Chiqindilarni kamaytirish maqsadida AQSh ishlab chiqarish sanoati va uy dizaynerlari qayta ishlangan materiallardan foydalanishga kirishdi. Los-Anjeles shahrida o’tkazilgan savdo ko’rgazmasidan chiqindilardan ham mehmonxona dizaynlari va qimmatbaho loyihalarni yaratish mumkinligini ko’rsa bo’ladi.
Your browser doesn’t support HTML5
Axlat tashlaydigan joylar haddan tashqari to’lib borar ekan, aksariyat chiqindilar inson salomatligi uchun zararli bo’lib, ba’zilari o’ta sekin parchalanadi. Axlat uchun yangi joy topish tobora murakkablashmoqda. Bu muammoga barham berish maqsadida ayrim odamlar chiqindilarni tashlashdan oldin ularni turli maqsadlar uchun qayta ishlashni afzal ko’rmoqda.
“Sanoatda qayta ishlangan materiallarni qo’llash keng tarqalgan. Masalan, jinsi matosi chiqindilarini korxonalardan olamiz-da, kompozit taxtaga aylantirib, unga akrilat bilan ishlov beramiz yoki qishloq xo’jaligida hosil terilganidan so’ng qoladigan makkajo’xori somonini akril polimeriga qorishtirib, oshxona garniturasini yaratish mumkin”, - deydi tadbirkor Jeff Sautvel.
Los-Anjelesda mehmonxona mebeli ishlab chiqaruvchilari va imorat dizaynerlari uchun o’tkazilgan savdo yarmarkasi soha mutaxassislari diqqatini o’ziga tortdi.
“Biz ko’rgazmaga taklif etgan 300 dan ortiq kompaniya vakillari, uch mingdan ziyod dizaynerlar mehmonxona sanoatidagi yangiliklar haqida ma’lumot berib, fikr almashibgina qolmay, tayyor mahsulotlarni ko’rish, ushlash imkoniga ham ega bo’ldi”, - deydi tashkilotchi kompaniya vakili Meri Skoviyak.
Billurdan mahsulotlar ishlab chiqaruvchi Avstriyaning “Svarovski” kompaniyasi bilan hamkorlikda ish olib borayotgan AQShning “Orion HD” shirkati qayta ishlangan materiallardan qimmatbaho buyumlar tayyorlash mumkinligini namoyish etmoqda. Golivudda o’tgan bu yilgi “Oskar” taqdimoti marosimi uchun sahna dekoratsiyasini mana shu ikki kompaniya 45 million dona billur bilan yaratishga muvaffaq bo’ldi.
“Me’morchilikda billur hisobiga ular dizaynga hashamat, ko’rk, yorug’lik bag’ishlashyapti. Ayniqsa chiroqlar yordamida. Zamonaviy qandil va chiroqlar dizayni uchun billur juda muhim. Buni dizayner Derek Makleynning “Oskar” taqdimoti uchun yaratgan sahnasi dizaynidan ham ko’rsa bo’ladi”, - deydi “Orion HD” firmasidan Laura Keytlin.
Savdo ko’rgazmasi AQSh, Kanada va Meksika kompaniyalari uchun o’tkazilgan bo’lsa-da, sohaning boshqa mamlakatlardagi vakillari ham unga katta qiziqish bildirdi.