Kanadaning Toronto universiteti doktoranti Aleksandr Sodiqov 16-iyun kuni Tojikistonning Tog’li Badaxshon muxtoriyatida hibsga olingan. Sodiqov asli shu yurtlik va bir necha yildan beri G’arbda yashaydi. Bu safar vataniga Britaniyaning Ekseter universiteti olib borayotgan ilmiy loyiha doirasida borgan, jumladan, Tog’li Badaxshondagi beqarorlik ortida turgan sabablarni o’rganish uchun.
Proyekt Britaniya hukumati tomonidan moliyalangan. Sodiqov Tojikiston milliy xavfsizlik xizmati kuzatuvidagi odamlar bilan uchrashgan, shuningdek, Britaniya elchixonasiga borib diplomatlar bilan so’zlashgan. Organlar uni olib ketganidan ikki kun o’tib, davlat televideniyesida Sodiqovning video bayonoti e’lon qilindi. Unda mahbus tergovchilarning savollariga javob berayotgani aks etadi.
Sodiqov kim bilan qachon uchrashgani, nima haqda gap ketganini tushuntirayotganini ko’rasiz. Tadqiqotchi maqsadi tadqiqot ekanini qayd etadi. Biroq Tojikiston hukumati talqinicha Aleksandr Sodiqov josuslikka qo’l urib, vataniga xiyonat qilayotgan bo’lishi mumkin. Bu ish yuzasidan hech kim aniq bayonot bermaydi, lekin bir necha rasmiylar ish jiddiy ekani va olim jinoiylar ayblovlar bilan yuzlashayotganini tasdiqlagan.
Sodiqov bilan yonma-yon ishlagan, uni uzoq yillardan beri taniydigan mutaxassislar Dushanbedagi ishlardan taajjubda.
Masala G’arb axborot vositalarida, internetda, xususan ijtimoiy tarmoqlardan qizg’in muhokamada. #freealexandersodiqov – “Aleksandr Sodiqovni ozod qiling” shiori ostida Amerika, Kanada, Britaniya, Fransiya, Germaniya, Qozog’iston va hatto Avstraliyada ilmiy va ommaviy yig’inlar o’tmoqda. Ulardan biri Jorj Vashington universitetida, AQSh poytaxtidagi nufuzli oliygohda tashkil qilindi.
Your browser doesn’t support HTML5
Your browser doesn’t support HTML5
Markaziy Osiyo bo’limi rahbari Marlen Laruel (Marlene Laruelle) fikricha, tojikistonlik ko’zga ko’ringan mutaxassisning sotqinlik va josuslikda ayblanishi ilm ahli uchun fojia.
Markaziy Osiyoni o’rganib, mintaqadagi masalalarni tahlil qilib kelayotgan har bir kishida bu xavotir va qo’rqinch uyg’otadi, deydi u. Kim bo’lishingizdan qat’i nazar, mahalliy yoki xorijiy mutaxassis, tadqiqotchi, nohukumat tashkilot xodimi yoki jurnalist, vaziyat tahlikali.
Tojikistondagi o’zgarishlarni tushunish, ularning tubiga yetish uchun mamlakatga bemalol kirib chiqa olish kerak, odamlar bilan muloqot suv va havodek zarur. Sodiqov Tojikiston farzandi ekan, mintaqaviy va etnik mojarolar yuzasidan ilmiy ish qilayotgan ekan, Tog’li Badaxshonga borgani, u yerdagi masalalarda rol o’ynayotgan shaxslar bilan gaplashgani tabiiy, deya izohlaydi Laruel xonim.
Sodiqov, tojik rasmiylarining aytishicha, advokatga ega. 26-iyun kuni rafiqasi Musharraf Sodiqova uning oldiga kirgan. Uning “Facebook” da yozishicha, erining ahvoli yaxshi, qiynoqqa solinmagan, azoblanmagan. “Turmush o’rtog’im begunoh ekan, adolat qaror topishidan umidvormiz”, - deya bildiradi ayol.
Marlen Laruel deydiki, Markaziy Osiyo bo’yicha mutaxassislar bir yoqadan bosh chiqarib, o’z xavfsizligi va manfaatlari uchun kurashishi kerak. Bugunga kelib bu soha ancha rivojlangan va safdoshlar bir-birini qo’llab quvvatlaydi, deydi u.
Soha egalari qayerdan bo’lmasin, ezgu maqsad bir – dunyoning muhim bir qismini o’rganish, xalqlar va hukumatlar bir-birini tushunishi, yaqinlashishi va hamkorlikda ijobiy qadamlar tashlay olishi uchun hissa qo’shish. Ilmni boyitish. Odamlarga bilim berish. Usiz taraqqiyot bo’lmaydi, deydi olima.
Markaziy Osiyodan chiqqan ekspertlar yordami va hamkorligisiz xorijiy mutaxassislar o’z ishini qila olmaydi. O’z navbatida, deydi Laruel xonim, ular ham G’arb olimlarining madadiga muhtoj. Shunday ekan, ularni o’z ishini qilayotgani uchun jinoiy javobgarlikka tutish, ulardan asossiz xavfsirash, tahdidga qaramay mintaqaga borgan yoki pulning ketidan chopib chet elga ishlagan deya so’kish hech kimning manfaati uchun xizmat qilmaydi.
Aleksandr Sodiqov ilm ahlining ishonchini qozongan professional. Uning bilimi Tojikiston va butun dunyo uchun ulkan ahamiyatga ega, deydi asli fransuz va bugungi kunda Amerika oliygohida yetakchi professor Marlen Laruel.
Hamkasblarining ta’kidlashicha, Sodiqov Tog’li Badaxshondek beqaror hududga borish xavfli ekanini tushungan va uni hech kim bunga majburlamagan.
Rossiyadan tortib Markaziy Osiyogacha, tanqidiy fikrlovchi ziyolilar nishonda ekan, mintaqa bugunga kelib ulkan intellektual kuchdan ayrilgan. O’z kelajagini vatanda ko’rmagan mutaxassislar xorijda ketgan.
Ularni sotqin deyish chidab bo’lmas adolatsizlik, deydi “The Washington Post” va “The New York Times” kabi singari nufuzli gazetalarga Aleksandr Sodiqov ishi xususida maqola yozgan olimlar. Ular fikricha, Tojikiston hukumati misolida davlatga ma’qul bo’lmagan shaxslarni qamoqqa olib, butun jamiyatni qo’rqitish, o’z repressiv siyosatini oqlashga urinishni ko’rish mumkin.
Begunoh ekani oydek ravshan ekan, Tojikistonda adolat bo’lsa, u albatta ozod etilishi kerak, deydi Erik Makglinchi (Eric MCGlinchey), Markaziy Osiyoni uzoq yillardan buyon o’rganib kelayotgan, kitoblar va maqolalar yozib tanilgan olim.
“Tojikiston xato qilmoqda va unga buni anglashi uchun vaqt berish kerak. Hukumatlar xato qilishini ko’p marta ko’rganmiz. Agar buni tan olib, Sodiqovni qo’yib yuborsa, Tojikistonda adliya mustaqil va qonunga binoan ishlashini ko’ramiz. Tergov qilindi, gumonlar isbotini topmadi degan xulosa kutamiz. Chunki, bilamizki, Sodiqov sotqin ham, josus ham emas”.Professor Erik Makglinchi
“Bilamizki, Aleksandr Sodiqov josus emas. Shundan kelib chiqqan holda, ikki ehtimol haqida gapirish mumkin. Birinchisi va men o’zim shu fikrdaman, Tojikiston hukumati xato qilmoqda. Uni adashib qo’lga olishgan. Ikkinchi ehtimol esa, men o’zim bunday o’ydan yiroqman, Tojikiston uni qamoqqa tiqib, o’z manfaatlari yo’lida foydalanmoqchi, ya’ni boshqalarni qo’rqitib qo’ymoqchi, chet elni uning tinchligini buzishga harakat qilganlikda ayblamoqchi, o’z siyosatini oqlamoqchi."
Sodiqov ishlayotgan loyiha yashirin emas, oshkora olib borilayapti. Moliya qayerdan, maqsad nima, hammasi ayon, deydi Erik Makglinchi. Muddao – mintaqa tinchligiga raxna solayotgan nizolarni o’rganish. Tinchlikdan esa hamma manfaatdor.
Tojikiston hukumati Tog’li Badaxshon va yurt tinchligini o’ylab, Sodiqovning xatti-harakatlaridan xavfsirayotgan bo’lsa, haqiqat qaror topishi kerak, ya’ni olim hech kimga tahdid solmagan va solmayapti. Tojikistonda adolat borligini isbotlash uchun imkoniyat bu. Uni qo’yib yuborish bilan Emomali Rahmon va uning hukumati o’z nufuzini oshiradi, G’arb bilan aloqalar mustahkamlanadi, deydi Erik Makglinchi.
Olimni soxta ayblovlar bilan sudlash esa bu davlatning va jamiyatning global maydondagi obro’siga zarar keltiradi. Tojikistonning Yevropa va Shimoliy Amerika bilan aloqalariga putur yetadi. Britaniya va Amerika diplomatlari yopiq eshiklar ortida Dushanbeni bu borada ogohlantirmoqda va mashmashadan foyda ko’rmasligini eslatmoqda. Ayrim ziyolilar fikricha, G’arb bosimni oshirishi kerak, lekin boshqalar ta’biricha esa ishni Dushanbeni ochiq mulzam qilmay parda ortida hal qilgan ma’qul.
Makglinchi nazarida hozir Dushanbeda milliy xavfsizlik xizmati va boshqa organlar orasida o’ziga xos bahs-muhokama ketayotgan bo’lsa ajabmas. Buni prezident idorasi vakillari, prokuratura va milliy xavfsizlik xizmati vakillari turlicha bayonotlar va izohlar berayotganidan bilsa bo’ladi. Tojikiston hukumatida hamma bir fikrda emasligi aniq. Kelasi hafta bu davlatdan Londonga diplomatik delegatsiya borishi kutilmoqda. Aleksandr Sodiqov ungacha ozod etilmasa, Tojikiston Tashqi ishlar vaziri Sirojiddin Aslov bu borada savolga tutilib, bosimga uchrashi tayin.
“Tojikiston xato qilmoqda va unga buni anglashi uchun vaqt berish kerak. Hukumatlar xato qilishini ko’p marta ko’rganmiz. Agar buni tan olib, Sodiqovni qo’yib yuborsa, Tojikistonda adliya mustaqil va qonunga binoan ishlashini ko’ramiz. Tergov qilindi, gumonlar isbotini topmadi degan xulosa kutamiz. Chunki, bilamizki, Sodiqov sotqin ham, josus ham emas”,- deydi professor Makglinchi.