Klinton-Tramp: Ikkinchi debat qanday kechdi?

  • Amerika Ovozi

Vashington Universiteti, Sent-Luis shahri, Missuri shtati, 9-oktabr, 2016

Missuri shtatining Sent-Luis shahridagi Vashington Universitetida kechgan ikkinchi debat prezidentlikka nomzodlarning o'zaro ta'na toshlari bilan boshlandi. Salom-aliksiz. Lekin debat oxiriga borib, saylovchilar talabi bilan ular iliq so'zlar almashishga majbur bo'ldi. Demokrat nomzod Hillari Klinton respublikachi nomzod Donald Trampning farzandlarini maqtadi. Tramp esa Klintonni haqiqiy kurashchi, jasur inson deb atadi.

Nomzodlar bir yarim soatlik bahs davomida bir-birini nishonga olishdan charchamadi. Tramp Klintonni siyosiy jinoyatchiga tenglashtirsa, Klinton Trampni g'irrom, ayollarni pastga urib tanilgan, siyosatni tushunmaydigan, subutsiz va vijdonsiz odam deya ta'rifladi.

Tramp prezidentlikka saylansa, Klintonni taftish qilish uchun maxsus prokuror tayinlashini aytsa, Klinton uni qora ishlar orqali boylik orttirganlikda aybladi.

Tramp yillar davomida federal soliqlarni to'lamaganini tan oldi. Aysh-ishrat va hirs muhokama qilingan videosi shu kunlarda keng ommaga ko'rsatilgan nomzod xotin-qizlarni jinsiy haqoratlovchi gaplari erkaklar orasidagi odatiy muloqot deya tushuntirishga urindi.

"Men xotin-qizlarni hurmat qilaman va mayda gaplarim uchun uzr so'rayman",- dedi Tramp.

Klinton fikricha esa Tramp uzr so'rab qutula olmaydi. "Men o'tmishda prezidentlik uchun kurashgan respublikachilar haqida juda ijobiy qarashga egaman. Lekin Tramp ular qatorida emas. Uning gaplariga qarab, baho beravering",- dedi Klinton bu hafta paydo bo'lgan videolarga ishora qilib. Ularda Tramp o'z atrofidagi ayollar bilan qanday jinsiy aloqa qilishga uringani haqida gapiradi, jinsiy organlarini tilga oladi.

Trampning oilasi

Klinton nazarida Tramp prezidentlikka butkul arzimaydigan inson. Xonim o'zini vatanparvar, fidoyi amerikalik desa, Tramp ham o'zi haqida o'xshash so'zlar aytdi. Klinton uzoq yillar mobaynida siyosiy nayranglar orqali nufuz orttirgan, deya dashnomlar otdi respublikachi nomzod.

Debat oldidan atrofida bir necha ayolni yig'ib, ularni sobiq prezident Bill Klinton tomonidan jinsiy bosimga uchragan amerikaliklar deya tanishtirgan Tramp demokrat raqibining turmush o'rtog'ini "o'zidan battar" erkak deb atadi.

Klinton xonim fikricha esa Trampning bu gaplari javob berishga arzimaydi.

Uni davlat kotibi bo'lgan paytda pinhona faoliyatda, elektron aloqani yashirganlikda ayblagan Tramp, demokrat raqibining so'zlariga ko'ra, hokimiyat ishlarIni umuman eplay olmaydigan, balki hozir qora ishlari uchun qamoqda o'tirishi kerak bo'lgan laganbardor.

Respublikachilar nima uchun Trampdan o'zini olib qochmoqda? Nega uni quvvatlamayapti? - degan savollarni o'rtaga tashlagan Klinton, Tramp nazarida, axborot vositalarining erkatoyi. Nega uni ko'p savolga tutmaysiz, egri ishlarini yoritmaysiz? - deya so'radi Tramp debatni olib borayotgan jurnalistlardan.

Klintonning oilasi

Islomofobiyaga qarshi qanday chora ko'rasiz, degan savolga Tramp "islomofobiya haqiqat va uyat" deb javob berdi va asosan "radikal islomiy terroristlar" haqida gapirdi. Ular Amerikaga hujum qilgan, dedi Tramp, qator misollar keltirib.

“Biz islomga qarshi emasmiz, dinga nisbatan urushda emasmiz",- dedi Klinton. Terroristlar shunday deydi va bu tasavvurni o'zgartirish lozim, dedi u.

Tramp nazarida Amerikaga kelayotgan musulmonlarni qattiqroq tekshirish kerak. Klinton fikricha esa odamlarni diniga qarab ajratish razil siyosat bo'ladi. "Bizning davlatimiz diniy erkinlik va hurlikka asoslangan",- deya eslatdi u.

Tramp dediki, Klinton 2003-yilda Iroqqa bostirib kirish uchun ovoz berib, kaltafahmlik qilgan. Klinton esa o'sha paytdagi mavjud ma'lumotlarga qarab qaror berganini ta'kidladi.

Qora tanli saylovchi nomzodlardan "barcha amerikaliklar manfaati uchun kurasha olasizmi"? - deb so'radi.

"Hozirgidan ham battar bo'lishi mumkinmi?" - deya javob berdi Tramp. Uning talqinicha, Prezident Barak Obama, birinchi qora tanli rahbar, davrida Amerikada irqchilik kuchaydi.

Klinton esa saylovchining yuqoridagi savoliga "menga ovoz bermasangiz ham sizning prezidentingiz bo'lishni va sizga xizmat qilishni xohlayman",- deya javob qildi.

Klinton Rossiyani Amerika saylov tizimiga kiber-xurujlar qilayotganlikda ayblasa, Tramp bunday xulosa qilish uchun unda asos yo'qligini aytdi.

Saylovchilardan biri prezidentlik poygasi nima uchun bunchalik salbiy ruhda kechmoqda deb so'radi. Klinton jarayonni yaxshilik va yomonlik orasidagi kurashga qiyosladi. Tramp ham o'zini yaxshilik elchisi deya ta'riflashga harakat qildi.

Nomzodlar sog'liqni saqlash tizimidagi islohotlar haqida ham tubdan farqli fikrda. Klinton Obama davridagi o'zgarishlarni yoqlasa, Tramp ular bekor qilinishi kerak, dedi.

Suriyadagi urush xususida ham tafovut kuchli. Klinton fikricha, Tramp aslida Rossiyani yoqlaydi. Kreml esa diktator Bashar al-Assadni himoya qilmoqda, deydi u. Tramp Obama ma'muriyati vaziyatni o'nglay olmagani Amerika nufuzini yanada pasaytirdi, deydi.

Tomonlar Oliy sud roli, ayollarning homilani abort qilish huquqi va boshqa dolzarb masalalarga ham to'xtalib o'tdi.

Debatda hali kimga ovoz berish yuzasidan biror qarorga kelmagan 100 saylovchi keldi. Saylov natijasini mana shunday saylovchilarning 8-noyabr kuni beradigan ovozi hal qiladi.

Nomzodlar debat oxirida bir-biriga qo'l berdi