Breaking News

Ekspert: Ayol liderlar bir-biriga o'xshaydi


Hillari Klinton, Angela Merkel, Tereza Mey
Hillari Klinton, Angela Merkel, Tereza Mey

Jahon bo’ylab ayol liderlar ko’payib bormoqda. Qizig’i, ular qay madaniyatdan bo’lmasin, bir-biriga o’xshash jihatlari ko’p.

Ayol, o'ziga ishonsa, kuchli lider bo'la oladi
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:05:30 0:00

Suhbatdoshimiz - Syuzan Madsen, xotin-qizlar qanday rahbar ekanini tahlil qilib kelayotgan olima.

“Markaziy Yevropa, Sharqiy Yevropa, Xitoy va Yaqin Sharq. Ayollarni hokimiyatga undaydigan sabablar va bu ayollarning shaxsiyatlari ham juda o’xhash”,- deydi mutaxassis.

Tarbiyada gap ko’p, deydi Madsen xonim.

“Aksariyati erkin fikrlaydigan ota-ona farzandi. O’z fikrini bemalol ayta olgan bolaligidan… Otalari ularni quvvatlagan. Mahalla va maktabda faol bo’lgan. Yoshligidan o’z so’ziga, qarashlariga ega bo’lgan”.

Bu ayollar boshqalarni tinglashni ham o’rgangan. Busiz rahbar bo’lish qiyin.

“Onalari, muallimlari va boshqalar bu ayollarga o’ziga nisbatan tanqidiy yondashishni o’rgatgan. Xatolardan saboq ola bilish kerak. Qoqilish tabiiy hol. Lekin yo’lingdan qaytmasliging kerak. Qoqilgan odam aqlliroq bo’ladi. Lider ayollarning ko’pi uchun kitob yaqin do’st bo’lgan”.

Madsen deydiki, sportda faol ayollardan yaxshi rahbarlar chiqadi.

“Sport shaxsiyatni charxlaydi. Yutqazish va yutish nima ekanini bilasiz. Mag’lubiyat va g’alaba ortidagi omillarni tushunasiz. Xotin-qizlar ish joyida bir-birini ko’p quvvatlamaydi. Aksincha, bir-biriga tuzoq qo’yadi, qulatishga urinadi. Sport bilan shug’ullangan ayollar bunday emas. Ular komanda bo’lib ishlash qadrini biladi. Uyusha oladi”.

Liderlik ayollar va erkaklar uchun turli mazmunga ega, deya tushuntiradi olima.

“Umuman olganda, xotin-qizlar bir-biri bilan yaxshi ishlaydi. Ular masalaning mohiyatini erkaklarga qaraganda chuqurroq tushunadi va tahlil qiladi. Ikir-chikirlarga e’tibori kuchli. Boshqalarning fikrini so’zsiz ham anglay oladi. Odamning hulq-atvoriga qarab ham uning maqsadini tushunadi. Savol berishga usta. Bir masalaga bir emas, turli jihatdan yondashadi. Ayollar murakkab masalalar bilan erkaklarga qaraganda mukammalroq shug’ullana oladi, masalan ta’lim, sog’liqni saqlash, ijtimoiy muammolar, yo’qsillik… Bular bir necha muammolarni qamrovchi mashaqqatli mavzular”.

Xotin-qizlarni siyosatga yaqinlashtirmaydigan sabablar ham o’xshash, deydi Madsen xonim.

“Dunyoning qay burchagidan bo’lmang, ayollar erkaklarga qaraganda o’ziga kamroq ishonadi. Lider bo’lish uchun ular erkaklarchalik kuchli xohishga ega emas. Qizlar onalardan, boshqa ayollardan o’rganadi. Ayollar mukammallikka intiladi, bu esa rahbar bo’laman degani emas. Erkak bir ishni 50-60 foiz eplay olishi mumkin bo’lsa ham hujjat topshiradi. Lavozimni egallashga urinadi. Ayollar esa 90-100 foiz qodir bo’lsa ham ikkilanadi, chunki a’lo darajada ishlay olishiga ishonmaydi”.

Bu to’siqni yengish uchun ta’lim-tarbiyani isloh qilish kerak.

“Qizlarga lider bo’lish nima ekanini yaxshiroq o’rgatish kerak. Boshqalarni boshqarish, ularni o’zingga ergashtirish, maqsad va mohiyat haqida kengroq bilim berishimiz kerak. Ular yetakchilik qilganida qanday yutuqlarga erishishi mumkinligini, yutuqlar jamiyat hayotini qanchalik o’zgartirishi mumkinligini ko’ra olishi kerak. Ayollar bir-birini quvvatlashni o’rganishi, professional tizimlar yarata olishi lozim. Xotin-qizlar bir-biriga suyana olsin. Bir-biriga yordamlashsin”, - deydi olima.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG