savdo qizib ketdi, deydi u.
Longmayrning yaqin do'sti Genri Stending Bea Shimoliy Shayen qabilasidan. Uning rolini Lyu Daymond Filips ijro etgan. Jonsonning aytishicha, bunday obrazlarni yaratishda unga hindu qo'shnilari va do'stlari yordam bergan.
"Men hindu emasman. Boshqa odamlarning madaniyati va jamiyati haqida yozyapman. Imkon qadar xolis bo'lishim muhim", - deydi yozuvchi.
Jonsonning navbatdagi kitobida Janubiy Dakotadagi Sturjis rallisidan qaytayotgan minglab mototsiklchilar Vayomingdagi kichik shaharchadan o'tadi.
"Shaharda 396 odam, bir politsiyachi bor. Yarim million mototsiklchi kelgan. Uolt, Genri va Vik nimadir qilishi kerak", - deydi Jonson.
"Kundek ravshan fakt" deb nomlangan navbatdagi kitob sentabrda sotuvga chiqadi. "Trassadagi odam" novellasi esa allaqachon kitob do'konlarida.