Afg’oniston - afyun makoni. Unga asoslangan mahalliy iqtisoddan ayrim viloyatlar endi boshqa bir o’simlik yetishtirishga o’tmoqda. Apelsinlar. Bu mevaning kuchli hidga ega turi bir afg’on tadbirkori tashabbusi bilan mamlakatning katta qismida ekilib, mahsulotdan atir ishlab chiqarishda foydalanish yo’lga qo’yilmoqda.
Apelsingul deya nom olgan o’simlik dehqonlarning sevimli ekiniga aylanmoqda. Daromad yaxshi. Qo’l mehnatiga asoslangan. Ishchilar ham mehnat haqidan xursand. Nangarhor viloyati afyun manbai bo’lib kelgan. Biroq bugun apelsin dalalariga aylanmoqchi. Oppoq gullarga burkangan maydonlarda kayfiyat baland. Xushbo’y xo’jaliklar.
“Katta gullarini terib olamiz. Kichiklari esa meva berishi uchun qoladi. Nimani terib, nimani qoldirishni odamlarimizga o’rgatamiz. Ishchilarimizni ko’paytirayapmiz. Mehnatkashlar ko’paygani yaxshi-da. Xursandmiz”, - deydi Abdul Qodir ismli dehqon.
Bu gullarga G’arbiy Yevropada talab katta. Afg’on dalalaridan chiqqan o’simlik, xususan Badaxshon ekinzorlarining mahsuloti Parijda atirlarga aylansa, qaniydi, deydi afg’onlar.
“Amerika Ovozi” borgan atir korxonasida bir tonna apelsin gulidan bir litr yog’ olinadi. Uning bahosi 10 ming dollar.
Abdulla Arsalla o’z atir biznesiga ega. Qo’lida 300 dan ortiq odam ishlaydi.
Apelsin guli yetishtirish mayda ish, deydi ishbilarmon, atir ishlab chiqarish kabi.
“Gulning suvi va atiri alohida ajratib olinadi. Atir ko’p hollarda Fransiyaga yo’l oladi. Undan turli tabiiy hidlar beruvchi moddalar yaratiladi. Gulning suvi esa Afg’onistonning o’zida ishlatiladi. Mahalliy talab katta", - deydi Arsalla.
Apelsin gullari ikki hafta yashaydi xolos. O’sha paytda terib olmasangiz, keyin nobud bo’ladi. Atirgul va boshqa xushbo’y o’simliklardan ham aynan shu maqsadda qo’llaniladi. Afg’oniston gullarining hidi kuchli, deydi mutaxassislar, bu – boylik.