Texas shtati: Meksika orqali kirayotgan hujjatsiz muhojirlarni nima qilamiz?

  • Amerika Ovozi

Texas shtatining Makallen shaharchasidagi hujjatsiz muhojirlar

O’tgan oylar ichida AQShga, xususan Texas shtatiga Markaziy Amerika davlatlaridan minglab odam kelgan. Immigratsiya xizmati ularni darhol orqaga qaytarmay, ro’yxatga olgan. Amerikada qarindoshi borlar vaqtincha ular bilan yashab turishi mumkin, agar biror jinoyat sodir etmaganini isbotlab bera olsa. Lekin baribir sud huzuriga chaqiriladi. Texas ahli noqonuniy immigrantlardan qanchalik to’yganiga qaramay yangi mehmonlarni bag’riga olmoqda.

Your browser doesn’t support HTML5

Texas shtatida qayoqqa qaramang, hujjatsiz muhojirlar - Navbahor Imamova

Idalgo tumanidamiz. Mahalliy politsiya Rio Grande daryosi bo’yidan yosh bolaning jasadini topgan. Meksika bilan chegaradosh hudud dunyodagi eng xavfli nuqtalardan biri.

Marhumning kamaridagi yozuvga qarab uning ism-sharifi va otasining familiyasi aniqlandi. Politsiya ota bilan bog’landi. O’lgan bola Gvatemaladan ekan. Sheriff Eddi Gerra bechora go’dak, deydi.

“Biz bilan gaplashgan odam otasi ekanini shundan bildikki, u o’g’lini boshdan-oyoq tasvirlab berdi. Aytgani to’g’ri keldi” .

Bolaning metrikasiga ko’ra u 11 yoshda lekin yaqinlari uning aslida 15 yosh ekanini da’vo qilmoqda.

Texas janubida daydi, qarovsiz yosh bolalar ko’p. Qay shahar va qishloqqa bormang, ularni uchratasiz. Mahalliy hokimiyat, immigratsiya xizmati va politsiya ularni haydab chiqara olmaydi, hozircha. Qonunga ko’ra, voyaga yetmagan bola chegaraga kelganida uni qaytarish mumkin emas. Tekshiriladi, yaqinlari bilan aloqa o’rnatilib, uning taqdiri hal etilishi kerak. AQShdagi qarindoshlar chaqiriladi.

Texasning Makallen degan shaharchasida vaziyat chatoq.

Hokimiyatdan Teklo Garsiyaning aytishicha, yangi kelganlar shu qadar ko’pki, cherkovlar yotoqxonaga aylangan. Rohibalar xizmatda. Ko’ngillilar ham ko’p.

“Tumanimiz chodirlar tutib, cherkovlar ko’magi bilan bu muhojirlarni boqayapamiz. Kasallarga muolaja kerak. Kasalxonalarga borib kelishayapti. Salomatligini tiklab olgach, Amerikada yaqinlari bo’lsa, ular bilan bog’lanib, yo’lga chiqishayapti”.

Makallen shaharchasi bu migrantlarga yordam berish uchun o’tgan kunlar ichida 60 ming dollar sarflagan. Yil oxirigacha yana kamida yarim million dollar zarur, deydi rasmiylar.

"Biz hozir bir amallayapmiz lekin federal hukumat bu ishni qilishi kerak. Eshingingizga kelgan mehmon, hujjatsizmi yoki hujjatli, biz uni qabul qilayapmiz, non-suv berayapmiz. Biroq uzoq muddatda bu masala hal etilmasa, xalqimizga qimmatga tushadi. Bu insonlar nega begona yurtlarda sarson-sargardon?”

Markaziy Amerika – dunyoning eng qashshoq, aholi uchun imkoniyatlar cheklangan mintaqalaridan biri. Hayot uchun kurash ularni uzoq mamlakatlarga borishga majburlayapti, deydi mahalliy rohibalardan biri Brenda Rioxas.

“Avtobus bekatida bir to’da odam… Borar joyi yo’q. Buni ko’rgan amerikaliklar albatta ularga yordam bergisi keladi. Bizga olib kelishadi. Biz qo’ldan kelgacha madad ko’rsatamiz”.

Rohiba deydiki, cherkovlar eng zarur narsa bilan ta’minlaydi: ovqat, suv va boshpana. Faqat bir necha kunga. Keyin esa bu odamlar joyni bo’shatishi shart. Uzoq-yaqindagi qarindoshlar kelib olib ketmasa bo’lmaydi. Aslida aynan ular sabab bu odamlar Amerikaga kira olgan o’zi.

“Bu odamlarni kuzatar ekanmiz, ularning qo’lida dori-darmon, bolalariga zarur narsalar, eng muhimi suv tutqazamiz”,- deydi rohiba Rioxas.

Vaziyatdan keskin norozi amerikaliklar ham ko’p. Amerika hammaga darvozani ochib qo’ysa, shundoq ham ko’p hujjatsiz muhojirlar qayoqqa boradi, kim boqadi ularni deya so’raydi ular.

Obama ma’muriyati Kongressga immigratsiya tizimini isloh qilishni ko’zlovchi qonun loyihasi uzatgan. Qonunchilar uni ko’rib chiqib, ovozga qo’yishga shoshmayapti. Ungacha esa immigratsiya xizmati mavjud qonunlarga ko’ra ishlashga majbur. Ya’ni eshikni taqillatgan chet ellik bolalarning aksariyati kiritilaveradi, insonparvarlik nuqtai nazaridan.