Breaking News

Janubiy Amerika davlatlari Assanjga boshpana bergan Ekvador tomonida


Vikiliks asoschisi Julian Assanj Ekvadorning Londondagi elchixonasi balkonidan turib, bayonot qilmoqda. 19-avgust, 2012-yil.
Vikiliks asoschisi Julian Assanj Ekvadorning Londondagi elchixonasi balkonidan turib, bayonot qilmoqda. 19-avgust, 2012-yil.
Janubiy Amerika davlatlari tashqi ishlar vazirlari Ekvadorning Julian Assanjga siyosiy boshpana berish qarorini qo’llab-quvvatlamoqda.

Assanj AQShning diplomatik maktublarini internetda oshkor etgan Vikiliks sahifasining asoschisi bo’lib, Shvetsiya hukumati Britaniyadan uning ekstraditsiyasini talab qilgan edi. Assanj Shvetsiyada jinsiy tajovuzga doir bir ishga aloqadorlikda ayblanmoqda. Ammo uning aytishicha, bu bir bahona xolos. Aslida Qo’shma Shtatlar uni ushlab, maxfiy materiallarni oshkor etgani uchun jazolamoqchi ekanini aytadi.

Ekvador prezidenti Assanjga siyosiy boshpana berishga qaror qilib, u bir necha kundan beri Ekvadorning Londondagi elchixonasida jon saqlamoqda. Britaniya hukumati Assanjni topshirishni talab qilmoqda.

Janubiy Amerikaning 12 davlatdan iborat ittifoqi kecha bayonot chiqarib, Ekvador bilan bu masalada birdam ekanini bildirgan.

Ularning aytishicha, har bir davlat siyosiy boshpana berishga haqli bo’lib, hech kim unga bu masalada bosim o’tkazish yoki do’q-po’pisa qilishi mumkin emas.

Britaniya hukumati Ekvador elchixonasini diplomatik daxlsizlikdan ayirib, binoga kirib, Assanjni kuch bilan qo’lga olishi mumkinligi haqida aytgan.

Ittifoq Bosh kotibi Ali Rodrigezning aytishicha, Janubiy Amerika davlatlari Buyuk Britaniyaning bu xatti-harakati va tahdidlarini qoralaydi.

Ekvador elchixonasi ayni damda politsiya qurshovida. Assanj vakolatxonadan chiqsa, ushlanib, Shvetsiyaga topshirilishi mumkin.

Assanj kecha elchixona balkonidan turib, o’z tarafdorlariga minnatdorchilik bildirgan.

"Siz dunyoning ko’zisiz. Mahalliy politsiya kechasi elchixonaga kirib, meni o’g’irlamoqchi bo’ldi, ammo siz kabi guvohlar bo’lgani uchun, bunga jur’at eta olmadi. Britaniya hukumati diplomatik daxlsizlikni belgilovchi Vena konvensiyasini pisand qilmagani bilan dunyo uning bu ishlarini kuzatayotgani uchun o’zini tutdi. Dunyo esa bularning barchasini siz tufayli kuzatmoqda", - dedi Assanj tarafdorlariga.

Faol Qo’shma Shtatlarni so’z erkinligiga xilof ish qilayotganlikda ayblab, unga bo’lgan ovdan voz kechishga chaqirdi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG