Afg‘oniston poytaxti Kobul shahrida armiya kasalxonasiga uyushtirilgan hujumda 50 kishi o‘lgan va 91 odam yaralangan. O‘lganlarning 38 nafari harbiylardir.
Hujum uchun mas’uliyatni “Islomiy davlat” to‘dasi o‘z zimmasiga olgan. Hujumchilarning ikki nafari Tojikiston fuqarosi, deydi rasmiylar, uch nafari esa afg‘onlar.
Your browser doesn’t support HTML5
Hujumchilar qanday qilib kasalxonaga kirgan? Ularga kimlar yordam bergan? Mudofaa vazirligida bu savollarga javob topish uchun maxsus hay’at tuzilgan.
Qurol-aslaha ushbu kasalxonaga oldindan joylashtirilgani ehtimoli mavjud. Chunki kasalxonaga kirish uchun necha bor tekshirilish kerak. Mudofaa vazirligi bu iddaolarni tasdiqlamaydi.
Bu kasalxonada xavfsizlik choralari mustahkam bo’lgani aytiladi. Uning yaqinida AQSh elchixonasi va AQSh harbiylari markaziy joylashgan.
Afg‘on siyosatchilar agar hukumat rahbarlari o‘z ishini uddalay olmasa iste’foga chiqishi kerak deya tanqid qilmoqda.
“Rahbarlar uyg‘onsinlar; qobiliyatlarni oshirsinlar, ishlarini yaxshi tarzda bajarsinlar”,- deydi “Milliy Mahoz” partiyasi rahbari Hamid Gayloniy.
Senatdan Muhammad Alam Iyzidyor fikricha armiya kasalxonasiga hujum qilingani boshqaruv uchun sharmandalik.
“Agar boshqa davlatlarda shunday biror voqea yuz bersa mas’ul odamlar iste’foga chiqadi. Ko‘tara olmagan toshni o‘pib joyiga qo‘yadi”,- deydi Siyosiy faol Ahmad Valiy Mas’ud.
Tashqi ishlar vaziri va “Milliy Jamiyat” partiyasi rahbari Salohuddin Rabboniy nazarida hukumat muxolif jangari guruhlarga qarshi aniq siyosat yuritmayapti.
Tashqi ishlar vaziri deydiki, ko’plab amaldorlar isyonchi guruhlarga yon bosib, ularning ishlarini oqlab keladi. Vazir aynan kim haqida gapirayotganini aytmaydi. Kobulda bunday taniqlarni ko‘p eshitasiz. Siyosatchilar bu iddaolarga javob bermaydi.
Hujum natijasida yaqinlaridan ayrilganlar esa xavfsizlikni ta’minlay olmagan tomonlar jazolansin deya talab qilmoqda.
Xalqaro hamjamiyat Kobuldagi xurujni qoralab, jamoat inshootlariga hujum vahshiylikdir deya, jangarilarga qarshi kurashda hamkorlikni oshirishga so’z bermoqda.
Inson huquqlari himoyasi bilan mashg‘ul “Human Rights Wacht” tashkiloti “Islomiy davlat”ni urush jinoyatlarida ayblaydi. BMT ham shunday pozitsiyada.