AQShda qamoqdan chiqqan sobiq mahbuslarning hayotga yangidan ko'nikishi qiyin bo'ladi. Nafaqat jamiyatga qo'shilish masalasida, balki ish topishda ham ular ko'p mashaqqatlarga duch keladi. Klivlenddagi restoran egasi aynan shu muammoga e'tibor qaratmoqda. U sobiq mahkumlarni ish bilan ta'minlamoqda.
Brendon Edvin Ogayo shtatida restoran ochgan. Boshqa bizneslardan farqli o'laroq, u sobiq mahbuslarni ishga olishdan cho'chimaydi.
"Kimgadir yana imkoniyat berish orqali uni qo'llab-quvvatlayotganingizni ko'rsatasiz", - deydi u.
Edvin Detroyt shahrida ulg'aygan. 17 yoshida giyohvand moddalarga aralashib, 10 yillik qamoq bilan yuzlashgan, ammo kuzatuv sharti bilan ozodlikda qolgan.
Shundan so'ng u oshpazlik olamiga kirib keldi. Olti oylik maxsus kurs tashkil etib, sobiq mahkumlarga ham shu kasbni o'rgatishga qaror qildi. Dasturni bitirganlar Edvins restoraniga ishga qabul qilinadi. Kurs jinoiy o'tmishi bois ish topishga qiynalayotgan sobiq mahbuslar uchungina ochiq.
"Jinoyat qilganingiz uchun ish topa olmayotgan bo'lsangiz, bizda 54 ta ish o'rni sizni kutib turibdi. Odamlar keladi, ularni olti oy tayyorlaymiz. Olti oydan so'ng ish joyi tayyor. Kimnidir yuqori malaka bilan ta'minlasangiz, unga doim ish topiladi. Xuddi professional sportchilar kabi", - deydi Edvin.
Mahalla-ko'y Edvinning ishidan mamnun.
"Cherkov sifatida biz odamga yana imkon berish kerak, degan gapga ishonamiz. Edvin sizning qiymatingiz qilgan noto'g'ri ishingizda emas, demoqda. Hayotni o'zgartirish mumkin. Bu yerda ishlayotgan ko'plab odamlar, agar shu imkoniyat berilmaganda, hozir ko'chada bo'lardi. Uysiz odamga aylanardi. Biz ular muvaffaqiyat qozonishiga yordam beramiz. Odam qilgan xatosini tuzatib, o'zgara olishiga ishonamiz", - deydi ruhoniy Daniel Shlegel.
Edvinning oshpazlik kursida qatnashayotganlar imkoniyat berilganidan mamnun va restoran qilayotgan ishni qadrlashlarini aytadi.
"Yelkamizda mas'uliyat bor. Eplolmaysan, deganlarning nohaq ekanini isbotlashimiz kerak. Chunki biz ko'p muammolarga yo'liqqanmiz, ayrim ishlarni qilib qo'ygan odamlarmiz. Endi esa hayotimizni qayta boshlamoqchimiz. Biz buni qila olishimizni isbotlashimiz kerak", - deydi sobiq mahkum Jeremi Metyus.
Edvin oshpazlik kursini muvaffaqiyatli tamomlaganlarni va jinoiy hayotga ortiq qaytmaydiganlarni ish bilan ta'minlashga va'da bermoqda. Bu esa hayotini yangidan qurishga ahd qilgan Jeremi Metyus kabi sobiq mahkumlar uchun ayni muddao.