O'zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov Germaniyada muzokaralar o’tkazmoqda. Savdo iqtisodiy munosabatlarni rivojlantirishga qaratilgan bu safar bosh vazir maqomida Yevropadagi ilk muloqot ekanligi bilan ham diqqatli. Germaniya Yevropa Ittifoqida inson huquqlariga befarq bo’lmagan asosiy davlatlardan biri sanaladi. Blok O`zbekiston bilan qayta tiklanayotgan aloqalarda Prezident Shavkat Mirziyoyevning islohotlar dasturini qo`llab quvvatlamoqda. Bu muzokaralar soyasida inson huquqlariga doir vaziyatdagi ijobiy o’zgarishlar haqida xabarlar yuzaga chiqmoqda, ammo xavotirlar hamon arimagan.
Your browser doesn’t support HTML5
Bungacha Aripov Markaziy Osiyo, Rossiya va Turkiyada o’tgan hukumatlararo muzokaralarga yetakchilik qilgan edi.
O’zbekiston Tashqi ishlar vazirligi axborotiga ko’ra, Bosh vazirning Germaniyaga safari ikki o‘rtadagi savdo- iqtisodiy aloqalarni rivojlantirishga qaratilgan. Aripov Myunxenda tashkillashtirilgan nemis-o‘zbek biznes forumida qatnashadi, Germaniyani 200 ga yaqin korxonalaridan vakillar qatnashadigan bu forumda O’zbekistonda xorijlik sarmoyadorlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar haqida gapiradi.
Aripov Germaniyada Bayariya Bosh vaziri Horst Zeehofer bilan muzokara olib boradi.
Germaniya Yevropa Ittifoqida inson huquqlari masalasiga diqqat qaratib kelayotgan davlatlardan biri. Inson huquqlari muntazam buzilayotgan O’zbekistonda Germaniaya tomonidan Termez harbiy bazasi ijaraga olingani nemis siyosiy doiralarida ancha muhokamalarga sabab bo’lgan edi.
O’zbekistonda hokimiyat almashishi ortidan ikki tomonlama munosabatlarida biror jiddiy siljish kuzatilmagan. Aloqalar Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo strategiyasi doirasida yuritilmoqda. Inson huquqlari mavzusi ham shu hamkorlik strategiyasida ifoda qilingan.
Bu strategiya yaqinda Samarqandda muhokama qilindi. O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov ittifoqning yangilangan strategiyasida mintaqa davlatlarining o’ziga xosliklari inobatga olingan, deya baholadi.
Blokning tashqi siyosat bo’yicha Oliy vakili Frederika Mogerini safari davomida prezident Mirziyoyev bilan uchrashib, islohotlarni to’liq qo’llab quvvatlashini aytdi.
Mogerini O’zbekiston prezidenti, Tashqi ishlar vaziri Komilov bilan uchrashuvlarida inson huquqlari mavzusi qanchalik muhokama qilingani noma’lum, ammo bu muzokaralar ortidan mamlakatdagi inson huquqlariga oid ijobiy o`zgarishlar haqida xabarlar bor.
13- noyabr kuni Toshkentda Xalqaro Mehnat Tashkiloti tomonidan majburiy mehnat masalasi muhokama qilingan. O’zbekiston Mehnat vaziri o’rinbosari Erkin Muhiddinov, huquq himoyachilari qatnashgan bu uchrashuv rasmiylar va huquq himoyachilari o’rtasidagi ilk muzokara misolida taqdim etilmoqda.
Inson huquqlari bilan bog’liq o’zgarishlar qamoqdagi ayrim mahbuslarning ozodlikka chiqishi bilan cheklanib kelayotgan bir vaziyatda mavjud muammolar yuzasidan huquq himoyachilari bilan muzokaraga borish ijobiy qadam sifatida baholangan.
Ammo yangi hokimiyat davridagi o’zgarishlar faqat ijobiylikdan iborat emas. Hozirgacha ikki nafar jurnalist siyosiy ayblovlar bilan hibsga olindi. Ularning taqdiri jamoatchilikka noma’lum.
Sentabr oyida hibsga olingan jurnalist Bobomurod Abdullayevga noyabr kelib advokati bilan ushrashishga ruxsat berildi, 20- oktabr kuni hibsga olingan Hayotxon Nasriddinov taqdiri hamon mavhum.
Faollar so’nggi bu hibslar islohotlar tarafdori bo’lgan Mirziyoyev va sobiq tizim tarafdorlari o‘rtasidagi to’qnashuv ekanligiga ishonishadi.
Muxolifat faollaridan biri Nigora Hidoyatovga ko`ra, mamlakatni uzoq yillardan buyon mutlaq boshqarib kelgan MXX tamsilidagi kuchlar Mirziyoyev islohotlari oldidagi jiddiy to’siq.
"Boshqaruvning hammasi MXX qo’lida bo’lib kelgan, shuning uchun ham Mirziyoyevga juda qiyin bo’ladi. Bu tuzumni sindirish... ammo u buning uddasidan chiqadi, mana hozir MXX va IIV kuchlarini muvozanatlashga harakat qilyapti. Unga yana biroz vaqt kerak, nazarimda“, - deydi Hodoyatova.
Jurnalistlarning davlatga qarshi fitna ishi bo’yicha hibsga olinishi jamoatchilikda Karimov davridagi tazyiqlar qaytishi mumkinligi haqidagi xavotirlarni ham uyg’otgan.