AQSh Prezidenti Donald Tramp Kanadaning Kvebek shahrida o’tgan Katta Yettilik guruhi sammitida qabul qilingan yakuniy bayonotga qo’shilmasligini ma’lum qildi. Tramp Kanada Bosh vaziri Jastin Trudoning sammitdan keyin bergan matbuot anjumanidagi ba’zi bayonotlaridan norozi.
Xususan, Trudo Kanadaning alyuminiy va po’latiga AQSh qo’ygan tariflar haqoratli ekanini aytgan. Uning “Amerika boshimizga chiqib oldi” degan gaplari ham Trampga yoqmagan.
Trampning iqtisodiy maslahatchisi Larri Kudlouning aytishicha, Katta Yettilik majlislarida o’zini muloyim tutgan Trudo Tramp Shimoliy Koreya rahbari Kim Chen Un bilan muloqot uchun Singapurga uchib ketishi bilan matbuot anjumanida AQShni tanqid qila ketdi.
“Trudo orqamizga xanjar urdu”, - dedi Kudlou.
Uning aytishicha, Kvebekdagi muzokaralar paytida Tramp guruhga a’zo mamlakatlarni barcha tariflarni bekor qilishga, erkin savdoga da’vat etdi, qo’shma bayonotni tayyorlashda faol ishtirok etdi, ammo Trudo o’z saylovchilariga kuchli ko’rinish uchun havaskor siyosatchilarga xos uslubni qo’lladi.
Tramp nazarida, AQSh tariflari Kanada bojlariga javob bo’lgan.
“Kanada Amerika fermerlari, ishchilari va kompaniyalariga yirik miqdorda tariflar joriy etgan, sut mahsulotlarimizga 270 foizlik boj qo'ygan. Biz bunga javob berdik, xolos. Trudoning bu ishi esa xiyonat”, - dedi Tramp.
AQSh rahbari o’z vakillariga sammitning an’anaviy qo’shma bayonotini imzolamaslikni hamda Kanadadan Amerikaga import qilinayotgan avtomobillarga tarif qo’yish ehtimolini o’rganib chiqishni buyurgan. Kanada va Yevropa Ittifoqi javob tariqasida AQSh mahsulotlariga boj qo’yishga hozirlanmoqda.
Trudo AQSh prezidenti va rasmiylarining bu hujumlariga javob bermasdan sammit muvaffaqiyatli o’tganini ta’kidladi.
Tramp sammit paytida Rossiyani guruhga qaytarib, Katta Sakkizlik formatini tiklashni ham taklif qildi, biroq guruhning qolgan olti a’zosi bu taklifni qo’llab-quvvatlamadi.
Rossiya 2014-yilda Qrimni o’ziga qo’shib olganidan so’ng Prezident Barak Obama tashabbusi bilan Katta Sakkizlikdan haydalgan. Xitoyda Shanxay Hamkorlik Tashkiloti (ShHT) sammitida qatnashgan Vladimir Putin Trampning bu taklifni ijobiy qabul qildi.
“Biz “sakkizlik”dan chiqmaganmiz. Hamkorlarimiz o’shanda Rossiyaga kelishdan bosh tortishdi. Biz barchangizni Moskvada ko’rishdan mamnun bo’lamiz”, - dedi Putin.
Unga ko’ra, ShHTga a’zo mamlakatlar xaridorlik quvvati bo’yicha Katta Yettilik davlatlaridan o’zib ketgan.
“Ular boy bo’lsa ham iqtisodiyot hajmi bo’yicha ShHTdan ortda. Bizning tashkilot dunyo aholisining yarmini tashkil etadi”, - dedi Putin.
Rossiya Katta Sakkizlikdan haydalishidan oldin guruh raisi sifatida Putin a’zo davlatlar rahbarlarini Sochida qabul qilishga hozirlanayotgan edi, biroq Qrimdagi referendum ketidan G’arb mamlakatlari va AQSh Rossiya bilan guruh doirasida hamkorlikni to’xtatishga qaror qildi.
Facebook Forum