BMT Inson huquqlari bosh komissari Ziyod Raad al Husaynning bayon qilishicha, terrorizm va zenofobik siyosat, ya’ni ajnabiylarga qarshi nafratga asoslangan qarorlar insoniyat erkinligiga tahdid solmoqda.
BMT rasmiysi deydiki, 40 dan ortiq mamlakatda bugun inson huquqlarini poymol etuvchi siyosat avjida. Gambiya, O’zbekiston, Tunis va Gretsiyada juda mayda lekin umid beradigan o’zgarishlar bor. Lekin, umumiy manzara, hamon ayanchli.
Your browser doesn’t support HTML5
Janubiy Sudanda qabilaviy urushlar sabab xalq och, uy-joysiz, suvsiz va doimiy xavf bilan yuzma-yuz. Qotilliklar, zo’ravonlik, qiynoqlar kundalik hol.
Yana bir dahshatli manzara Burundida. Bu mamlakat ham notinchlik, qashshoqlik va adolatsizlik domida.
“Bir tomondan davlat xavfsizlik kuchlari xalqni ezsa, ikkinchi tomondan jangarilar uning qonini ichadi. Fuqaro qayerga borib, kimga dod deyishni bilmaydi”, - deya tasvirlaydi BMT rasmiysi.
Yaqin Sharq – inson huquqlari muttasil, sistematik tarzda poymol etiladigan mintaqa. Yaqingcha demokratiya deya maqtalgan Turkiya bugun repressiya makoni.
“Minglab odamlar davlatga qarshi jinoyatlarda gumon qilinib hibsda. Minglab fuqaro sudlandi va sudlanmoqda. Hukumat o’z fuqarolariga ishonmaydi. Fuqarolarning ham davlatga ishonchi tushib ketgan. Turkiyada adliya tizimi prezidentning o’yinchog’iga aylangan”, - deydi Husayn.
Hisobotga ko’ra, Turkiyada davlat rahbari kimdan qutulmoqchi bo’lsa, o’shani qamatadi va jazolaydi. Uni tanqid qilish jinoyat bilan barobar. Erkin matbuot yemirilib, so’z va uyushish erkinligi tobora cheklanib bormoqda.
Xitoy faollar, jurnalistlar va muxolifatni ta’qib etishda davom etsa, Rossiya ham undan qolishmaslikka harakat qilmoqda. Ikki yirik davlat eng huquqbuzar tuzumlar qatorida.
Qo’shma Shtatlarda esa, deydi Husayn, yangi prezident muhojirlar va musulmonlarga qarshi urush boshlagan. Meksikaliklar va islomga e’tiqod qiluvchilar Oq uy tomonidan rasman xavfli tomon sifatida tamg’alanib, ularni mamlakatga kiritmaslik va Amerikada yurganlarni haydash harakati avjida. Huquq tashkilotlari Donald Trampning farmonlari xalqaro qonunlarga zid, deya BMTni chora ko’rishga undamoqda. Hozircha BMT tanqid bilan cheklanmoqda.