Vashington-Toshkent: Rahbarlar telefonlashdi

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

Tomosha qiling!

O’zbekiston va AQSh rahbarlari telefonda gaplashdi. Prezidentlar yaqindan ishlashga kelishib oldi.

Ularga ko’ra, o’tgan bir yil ichida aloqalarda yangi sahifa ochilgan. Serqirra hamkorlik tomon birga qadam tashlash - asosiy maqsad, deya bayon qilmoqda Toshkent va Vashington.

Prezident Tramp Prezident Mirziyoyevni AQShga taklif qildi, deyiladi O'zbekiston hukumati bayonotida. Respublikada islohotlar boshlanganini olqishlagan Tramp Amerika ularni imkon qadar quvvatlaydi, deya qayd etgan.

Tomonlar iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, Afg’oniston yuzasidan birga ishlash hamda mintaqaviy xavfsizlik bobida sheriklikni davom ettirish niyatida.

Prezidentlar shu paytgacha ikki bor ko'rishgan. May oyida Saudiya Arabistonida va sentabr oyida Nyu-Yorkda. Mirziyoyev va Tramp hali yuzma-yuz muzokara olib bormagan.

Oq uy bayonotida Mirziyoyev taklif qilingani haqida hech narsa deyilmaydi. Odatda AQSh rahbari biror bir davlat rahbarini uchrashuvga taklif qilsa, bu haqda axborot beriladi.

Oq uyga tashriflar besh xil bo'lib, har birining o'ziga xos jihatlari bor.

Eng oliy darajadagisi davlat tashrifi bo'lib, unda prezident yoki monarx shohona kutib olinadi. 3-4 kun AQSh hisobidan mehmonada turadi. Uning sharafiga ziyofat beriladi. Harbiylar saf tortadi. Odatda mehmon turmush o'rtog'i bilan keladi. Safar keng yoritiladi, turli tadbirlar o'tadi, suhbatlar tashkil etiladi. Oq uyda yiliga o'rtacha olti davlat tashrifi bo'ladi.

Ikkinchisi rasmiy tashrif bo'lib, hukumat rahbarlariga, xususan bosh vazirlarga va prezidentlarga tegishli. Bunda ham mehmonlar Oq uyga qo'shni imoratda 3-4 kun turadi. Sovg'alar almashiladi. Rahbarlarning turmush o'rtoqlari bilan tadbirlar o'tkaziladi. Ziyofat beriladi. Harbiylar saf tortadi lekin davlat tashrifi darajasida emas.

Uchinchisi rasmiy ishchi tashrif bo'lib, mehmon 2-3 kunlik. U mezbon davlat rahbari bilan uchrashadi. Ular bir dasturxonda o'tirib ovqatlanishi mumkin. Kelib ketishda maxsus tadbirlar o'tkazilmaydi. Tushlik yoki kechki ovqatga AQSh Davlat kotibi ham qatnashishi mumkin.

To'rtinchisi ishchi tashrif bo'lib, unda mehmon rahbar AQSh prezidenti bilan muzokara uchun uchrashadi. Matbuot voqeani suratga olishi mumkin, qisqa bayonot beriladi. Birga ovqatlanilmaydi.

Beshinchisi esa shaxsiy tashrif. Unda mehmon taklifsiz kelib, prezident bilan uchrashuv so'raydi. Rozi bo'linsa, ish yuzasidan uchrashib, muloqot qilinadi. Matbuot uchun odatda yopiq deb e'lon qilinadi yoki cheklangan ravishda ma'lumot beriladi.