Siyosiy satira ikki ming yildan oshiq tarixga ega, qadim Gretsiyaga borib taqaladi. Amerikada 18-asrda shakllana boshlagan, ingliz mustamlakasiga qarshi kurash boshlangan bir davrda. Ko’plab mamlakatlarda siyosiy hajviyaga toqat yo’q. Qamalishingiz, hatto o’limga mahkum etilishingiz mumkin, masalan, Eron va Saudiya Arabistonida. AQShda esa kundalik hayotni siyosiy satirasiz tasavvur qilish qiyin. Omma sevib tomosha qiladigan shoular satiradan iborat.
Your browser doesn’t support HTML5
Tungi teledasturlar - hajviya sahnasi. Hech kimni ayashmaydi. Jimmi Fellon olib boradigan shouda, masalan, uning o’zi prezidentlikka shaylanayotgan Donald Tramp rolida.
“Donald Tramp prezident saylov kampaniyasida eng ko’p masxara qilingan shaxs desak xato bo’lmaydi. Oldin bunaqasi bo’lmagan”, - deydi Robert Lixter, “Siyosat aslida hazil: Qiziqchilar va siyosiy hayot” nomli yangi kitob mualliflaridan biri.
Asar bu janr kuchli ekanidan dalolat.Lixter fikricha, tungi dasturlarda prezidentning ustidan kulish oddiy hol, biroq qiziqchilar Prezident Barak Obamaga ancha yumshoq yondashdi.
“Birinchi qora prezident. Uni nishonga olaversak, irqchilikda ayblanamiz degan xavotir bilan o’zlarini tiyishdi”.
Amerikada siyosiy satira 1960-yillarda yangi bosqichga kirgan. 1975-yildan boshlab esa “Shanba oqshomi” degan ko’rsatuv efirga chiqqan. Prezidentlarning televizordagi aksini o’zgartirgan shou bu. Qiziqchi Chevi Cheyz o’shanda Prezident Jerald Ford shaxsiyatini qoyillatib ijro etgan.
“Shanba oqshomi” prezidentlarni ogoh torttirgan, ularga oddiy inson qiyofasini bergan dastur”,- deydi Lixter.
1992-2009-yillar orasida esa Jey Leno satira sultoni bo’ldi. 17 yil davomida hech kim unchalik ko’p prezident va mashhur odamlar bilan suhbatlashmadi, ularning ustidan kulmadi, ularning faoliyatini kulgi orqali fosh etmadi.
1990-yillarga kelib, amerikaliklar bu shoularni nafaqat kulgi, balki yangiliklar bilan tanishish uchun ham ko’ra boshladi. O’tkir sharhlar aynan shu dasturlardan o’rin oldi. Masalan, Prezident Bill Klintonning Oq uydagi ishqiy mashmashalari, davlat rahbarligidan chetlatilishiga sal qolgani.
“1990-yillarda qiziqchilar turli mojarolar, shaxsiy hayot, seks, ichkilik singari shu paytgacha til tekkizilmagan mavzularga o’tdi”, - deydi Lixter.
Siyosatchilar ham bu shoularda qatnashishni xohladi. O’zining ustidan kulishni xavf deb bilmadi. Hillari Klinton eng ko’p masxara qilinganlardan.
“Arboblar uchun bu dasturlarda chiqish omma bilan muloqotning bir turi, shakliga aylandi. Siyosiy satira siyosatchilarni oddiylashtirdi”, - deydi Lixter.
Donald Tramp ham tungi shoularda ko’p mehmon bo’ldi. Boshida bu ko’rsatuvlarda jon deb ishtirok etgan Tramp hozirga kelib to’nini teskari kiygan. Unga uning bu shoulardagi ko’rinishi, aksi yoqmayapti. Gollivud yulduzi Alek Boldvin, uning nazarida, bo’lajak prezident rolini eplolmayapti. “Shanba oqshomi” dasturi, Tramp fikricha, betayin tomosha.
Qiziqchilar esa unga “o’zingizni bosib oling” deya javob qilmoqda. Yetakchiman, amaldorman deya ko’kragini kergan har bir shaxs bunday sinovlarga tayyor turishi kerak, qolaversa, kulgidan o’zini tiymasligi kerak.