AQSh va Rossiya prezidentlarining Xelsinki uchrashuvida Afg’oniston va Markaziy Osiyodagi vaziyat kun tartibiga kiritilmagan, ammo uchrashuv natijalari, muzokaralarning qanday o’tishi Markaziy Osiyo uchun ham muhim hisoblanadi.
Your browser doesn’t support HTML5
Siyosiy sharhlovchi Kamoliddin Rabbimov bu haqda shunday deydi:
“Sammit natijalari postsovet hudud, jumladan, Markaziy Osiyo uchun ham jiddiy ahamiyatga ega. Agar e’tibor berilsa, sobiq ittifoq qulaganidan buyon AQSh va Rossiya prezidentlari birinchi marta ikki yil davomida uchrashishmadi. Avval bunday uchrashuvlar yil davomida o’tkazib turilgan. Mana ikki yil o’tib Tramp va Putin uchrashyapti, natijada Putin bilan uchrashmaslik bo’yicha AQShda shakllangan pozitsiyaning ham o’zgarishi kutilmoqda. Ekspertlar Trampning yondashuv uslubi bo’yicha turli fikrlar bildirishmoqda, ya’ni u muzokara orqali kelishuvga erishishni mahorat sifatida qabul qiladi, bu borada yon bosishga ham tayyor, deb ko’riladi. Shunday ekan, Rossiya tomonida Ukraina, postsovet hududda ta’sir doirasini bo’lib olishga doir biror g’oya bo’lsa, Putin bundan unumli foydalanishi mumkin degan qarash bor. Albatta, bu dastlabki uchrashuv, uning qanday natijalar bilan tugashi keyingi vaziyatni belgilab beradi”.
Rossiya tomonidan 2014-yilda amalga oshirilgan Qrim ishg’oli xalqaro hamjamiyat tomonidan keskin qoralandi, AQSh, Yevropa Ittifoqi Rossiyani xalqaro qonunchilikni qo’pol ravishda buzishda, mustaqil davlatning hududiy yaxlitligiga tahdid qilishda ayblab sanksiyalar joriy etdi. Rossiya ta’sir doirasi ostida qolayotgan Markaziy Osiyo bu ishg’olga qarshi ochiq norozilik bildirmagan, hatto ayrim davlatlar Qrimni Rossiyaning tarkibiy qismi sifatida tan olishgan bo’lsa-da, mintaqa Rossiyaning navbatdagi hududiy e’tirozlariga nishon bo’lishi mumkinligi haqida jiddiy xavotirlar yuzaga chiqdi.
Xelsinki uchrashuvida Tramp tomonidan Putinga nisbatan ehtimoliy mulozamatlar yog’dirilishi tahdidga, ishg’olga asoslangan Rossiya siyosatini dastaklash ishorasini berishi mumkin, jumladan, o’z hududiy suverenitetidan xavotirda turgan uchinchi davlatlar uchun ham.
“Markaziy Osiyo siyosiy elitasi bu uchrashuvni, albatta, jiddiy kuzatmoqda, chunki AQSh prezidenti, mayli u Vashingtonning o’zida qanchalik marginal ko’rilmasin, nihoyatda qudratli shaxs, ayniqsa, tashqi siyosat masalasida. Markaziy Osiyo davlatlari uchun AQSh birinchi galda ularning suvereniteti, mustaqilligini qabul qilishi bilan diqqatli. Sobiq ittifoq qayta tiklanmasligi uchun AQSh ham, Yevropa ham mintaqaga strategik yondashib keldi. Albatta, Trampning Putin bilan munosabati iliqlashishi bu davlatlar mustaqilligiga jiddiy tahdid solmaydi, lekin mintaqa davlatlarini tashqi siyosatidagi ohangi o’zgarishi ancha soya solishi mumkin. Tramp va Putin o’rtasidagi o’zaro kelishuv ijobiy va yuqori darajada bo’lsa, Putinning Ukrainaga nisbatan bo’lgan agressiv siyosati yana kun tartibiga qaytishi mumkin. Ukrainada keyin Rossiyaning salohiyatiga jiddiy zarba yetkazildi, Obama aslida bunga erishgan edi. Albatta, Tramp Rossiyaga nisbatan sanksiyalarni bir tomonlama olib tashlolmaydi, lekin Putinning o’ziga nisbatan ishonchi ortishida rol o’ynashi mumkin”, - deydi Kamoliddin Rabbimov.