Yevropa Ittifoqi Tramp tanqidlaridan norozi

  • Amerika Ovozi

Tramp Yevropa safarida

Yevropa Kengashi Prezidenti Donald Tusk AQSh rahbari Donald Trampning NATOga oid tanqidlarini asossiz deb atadi. Tramp NATO a'zolarini harbiy alyans mudofaasi uchun yetarli darajada mablag' ajratmayotganlikda ayblagan edi.

"AQShning Yevropadan ko'ra yaxshiroq ittifoqchisi yo'q va bo'lmaydi. Biz mudofaa uchun Rossiyadan ko'proq va Xitoy bilan teng mablag' sarflayapmiz. Bu xavfsizligimiz uchun sarmoya ekanini tushunasiz, degan umiddaman. Rossiya va Xitoy haqida esa bunday deb bo'lmaydi", - deya yozdi u "Twitter" orqali.

Tusk Trampni AQSh-NATO aloqalarini qadrlashga undagan. "Bunday do'stlaringiz shundoq ham ko'p emas", - deya qo'shimcha qiladi u.

NATO yetakchilari bilan uchrashuvga jo'nab ketish oldidan Tramp Taskning fikrlariga munosabat bildirdi.

"Ittifoqchilarimiz ko'p, lekin bizdan foydalanib qolishlariga yo'l qo'ymaymiz. Yevropa Ittifoqi bizdan foydalanyapti", - dedi Tramp.

Tramp bundan avvalroq "Twitter" orqali NATO a'zolarini yana bir bor tanqid ostiga olgan edi.

"AQSh ularni himoya qilish uchun boshqa davlatlarga qaraganda bir necha barobar ko'p mablag' sarflamoqda. AQSh soliq to'lovchilari uchun bu adolatdan emas. Buning ustiga biz Yevropa Ittifoqi bilan savdo bo'yicha 151 mlrd. dollar kamomadga egamiz", - deb yozdi u.

2017-yil prezident etib saylangandan so'ng Tramp NATO ittifoqchilarini himoya qilish masalasida AQSh o'z ahdiga sodiq ekanini aytgan, ammo ayni paytda a'zo mamlakatlarning mudofaa uchun kam mablag' ajratayotganini tanqid qilib kelayotgan edi.

NATO ma'lumotiga ko'ra, 2017-yil alyans xarajatlarining 70 foizini AQSh moliyalagan.

NATOning 29 a'zosi ittifoq uchun o'z iqtisodiyotlari hajmidan kelib chiqib ulush ajratadi. 2006-yil ular yalpi ichki mahsulotlarining 2 foizini ajratish bo'yicha kelishib olgan va buni 2024-yilgacha amalga oshirish rejalangan. NATO hisob-kitobiga ko'ra, barcha a'zo davlatlarning buni uddalashi dargumon.

Bir oy avval Kanadada o'tgan Katta Yettilik yig'ini ham kelishmovchilik bilan yakun topgan edi. Tramp anjuman oxirida qabul qilingan qo'shma bayonotni ma'qullamay, Kanada Bosh vaziri Jastin Trudoni "Juda nosamimiy va zaif" deb atagan edi.

Bryussel anjumani ortidan Tramp Britaniyaga safar qilib, u yerda Bosh vazir Tereza May va Qirolicha Yelizaveta II bilan uchrashadi. Shundan so'ng AQSh rahbari Xelsinkiga jo'nab, 16-iyul kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashishi belgilangan.