Jahon banki O'zbekistonga berilayotgan qarz majburiy mehnat keng miqyosda kuzatiladigan sohalarda ishlatilishi haqidagi da'volarni tekshirmaydi.
Bu juda tashvishlanarli hol, deya bildiradi O'zbekiston paxta dalalarida majburiy mehnatga qarshi targ'ibot olib borayotgan "Cotton Campaign" (Paxta kampaniyasi) tashkiloti, o'nlab muassasa va bizneslar birlashgan koalitsiya.
"Bankning qarori juda ajablanarli, - deydi Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston-Germaniya forumi rahbari Umida Niyozova. - O'zbekistonda majburiy mehnatdan jabr ko'rgan millionlab odamlarga bank aytyaptiki, ularning ahvoli va bank berayotgan pullar o'rtasida bog'liqlik bo'lsa ham, bu narsa tekshirishga arzimaydi. Bezovta qiladigan yana bir narsa shuki, bu qaror O'zbekiston hukumatiga majburiy mehnat tizimini davom ettiririshing mumkin, degan ma'noni ham beradi".
Umida Niyozova boshliq tashkilot "Paxta kampaniyasi" ning bir qismi.
Jahon banki nazarida, muammoga yetarlicha e'tibor berilmoqda. Toshkent mehnat bo'yicha xalqaro standartlarga hamda kredit shartlariga qat'iy rioya qilishga va'da bergan. Agar Jahon banki moliyalayotgan loyihalarda bolalar mehnati yoki majburiy mehnat hollari aniqlansa, bank kredit va loyihalarni to'xtatadi.
Bank Xalqaro mehnat tashkiloti bilan hamkorlikda tekshiruv mexanizmi yaratib, masala bilan alohida shug'ullanayotganini bayon etmoqda.
Huquq faollari e'tiroziga ko'ra, O'zbekiston hukumati majburiy mehnatga chek qo'yish bo'yicha bergan va'dalarining ustidan chiqqani yo'q va Jahon bankining bu jarayonni kuzatishi lozim bo'lgan monitoring guruhi ham hali ishga tushmagan.