Yevropa Ittifoqi Amerikaning bir necha milliard dollarlik mahsulotlariga, xususan, jinsi kiyimlar, burbon viskilari va mototsikllarga yangi tariflar qo'yilishini bildirdi.
Bu chora AQSh Prezidenti Donald Tramp tomonidan po'lat va alyuminiyga joriy etilgan bojga javoban amalga oshirilgani aytilmoqda.
AQSh ikki haftadan so'ng 30 milliard dollarlik Xitoy mahsulotlaridan ham import boji olishni boshlaydi.
Pekin ham o'z navbatida javob choralari ko'rilishi haqida ogohlantirgan. Bu dunyoning eng katta ikki iqtisodiyoti o'rtasida savdo urushini keltirib chiqarishi mumkin.
AQSh Savdo palatasi vitse-prezidenti Jon Merfining aytishicha, iyul oyining oxirigacha xorijda 75 milliard dollarlik AQSh mahsulotlariga yangi import bojlari joriy etilishi mumkin.
"AQSh tariflash usullarini suiiste'mol qilib, butun dunyo bo'ylab savdo urushlari boshlayapti", - dedi Xitoyning Savdo vazirligi so'zlovchisi.
Moliyaviy tahlilchi Mayk van Dulkenning aytishicha, AQSh va Xitoy o'rtasidagi mojaro qanchalik davom etishi va uning global iqtisodiyotga qanday ta'sir qilishi hali aniq emas.
Tramp prezidentlik saylovi paytida AQShdan o'z manfaati yo'lida foydalanib kelgan mamlakatlarga yangi bojlar solishini aytgan edi.
"Buyuk depressiya davridan beri bunaqasini hech qachon ko'rmaganmiz", - deydi Sirakuz universiteti tadqiqotchisi Meri Lavli.
Kuzatuvchilar fikricha, boshqa davlatlarning Tramp talablariga itoat etishi juda qiyin. Bu esa dunyo bo'ylab savdo mojarolarining avj olib, global iqtisodiyotning izdan chiqishiga sabab bo'lishi mumkin.